20:35 / 15.04.2020
127520

Koronainqirozni qanday yengish mumkin? Davlat e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan 5 yo‘nalish

Koronavirus insondan insonga yuqib, uning a'zolarini ishdan chiqargani kabi uning ortidan hosil bo‘lgan pandemiya butun jahondagi iqtisodiy va ijtimoiy tizimlarni falajlab qo‘yishga qodir.

Bu — global bo‘hron, uning ko‘lami moliyaviy (pul oqimlari va moliyaviy majburiyatlari bilan bog‘liq), iqtisodiy (ishlab chiqarish va iste'mol munosabatlari bilan bog‘liq), davlatchilik (xavfsizlik, ijtimoiy muhofaza, tibbiy yordam, ta'lim, ommaviy tartibni saqlash bilan bog‘liq) tizimlari uchun og‘ir sinov bo‘ldi.

Avvalgi davrda davlatning monetar choralar vositasida iqtisodni rag‘batlantirish orqali moliyaviy inqirozlar bartaraf etilardi. Bu safar karantin joriy qilingan sharoitda monetar va ma'muriy choralar bilan cheklanib bo‘lmaydi. «Yangi urush» yangicha strategik ko‘zlov va taktik yondashuvlarni talab qiladi.

Hozir har bir davlat o‘z imkoniyatlari va vaziyatidan kelib chiqqan holda turli yechimlarga qo‘l urmoqda. Ulardan qaysi birlari eng samarali ekanini aniqlash oson ish emas. Shu sababli jahon tajribasini kuzatish bilan birga o‘z imkoniyatlarimiz doirasida turli nostandart g‘oyalarga murojaat qilishdan qo‘rqmaslik kerak.

Inqirozni tez va samarali yengish maqsadida qaror qabul qiluvchilar besh yo‘nalishda ishlashlari kerak:

1. Pandemiya salbiy oqibatlarini bartaraf etish;

2. Xususiy sektor uchun shoshilinch yordam;

3. Iqtisodiy faollikni jonlashtirish;

4. Davlat xarajatlari manbalarini qayta ko‘rib chiqish;

5. Ma'suliyatli fuqarolik tashabbuslariga ochiq bo‘lish.

Endi shu besh yo‘nalishning har biridagi asosiy nuqtalarni o‘rganib chiqamiz:

1. Pandemiya salbiy oqibatlarini jamiyatda bartaraf etish.

Foto: Lintao Zhang / Getty Images

1.1. Karantin tufayli ishdan chetlansa-da, bandligi saqlangan aholining maosh to‘lovlarini davom ettirish kerak, bunda:

·       Ish faoliyati to‘xtatilmagan va/yoki masofali ishga o‘tgan korxonalar o‘z xodimlariga maoshlarni korxona daromadi hisobidan to‘laydilar. Bunday tashkilotlar uchun davlat tarafidan rag‘batlantiruv choralari ishlab chiqilishi lozim;

·       Faoliyati to‘xtagan korxonalar xodimlari maoshi davlat tarafidan foizsiz kredit va/yoki subsidiyalar hisobidan berilishi kerak. Xodimlar maoshni davlatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki aynan band bo‘lgan tashkilotlaridan olishlari lozim. Bu aholi va ish beruvchi bilan aloqa saqlanishini ta'minlaydi, institutsional aloqalar zaiflashuvining oldini oladi;

·       Mehnatga layoqatli, ammo ishsiz bo‘lgan aholiga bandlik xizmatlari orqali muntazam ravishda nafaqa to‘lash. Nafaqa miqdorini boquvchilari soni va hududiy iste'mol savatchasi asosida yangidan tayinlash. Iste'mol savatchasi karantin sharoitlariga muvofiq bo‘lishi kerak, ya'ni taom xarajatlaridan tashqari profilaktika, gigiyena va zaruriy tibbiy vositalar kiritilishi zarur.

·       Mehnatga layoqatsiz, qariyalar, ko‘p bolali, nogiron aholi toifalariga pullik va tovar ta'minoti ko‘rinishidagi nafaqani to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish. Yetkazib beruvchi transport, tibbiy va aloqa xizmatlarini bepul berish.

·       Maishiy xizmat to‘lovlari va olingan kredit majburiyatlarini qaytarish uchun karantin davriga ta'til e'lon qilish. Bu davr mobaynida hech qanday foizlar va jarimalar hisoblanmasligi lozim.

