17:32 / 15.04.2020
4970
Koronavirusga chalingan bemorlar bilan masofaviy so‘rov o‘tkazish uchun 170ta planshet ajratilgan

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov karantin hududlarining telekommunikatsiya ta'minoti yuzasidan axborot berdi.

«Respublikada karantin obektlari 129 ta simli va 56 ta mobil telefon aloqasi bilan ta'minlanib, uzluksiz ishlashi nazoratga olingan.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida tashkil etilgan idoralararo ishchi guruhlar shtablari telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta'minlandi. Bemorlar bilan masofadan tezkor so‘rov ishlarini amalga oshirish uchun 170 ta planshet qurilmalari sim-kartalari bilan ajratildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan karantin hududida barqaror aloqani tashkil etish uchun 2 ta qo‘shimcha baza stansiyalar (Beeline va Uzmobile) o‘rnatildi, 840 dona statsionar va 1 100 ta mobil telefon apparatlari tegishli imtiyozli daqiqalari bilan ta'minlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi jami 87 ta shifoxonalar o‘rtasida operatorlarning videokonferensiya tizimi orqali muloqotlar tashkil etib kelinmoqda.

Mudofaa vazirligi xarbiy hizmatchilari uchun esa karantin davrida ishonchli aloqa kanallari tashkil etmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab karantinga joylashtirilgan obektlar o‘rtasida VPN xizmatlari taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi», – dedi Sherzod Ahmadov 15 aprel kuni AOKAda tashkil etilgan brifingda.

Top