18:17 / 15.04.2020
19218

Deputat Doniyor G‘aniyev aholining ijtimoiy zaif qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar bildirdi

Hukumat karantin tufayli ish joyi va kunlik daromadini yo‘qotgan oddiy fuqarolarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi kerak, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev.

Foto: KUN.UZ

Deputat Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu chora-tadbirlarning zarurati va uning qay ko‘rinishlarda bo‘lishi kerakligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Ayni damda butun dunyo og‘ir ahvolga tushgan. Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab davlatlarda qat'iy karantin choralari joriy etilib, odamlarni erkin harakat qilishi cheklangan. Xizmat ko‘rsatish va turizm, aviatsiya va transport sohalari, ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Natijada butun dunyo iqtisodiyoti katta zarar ko‘rmoqda, bir necha o‘n millionlab insonlar o‘z ishi va daromadini yo‘qotib, iqtisodiy og‘ir vaziyatda qolmoqda.

 Ming afsuski, bu fojia mamlakatimizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Yuqoridagi holatlar bizga ham begona emas.

 Shu bilan birga alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston prezidenti va hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga, aholi farovonligi va turmush tarziga salbiy asoratlarini kamaytirish maqsadida ilk kunlardanoq amaliy harakatlar boshlanib, chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19 martda va 3 apreldagi farmoni asosida milliy iqtisodiyotning tayanchi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari, sanoat korxonalari, turizm va xizmat ko‘rsatish sub'yektlari, eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 32 trillion so‘mlik chora-tadbirlar belgilandi. Kichik va o‘rta tadbirkorlik sub'yektlari uchun soliq imtiyozlari, ularning kredit to‘lovlarini kechiktirish, banklarning likvidlik darajasini oshirish, zarur iste'mol tovarlari uchun bojxona bojlari va aksiz soliqlarini bekor qilish, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini va muddatini kengaytirish kabi chora-tadbirlarga qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutildi.

 Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston prezidenti tomonidan ko‘rilayotgan bu chora-tadbirlar epidemiologik vaziyatning milliy iqtisodiyotimizga salbiy ta'sirini kamaytirish, iqtisodiyotni zarur moliyaviy resurslar va likvidlik bilan ta'minlash hamda bular orqali qisqa fursatlarda iqtisodiy barqarorlikni kafolatlash maqsad qilingan.

 Albatta, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlarni to‘g‘ri deb bilaman va to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Lekin shu bilan birga, bir narsaga e'tibor qaratmoqchiman. Yuqoridagi chora-tadbirlar asosan tadbirkorlik sub'yektlari va yirik davlat korxonalarini qo‘llab quvvatlashga qaratilgan. Bu esa, o‘z navbatida, aholining nisbatan ijtimoiy zaif qatlami, ya'ni karantin tufayli ish joyi va kunlik daromadini yo‘qotgan oddiy fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilishini talab etadi», – dedi u.

 Doniyor G‘aniyev bu chora tadbirlarning zarurati borasida to‘rtta asosiy sababni keltirib o‘tdi.

 «Birinchidan, aholining bu qatlami tadbirkorlik sub'yektlari egalariga nisbatan kam pul jamg‘armalari to‘plagan bo‘ladi. Natijada ishsiz, kunlik daromadsiz va xorijdagi yaqinlaridan keladigan pul jo‘natmalarisiz qolgan bu odamlar uzoq vaqt karantin qoidalariga amal qilib, uyda qolish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Ular karantin qoidalarini buzishga va pul topish maqsadida ish axtarib ko‘chaga chiqishga majbur bo‘ladilar. Bu esa o‘z navbatida mamlakat bo‘ylab katta xarajat va zararlar evaziga joriy etilayotgan karantin samaradorligini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

 Ikkinchidan, mamlakatimizda karantin cheklovlari joriy etilganiga allaqachon bir necha hafta bo‘lgani aholining katta qismida, ayniqsa o‘z tomorqasiga yoki qo‘shimcha daromadga ega bo‘lmagan, ko‘p qavatli uylarda yashaydigan qatlamning pul jamg‘armalari tugab borayotgani, ularning birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishi kundan kunga qiyinlasha borayotganini taxmin qilish qiyin emas. Qolaversa, Xitoy tajribasi va boshqa davlatlarda virusga qarshi kurashda qo‘llanilayotgan chora-tadbirlardan ko‘rinib turibdiki, karantin cheklovlari qachon tugashi noma'lum va yana 4-6 haftaga cho‘zilishi mumkin.

