18:10 / 15.04.2020
5026
JSST Trampning qarori tufayli budjetining 14 foizdan ortig‘ini yo‘qotishi mumkin

AQSh 2018-2019 yillarda JSSTga 553,1 million dollar o‘tkazgan – bu tashkilot budjetining 14,67 foizini tashkil etadi.

Foto: AP Photo / Patrick Semansky

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) AQSh prezidenti Donald Trampning tashkilotga badal to‘lashni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori tufayli budjetining 14 foizidan ortig‘ini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda JSST ma'lum qildi.

JSST budjeti majburiy va ixtiyoriy badallar hisobiga moliyalashtiriladi. Davlatlar tashkilotga a'zo bo‘lish uchun majburiy badal to‘laydi. Majburiy badal miqdori har bir davlatning farovonligi va aholisidan kelib chiqib belgilanadi.

Statistikaga ko‘ra, AQSh 2018-2019 yillarda JSSTga 553,1 million dollar o‘tkazgan – bu tashkilot budjetining 14,67 foizini tashkil etadi.

JSSTga 2018-2019 yillarda eng ko‘p pulni ikkinchi o‘rinda Bill va Melinda Geyts fondi o‘tkazgan. Ular taqdim etgan mablag‘ tashkilotning 9,76 foiz budjetiga teng. Keyingi o‘rinda esa 8,39 foiz ulush bilan Vaksinalar va immunizatsiyalar bo‘yicha global alyans joylashgan.

JSSTni moliyalashtirish miqdori bo‘yicha davlatlar orasida ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniya qayd etilgan (293,5 million dollar yoki budjetning 7,79 foizi), uchinchi o‘rinda esa Germaniya joylashgan (292,1 million dollar yoki 5,86 foiz).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington JSST budjetiga badallar to‘lashni to‘xtatayotganini ma'lum qilgandi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u surishtiruv o‘tkazilishidan oldin o‘z ma'muriyatiga tegishli buyruq bergan. AQSh rahbari ushbu qaror JSST “asosiy majburiyatlarini bajarmaganligi va javobgar bo‘lishi kerakligi” tufayli qabul qilinganini ta'kidladi.

Top