15:36 / 15.04.2020
23080
Kattaqo‘rg‘ondagi portlashga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilindi

Xonadon egalari gaz plitasiga choynakda suv qo‘yib, oshxonani tark etganlar. Suv qaynagach, xonadon egalari tomonidan o‘z vaqtida o‘chirilmaganligi sababli, qaynayotgan suv toshib, olovni o‘chirgan

Foto: FVV matbuot xizmati

Joriy yilning 12 aprel kuni ertalab chamasi 07:20lar atrofida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi ikki qavatli turar-joy binolaridan birida havo-gaz aralashmasi natijasida chaqnash sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

Ushbu holatni o‘rganish bo‘yicha «Hududgaz Samarqand» MChJ bosh direktori Xolmurod Bobomurodov boshchiligida mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. «Hududgazta'minot» AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganish davomida quyidagilar aniqlandi.

Chaqnash sodir bo‘lgan ushbu ikki qavatli, yerto‘lasiz hamda ikkita kirish yo‘lagiga ega turar joy binosi 1960 yilda qurilgan va gaz ta'minotiga ulangan. Xonadonlarda gaz plitalari mavjud, ammo, isitish tizimi mavjud emas.

«Hududgaz Samarqand» MChJ mutaxassislarining o‘rganish bo‘yicha xulosalariga ko‘ra, chaqnash sodir bo‘lgan xonadonda “Brest” markali to‘rt kamparaklik (ko‘zli) gaz plitasi barcha texnik talablarga javob bergan, xonadondagi gaz quvurlari ham soz holatda bo‘lganligi aniqlandi. 

Sodir bo‘lgan hodisaga esa gaz jihozlaridan foydalanishdagi ehtiyotsizlik sabab bo‘lgan. Xonadon egalari gaz plitasiga choynakda suv qo‘yib, oshxonani tark etganlar. Suv qaynagach, xonadon egalari tomonidan o‘z vaqtida o‘chirilmaganligi sababli, qaynayotgan suv toshib, olovni o‘chirgan. Gaz sizib chiqishining davom etishi natijasida, oshxonada xavfli havo-gaz aralashmasi to‘plangan. Xonadon egasi xonani shamollatmasdan turib, gugurt yoqib yuborgan va chaqnash sodir bo‘lgan. Natijada, xonadonda yashovchi uch nafar fuqaro halok bo‘lgan, to‘rt nafari esa turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. 

«Hududgazta'minot» AJ mamlakatning barcha fuqarolarini kundalik hayotda gaz va gaz jihozlaridan foydalanish qoidalariga qat'iy rioya qilishlari zarurligi haqida ogohlantirgan. Gaz jihozlarining tozaligi va barqaror ishlashi, oshxonadagi mo‘rikon va havo aylantiruvchi ventilyatsion kanallarni doimiy ravishda nazorat qilib borish, gaz plitalarini ustini begona narsalar bilan yopmaslik, yoniq gaz jihozlarini esa qarovsiz qoldirmaslikni eslatib o‘tgan.
 
Agar qishloq, mahalla, ko‘cha va xonadonda gaz sizib chiqish holati yoki boshqa nosozliklar aniqlansa, zudlik bilan 104 raqami orqali avariya-dispetcherlik xizmatiga, shuningdek, 1104 yoki (71) 200-08-04 raqamlari orqali xabar berish so‘ralgan.

Top