09:16 / 15.04.2020
14124
BMT Trampning JSST bo‘yicha qaroriga munosabat bildirdi

Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSh prezidenti Donald Trampning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) budjetiga badallar to‘lashni to‘xtatib qo‘yish haqidagi qaroriga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda BMT saytida xabar qilingan.

Foto: REUTERS

«Hozir JSST yoki virus bilan kurashayotgan boshqa istalgan gumanitar tashkilotning ishi uchun mablag‘larni qisqartirish vaqti emas», - dedi Guterrish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, JSST qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishi kerak. «Dunyo COVID-19 bilan jangda g‘alaba qozonishi juda muhimdir. Avval ham aytib o‘tganimdek, hozir bu virus va uning halokatli oqibatlarini to‘xtatish uchun birlashish hamda birgalikda ishlash vaqti keldi», - deya ma'lum qildi BMT bosh kotibi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida Vashington JSST budjetiga badallar to‘lashni to‘xtatayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u surishtiruv o‘tkazilishidan oldin o‘z ma'muriyatiga tegishli buyruq bergan. Davlat rahbari ushbu qaror JSST «asosiy majburiyatlarini bajarmaganligi va javobgar bo‘lishi kerakligi» tufayli qabul qilinganini ta'kidladi.

Trampning fikriga ko‘ra, tashkilotning xatti-harakatlari Xitoyning COVID-19 koronavirusi haqida «noto‘g‘ri ma'lumot tarqatishiga»ga yordam berdi, bu kasallik ko‘proq avj olishiga olib keldi.

JSSTning 14 apreldagi ma'lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 1,8 million kishidan oshdi. 117 mingdan ortiq odam vafot etdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top