1.2. Aholini ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari.

·       TV, radio va internet orqali muntazam ravishda davlatning karantin choralari, ijtimoiy himoya va iqtisodiy qarorlari haqida aholini batafsil xabardor qilib turish.

·       O‘rinsiz xavotirli kayfiyatlarni bartaraf qilish uchun matbuotda mutaxassislarning fikrlari bilan tanishtirish.

·       Tahliliy fikrlash (critical thinking), faktlarni tekshirish (fact checking) ko‘nikmalarining eng asosiy uslublarini internet va televideniye orqali, ayniqsa yoshlar orasida keng targ‘ib qilish. Vahimali konspirologik va uydirma axborotga qarshi kurashish aholini informatsion va tahliliy fikrlash vositalari bilan qurollantirish orqali bo‘ladi.

·       «Munosabat» kabi ko‘rsatuvlarni masofali ko‘rinishda tashkil qilib, unga mutasaddilar, mutaxassislar, jurnalistlar va ijtimoiy faol shaxslarni chaqirib, dolzarb mavzularda bahs-munozaralarni tashkil etish. Bunday ko‘rsatuvlarda iloji boricha jonli va tomoshabinlar orasida so‘rovnomalar va savol-javoblar formatidan foydalanish.

Jamoatchilikni ishonchli ma'lumotlar, sog‘lom fikrlash uslublari, ochiq munozaralar bilan ta'minlab turish ishonchsizlik, bezovtalik kayfiyatlari va turli keraksiz xavotirlarni ketkazadi va eng muhimi, aholini ijobiy faollikka undaydi, davlatga nisbatan ishonchni saqlaydi.

2. Xususiy sektor uchun shoshilinch yordam.

·       Deyarli barcha korxonalar uchun kredit, ijara, mulkiy soliq to‘lovlari bo‘yicha karantin davriga ta'til e'lon qilish. Bu degani — yangi qarzlarni hosil qilib, ularning muddatlarini kechiktirish emas, balki aynan foiz va ijara hisoblari to‘xtatilishi zarurligini anglatadi. Karantindan oldin hosil bo‘lgan qarzlarni esa karantin davri tugagunicha qoldirish va eski qarzlarni yopish uchun qayta ko‘rilgan reja jadvallarini tuzish.

·       Faoliyati to‘xtab qolgan korxonalar xodimlarini ishdan bo‘shatmaslik sharti bilan ish haqi fondini saqlash uchun davlat mablag‘laridan moliyalashtirish.

·       Faoliyat yuritishga ruxsati va imkoniyati bo‘lgan korxonalarni tibbiy himoya vositalari, dezinfeksiya moddalari va ekspress-testlar bilan ta'minlash.

·       Pandemiya sharoitida faoliyati zaruriy bo‘lgan tashkilotlar xodimlari maoshlari uchun davlat fondidan qo‘shimcha nafaqa belgilash. Bu nafaqa qisman yoki to‘laligicha jismoniy shaxs daromad solig‘i hisobidan bo‘lishi ham mumkin.

3. Iqtisodiy faollikni jonlashtirish.

3.1. Masofali ish yuritish uslublarini qo‘llashni rag‘bantlantirish, buning uchun eng asosiylari:

·       Internet tezligini oshirishni ta'minlash;

·       Masofali ishni tashkillash amaliy tajribalarini keng targ‘ib qilish.

3.2. Karantin sharoitida va iste'molchilarning yangi zaruratlariga qaratilgan va informatsion texnologiyalar sohasida turli startap va tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy, ma'muriy va texnik rag‘batlantirish. Buning uchun xususiy va davlat moliyaviy sektorini jalb qilib, biznes-angel, venchur fondlarni tashkil qilish va yangi tadbirkorlar uchun ekspertlik yordamini tashkil qilish.

Karantin sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar ishlash uchun ruxsat so‘rovlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish, bunda asosiy e'tibor quyidagilarga qaratilgan bo‘lishi kerak:

·       Ijtimoiy muammolar, oziq-ovqat, tibbiy vositalar, zaruriy kiyim kechaklar), informatsion texnologiya va aloqa vositalari kabi mahsulot ishlab chiqarish yoki transport, tezkor yetkazib berish kabi xizmatlarga qaratilgan biznes bo‘lishi;

·       Eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish;

·       Biznes-jarayonlar epidemiya sharoitidagi maxsus sanitar talablariga javob berishi kerak. Masalan, xodimlar ish joylari orasidagi masofa 2 metr uzoqlikda bo‘lishi, maxsus himoya vositalari bilan ta'minlangan, dezinfeksiya vositalari bilan ishlov berilgan ish joylari, maxsus yo‘riqnoma joriy etilganligi va h.k.