Uchinchidan, iqtisodiyotdagi talab va taklif. Ertaga karantindan so‘ng, xizmat ko‘rsatish sohasidagilar, sanoat korxonalari o‘z faoliyatini tiklab, taklifni ta'minlasa-da, lekin odamlar qo‘lida pul bo‘lmasa, taklif etilayotgan xizmat va mahsulotlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, ya'ni bozorda talab bo‘lmasa, iqtisodiy tanazzuldan chiqish jarayoni yanada cho‘zilib, hukumat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasini kamaytirishi mumkin.

To‘rtinchidan, keynsizm (britaniyalik iqtisodchi Jon Meynard Keyns tomonidan ilgari surilgan) ta'limotiga ko‘ra, iqtisodiy turg‘unlikni yengib o‘tib, iqtisodiy o‘sishga erishishda davlatning roli va uning aralashuvi (monetar va fiskal dasturlar orqali) muhim omil hisoblanadi. Dunyo tarixidagi eng katta iqtisodiy inqirozlardan biri sifatida nom olgan, o‘tgan asrning 30-yillaridagi «Buyuk depressiya»ni yengib o‘tishda bu nazariya qo‘l kelgan. Qolaversa, davlat tomonidan ajratilgan yoki sarflangan har bir dollar iqtisodiyotda zanjir effekti orqali YaIMda ikki barobargacha qo‘shimcha qiymat yaratilishiga hissa qo‘shishi mumkin.

Shuningdek, aholi tomonidan iste'mol mahsulotlariga sarflanadigan mablag‘ning 15 foizi QQS shaklida hamda boshqa soliqlar shaklida davlat g‘aznasiga qaytishini inobatga olinsa, aholini ishsizlik nafaqasi bilan ta'minlash iqtisodiyotni jonlashtirishdagi hukumat tomonidan qo‘llaniladigan muhim va samarador stimullardan biri bo‘lib xizmat qiladi», – dedi G‘aniyev.

U yuqoridagilardan kelib chiqib, aholining ijtimoiy zaif qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif qildi.

«Birinchi navbatda qonuniy mehnat shartnomasi asosida faoliyat yuritib, yagona ijtimoiy to‘lov (ish beruvchi tomonidan) va daromad soliqlari to‘lab borgan, lekin hozirda ish o‘rnini yo‘qotgan yoki to‘lovsiz mehnat ta'tiliga chiqarilgan barcha fuqarolarga karantin muddati davomida ishsizlik nafaqasi avtomatik tarzda to‘lanishi lozim.

Bunda ishsizlik nafaqasi eng kam ish haqi miqdoridan (taxminan 680 ming so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi mumkin.

Ikkinchidan, bugungi kunga qadar «yashirin iqtisodiyot»da faoliyat yuritib kelgan (ya'ni ish haqini konvertda olgan va topilgan daromadlaridan tegishli soliqlarni to‘lamagan), lekin hozirda ishidan ayrilgan fuqarolarga hamda asosiy boquvchisi xorijda mehnat qiladigan oilalarga foizsiz ssuda tarzida yordam pulini ajratishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Bunda fuqarolarga berilgan yordam pulini kelasi 6-12 oy ichida qaytarish imkoniyati berilishi mumkin.

Qolaversa, yordam pulini bu tarzda (ya'ni qaytarish sharti bilan) berilishi o‘z navbatida fuqarolarga qonuniy tarzda soliqlar to‘lab mehnat qilishning afzalligini anglab yetishga, kelajakda xufyona iqtisodiyotning qisqarishiga ham ijobiy turtki bo‘lishi mumkin», – dedi deputat.

Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, taklif qilinayotgan ushbu zarur tadbirlar nafaqat aholining ijtimoiy zaif qatlamini himoya qilishga, balki fuqarolar tomonidan karantin qoidalariga qat'iy amal qilib, uyda o‘tirishiga hamda karantindan so‘ng milliy iqtisodiyotimizni qisqa fursatlarda «oyoqqa turib olishiga» ham xizmat qiladi.

«Umid qilamanki, ko‘plab mutaxassis va jamoatchilik vakillari tarafidan berilayotgan takliflarni inobatga olib, hukumatimiz tomonidan yaqin kunlarda aholini ijtimoiy zaif qatlamlarini yanada qo‘llab-quvatlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, joriy etiladi», – dedi deputat Doniyor G‘aniyev so‘zi yakunida.

 Eslatib o‘tamiz, Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov aholini qo‘llab-quvvatlashning 2-3ta usuli ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qilgan.

 Qo‘chqorov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytgandiki, hozirda hukumatda bolalar yoki oilalarga pul tarqatish variantlari bor.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top