16:25 / 14.04.2020
6016
Xorijdagi vatandoshlar «Koronavirusga qarshi O‘zbekiston bilan birga» xayriya aksiyasini o‘tkazmoqda

Shu kunlarda Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh, Italiya, Shveytsariya, Belgiya, Lyuksemburg, Niderlandiya va Daniyada yashayotgan o‘zbekistonliklar «Koronavirusga qarshi O‘zbekiston bilan birga» («COVID-19: Solidarity with Uzbekistan») xayriya aksiyasida ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasidan Kun.uz`ga ma'lum qilishlaricha, ular orasida tadbirkorlar, bank xodimlari, huquqshunoslar, kompyuter dasturchilari, universitet o‘qituvchilari va talabalar, oddiy haydovchi va quruvchilar ham bor.

Aksiyadan maqsad – O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy jihozlar yetkazish va vatandagi nochor oilalarga yordam qo‘lini cho‘zish.

Qayd etilishicha, xayrli ishga qo‘shilmoqchi bo‘lgan vatandoshlar «Gofundme» Internet sahifasi orqali Londonda joylashgan «Bilim» O‘zbek madaniyat markazi hisobiga o‘z imkoni darajasida pul ko‘chirishi mumkin.

Ayni sahifada qancha mablag‘ yig‘ilgani va kim tomonidan ehson qilinganini onlayn rejimda kuzatib borish mumkin.

Bugun Toshkent vaqti bilan soat 16:00 holatiga, aksiyada 93 kishi qatnashgan bo‘lib, jami 8200 funtga yaqin mablag‘ yig‘ilgan.

Ma'lum qilinishicha, yig‘ilgan mablag‘lar qanday sarf etilayotgani xususida tashkilotchilar tomonidan Facebook va Telegram-kanali orqali batafsil axborot berib boriladi.

«Karantin sharoitida yashayotgan insonlarning oz bo‘lsa-da kayfiyatlarini ko‘tarish uchun tadbir doirasida taniqli o‘zbek san'at va sport ustalari hamda oshpazlari tomonidan onlayn mashg‘ulotlar o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.

Xayriya aksiyasiga Germaniya, Rossiya, Osiyo va arab davlatlarida yashayotgan vatandoshlarimiz ham qiziqish bildirishmoqda.

Tadbirning yana bir asosiy maqsadi – millatimizning jipsligini ko‘rsatish, og‘ir sinov davrida o‘zbek farzandlari dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin, bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z Ona-Vatanlariga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini namoyon etish.

Ta'kidlash lozimki, vatandoshlariminig bu tashabbusi O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik muassasalari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda va tashkilotchilarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilmoqda», – deyiladi xabarda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top