·       Ijtimoiy tadbirkorlik, ya'ni tijorat prinsiplariga asoslangan ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan biznes g‘oyalarini targ‘ib qilish va rag‘batlantirish.

3.3. Pandemiya tufayli to‘xtab qolgan bizneslarni yangi yo‘nalishlarga moslashishga ko‘mak berish. Misol uchun, mehmonxonalarni xavfsizlik, epidemiologik xodimlar va volontyorlar uchun hordiq chiqarish maskanlari yoki shifoxonalardan yangi chiqqan yoki tibbiy kuzatuvda bo‘lgan bemorlar uchun muvaqqat maskan qilib o‘zgartirish. Mehmonxona xizmatlari va imkoniyatlari uchun mehmonxona egalariga me'yorli qiymatda davlat hisobidan haq to‘lash.

3.4. Qishloq xo‘jalik sanoati, tibbiy vositalar ishlab chiqaruvchilar, transport va logistika xizmatlari davlat miqyosida ustuvor tarmoqlar deb qabul qilinib, ularga turli fiskal va ma'muriy rag‘batlantirish paketlarini ishlab chiqish, ularni sanitariya xavfsizlik vositalari bilan ta'minlash.

3.5. Barcha boj to‘lovlarini prioritet va ijtimoiy ishlab chiqarishni jonlantiruvchi sohalardan ozod qilish. Bojxona rasmiyatchilik ishlarini yengillashtirish.

4. Davlat xarajatlari manbalarini ko‘rib chiqish

Inqirozga qarshi choralar davlat budjeti uchun og‘ir yuk bo‘lib ko‘rinadi, ammo ular amalga oshirilmasa, bu yukning vazni bir necha barobar o‘sib, uzoq muddatli kattaroq muammolar tug‘diradi.

Aksincha, ular amalga oshirilsa aholi o‘ziga va davlat tizimiga ishonchi kuchayadi, to‘lov qobiliyati saqlanib, tovar iste'molini to‘xtatmaydi va natijada pul aylanmasi davom etib, mamlakat iqtisodini jonlantirib turadi.

Albatta, hozirgi vaziyatda inqirozga qarshi choralar uchun mablag‘ manbasini belgilash eng qiyin masala ekanligi tushunarli. Ehtimol mazkur masalani yechishda quyidagi fikrlar foydali bo‘lar:

4.1. Davlat valuta zaxiralarining ma'lum qismi ehtiyotkorlik bilan inqirozga qarshi choralarni moliyalashtirish uchun manbalardan biri, deb ko‘rilishi kerak.

4.2. Davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektordan katta miqdorda moliyaviy tushum undirish mumkin. Undan tashqari, yangi mulkiy resurslar bilan boyigan xususiy sektorda ishlab chiqarish jadallashadi va bu o‘z navbatida soliq tushumlarini ko‘paytiradi.

4.3. Soliqlar tushumi: qabul qilingan budjetning xarajatlar qismi bilan birga daromad qismi tezda qayta ko‘rib chiqilishi kerak. 2020 yil budjet daromadi keskin tushib ketadi, sababi:

·       karantin sababli iste'mol kamayadi va egri (iste'mol) soliqlari ham kamayadi;

·       jahon bozorida gaz narxi va unga talab keskin tushib ketgani sababli eksport tushumlari va undan olinadigan soliqlar kamayadi;

·       korxonalar sof zararga kirib qolishadi, demak foyda solig‘idan tushum ozayadi.

Albatta, mahalliy va respublika budjetlari mutlaqo tushumsiz qoladi, deb hisoblash to‘g‘ri emas. Iste'mol, ishlab chiqarish va eksport faoliyatlari kamaysa-da, ular to‘xtab qolmaydi va ulardan ma'lum soliq tushumlari kelib turadi.

Muhimi — hozirgi vaziyatda korxonalar bo‘yniga soliq avans to‘lovlarini yuklamaslik, to‘lovlarni undirishda ma'muriy buyruqbozlik va kuch ishlatar tizimlar yordamida zo‘ravonlik amaliyotlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bular kontrproduktiv, zararli va samarasiz choradir. Kuch ishlatishning yuzaki natijasi ketidan yangi jiddiy muammolar tug‘iladi: korrupsiya urchiydi, korxonalar yopilib ketadi, natijada jamiyatda iqtisod falajlanib qoladi va davlat o‘z majburiyatlarini o‘tay olmay qoladi, jamiyatda davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati kuchayib ketadi.

