01:15 / 15.04.2020
137739
Koronavirusga qarshi vaksinani o‘zida sinab ko‘rgan ayol uning ta'siri haqida aytib berdi

Avvalroq mRNK-1273 vaksinasi hayvonlarda sinab ko‘rilgandi. Ijobiy natijalardan so‘ng uni insonlarda sinab ko‘rishga qaror qilindi.

Jyennifer Xaller Foto: Daniel Berman

AQShning Sietl shahrida koronavirusga qarshi vaksina ilk bor sog‘lom insonda – 44 yoshli Jyennifer Xallerda sinab ko‘rildi. U vaksina olganidan keyingi hissiyotlari va uning ta'siri to‘g‘risida The Telegraph nashri orqali hikoya qildi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u xatarli tajribada qatnashayotganligini to‘liq anglab yetmagan. Undan dastlab klinik tadqiqotlar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi bilan tanishish so‘ralgan. Xallerning aytishicha, mRNK-1273 raqamli vaksina gripp emlamasiga o‘xshaydi. U vaksina qabul qilayotgan vaqtida hech qanday og‘riq yoki noxushlik his etmaganini aytdi.

Ayol shuningdek, emlanganidan so‘ng nimalar yuz berganini ham aytib o‘tdi.

«Birinchi kuni haroratim ozgina ko‘tarildi. Ikkinchi kuni qo‘lim qattiq og‘ridi. Shu bilan hammasi o‘tib ketdi», — dedi u.

Nashrning yozishicha, xavfsizlik nuqtai nazaridan ayol karantinda qolgan. Bir oz vaqtdan keyin u va tajribada ishtirok etayotgan yana 44 kishi qaytadan emlanadi. Ular kelgusi yilning bahorigacha shifokorlar kuzatuvida bo‘ladi.

Avvalroq mRNK-1273 vaksinasi hayvonlarda sinab ko‘rilgandi. Ijobiy natijalardan so‘ng uni insonlarda sinab ko‘rishga qaror qilindi, deb yozadi The Telegraph.

Top