Soliq tushumini ko‘paytirishga iqtisodga ijobiy rag‘bat berish orqali erishish mumkin, ya'ni:

·       Birinchidan, yuqoridagi bandlarda aytilgan tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish iqtisodga kuchli impuls beradi va natijada joriy vaziyat talabiga muvofiq ishlab chiqarishni keltirib chiqaradi, oqibatda biznes va aholining daromadi oshadi hamda iste'mol davom etadi.

·       Ikkinchidan, eksportdan ortib qolgan gaz resurslarini arzon narxlarda xususiy sektorlarga sotib, ularning tannarxini tushirish mumkin, bu ishlab chiqarish hajmini oshiradi va mahsulotlar tannarxi tushishi natijasida ko‘proq sof foyda topadi. Bu hol korxona daromad solig‘i tushumini ko‘paytiradi, mahsulotlar ko‘pligi inflatsiyani sekinlashtiradi va h.k.

Iste'mol va daromadlar soliq tushumining asosiy manbalaridir, zo‘ravonlik reydlari emas.

4.4. Davlat xarajatlari samaradorliligini oshirish. Quyidagi savollarga javob topish orqali davlat mablag‘larini tejash imkoniyatlarini topish mumkin:

a)    Davlat u yoki bu xizmat turini to‘xtatib tursa jamiyat uchun qanchalik ziyon yetadi? Agar to‘xtatishdan bo‘ladigan ziyon bo‘lmasa yoki minimal bo‘lsa, uni to‘xtatib, ozod bo‘lgan pul va mehnat resurslarni samaraliroq sohalarga yo‘naltirish zarur.

b)   Agar zaruriy davlat xizmati bo‘lsa uni qanday qilib samaraliroq bajarish mumkin, ya'ni kam xarajat bilan ma'lum maqsadga erishish yoki ma'lum xarajat bilan ko‘proq samaraga erishish mumkin?

c)    U yoki bu davlat xizmatini xususiy sektor bajara oladimi? Tender orqali xususiy sektordan bu xizmatlarni sotib olish mumkinmi? Davlat xizmatlarini xususiylashtirish orqali uning samaradorligi ustidan nazorat o‘rnatish mumkin, xususiy sektordagi raqobat mexanizmi bunda ijobiy rol o‘ynaydi.

Davlat hisobidan turli bayram tadbirlari, sport musobaqalarini karantindan keyin ham to‘xtatish kerak va bunday xarajatlar uchun kamida uch yil moratoriy e'lon qilish kerak.

4.5. Xalqaro yordam olish bo‘yicha samarali muzokaralar olib borish

·    Davlat va xususiy tashkilotlarning tashqi moliyaviy majburiyatlarini kechiktirilgan reja-jadvallarini qabul qilish haqida muzokara olib borish, foizni hisoblash ta'tiliga erishish, shartnomalardagi «fors-major» bandlaridan samarali foydalanishga intilish. Albatta, bunday xatti-harakat davlat reputatsiyasiga jiddiy ziyon yetkazmasligiga va xalqaro muassasalar nazdida muzokaralar «defolt» deb talqin qilinishiga yo‘l bermaslik kerak.

·    Xalqaro muassasalardan moliyaviy ko‘mak quyidagi shartlari bilan olinishi kerak:

·    Infratuzilmalarni yangilash va yangilarini xosil qilishga yo‘naltirilgan maqsadli foizsiz kreditlar;

·    Epidemiologik vaziyatni yumshatish va ijtmoiy tanglikni yengishga qaratilgan eng muhim tovar va xizmat xayriya ko‘magi;

·    Eng muhim iste'mol mahsulotlari va tibbiy vositalari tovar kreditini olish;

·    Maqolamizning 3-bandida aytilgan ijtimoiy va innovatsion tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llovchi venchur va biznes-angel jamg‘armalarini shakllantirishga qaratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.

Zaruriy bo‘lgan moliyaviy ko‘mak uchun eng asosiy ikki talabni ham aytib o‘tish kerak, bular:

1)   Moliyalashtirish maqsadli bo‘lishini nazorat qilish, buning uchun moliyalashtiruvchi mustaqil nazorat xizmatlaridan foydalanishlari mumkin;

2)   Uzoq muddatli infrastruktura va real sektor sohalarini «aqlli» mablag‘lar bilan sarmoyalash. Bu degani — investor nafaqat pul va moddiy resurslar bilan ko‘maklashishi kerak, balki konsultativ tavsiyalar, texnologik, iqtisodiy va tibbiy ekspertiza hamda texnik nazorat bilan ta'minlashiga erishish kerak.

Yevrobond kabi moliyaviy instrumentlar va foizli kreditlarga murojaat qilish bugungi kunda xatarlidir. Bunga sabab — foizli kredit olinganda uni qaytarish stavkasi va muddati ma'lum daromad progonozlari asosida belgilanadi. Bu prognozlarda noma'lumlik darajasi qanchalik yuqori (ya'ni risklar yuqori) bo‘lsa foiz stavkasi shuncha baland bo‘ladi.

Butun jahon global iqtisodiy inqirozga kirib borayotgan vaqtda noma'lumlik darajasi yuqori bo‘ladi va ko‘pgina mablag‘ qaytishi prognozlari noreal bo‘ladi. Undan tashqari, bunday kreditlar valuta xatarlariga to‘la bo‘ladi, ya'ni iqtisodiy qiyinchilikka duchor bo‘lgan davlatda ichki valuta xorijiy valutaga nisbatan qadrsizlanib boradi, davlatning daromadlari esa asosan milliy valutada shakllanadi, demak qaytarilayotgan kredit nafaqat foiz bilan, balki valuta kursi farqi bilan og‘irlashadi.

Foizli kreditlarni jalb qilish davlatning kelajagini qarzga botirish deganidir, kelajakda millat boyligi o‘zining ravnaqi va rivojlanishiga emas, balki qarzlarni qaytarishga sarf bo‘ladi, yangi qarzlar olishga sabab bo‘ladi. Bugungi kungacha defolt e'lon qilgan davlatlar tajribasi biz uchun ogohlantiruv bo‘lishi kerak.

5. Mas'uliyatli fuqarolik tashabbuslariga ochiq bo‘lish

5.1. Davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchli munosabatlar yangi inqirozdan katta talofatlarsiz chiqib, postpandemiya davriga kuchga to‘lgan holda kirishni kafolatlaydi. Buning uchun hukumat rahbariyati o‘z qarorlari xususida shaffoflik hamda tanqid-mulohazalar uchun ochiqlikni muntazam ravishda namoyon qilib turishi kerak.

Shu bilan birga jamoatchilik tarafidan chiqayotgan turli ko‘ngilli tashabuslarga ishonch bilan qarash va ijtimoiy og‘riqlarni yengishda ular bilan yaqin hamkorlikda bo‘lish ham to‘g‘ri yondashuvdir. Aynan shu jarayonda xalqda mas'uliyatli fuqarolik jamiyati hosil bo‘la boshlaydi.

5.2. So‘z va matbuot erkinligini to‘sish xalq orasida ishonchsizlikka olib keladi, bu esa odamlarning davlat va mutaxassislar tavsiyalariga binoan emas, balki o‘zlari bilganicha betartib harakat qilishlarini keltirib chiqaradi. Buning ta'siri karantin rejimi doimiy buzilishiga, iqtisodiy vaziyatning keskinlashuviga, ayniqsa narxlarning tez sur'atlarda o‘sishi va milliy valutaning qadrsizlanishi kuchayishiga salbiy turtki bo‘ladi.

5.3. Antikrizis faoliyatini yuritishda yana bir ijobiy imkoniyatdan foydalanish mumkin, bu — davlat xodimlari va jamoatchilik faollari orasida muammolarni samaralari hal qila oladigan, samarali boshqaruvchi iste'dodiga ega kadrlarni anqlashdir. Murakkab muammolarni hal qilish davlat va biznes uchun eng zarur bo‘lgan resurs — liderlar sinfini shakllantiradi.

Yuqoridagi tavsiyalar, albatta, bahsli xarakterga ega bo‘lishi va ba'zilari hisob-kitobli tahlilga muhtoj bo‘lishi tabiiydir. Lekin o‘ylaymizki, tezkor strategik va taktik qarorlarni aniqlash jarayonida rahbarlarning tasarrufida xilma-xil g‘oyalar va fikrlarning kritik massasi mavjud bo‘lishi kerak. Aynan shu g‘oyalar massasiga hissa qo‘shish niyati bilan mazkur maqola yozildi.

Jamshid Muslimov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top