12:14 / 15.04.2020
3845
Mamarizo Nurmuratov: Banklar tomonidan 16,4 trln so‘mlik kreditlar kechiktirib berildi

Bugun, 15 aprel kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov karantin holatida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, iqtisodiy vaziyat, jumladan valuta bozoridagi vaziyat haqida ma'lumotlar berdi.

«1-10 aprel kunlari 1-10 martga nisbatan to‘lov terminallari orqali tranzaksiyalar 26 foizga, birja savdolari hajmi aprel oyining dastlabki ikki haftasida mart oyining mos davriga nisbatan 28 foizga kamaygan. Tadbirkorlar va aholini murakkab vaziyatda qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan 16,4 trln so‘mlik kreditlar kechiktirib berildi. Bu o‘z navbatida banklarga pul oqimi kirib kelishini cheklaydi.

Karantin yakuniga yetgan taqdirda ham iqtisodiy faollik o‘tgan yillardagi darajaga chiqishi uchun ma'lum vaqt kerak kerak bo‘ladi. Chunki o‘tgan yillar davomida aholi daromadi yiliga o‘rtacha 25 foizga o‘sib kelgan va bu o‘sish narxlarga bosim yaratgan.

Asosiy stavkaning [16 foizdan 15 foizga] pasaytirilishi inflatsiya suratlari pasayishi bilan bog‘liq. Yil boshida 2020 yil uchun inflatsiya ko‘rsatkichi 12-13,5 foiz bo‘lishi belgilangan edi. Joriy yilning birinchi choragida inflatsiya 2,8 foizni tashkil qildi va bu prognozdan 0,5 foizga past. 

Jahon bozorlarida energiya resurslari narxlarining pasayishi bizga ichki narxlarni oshirmasdan turib ham bozor sharoitlariga moslashtirish mumkinligini ko‘rsatyapti. Bu juda katta signal – agar ichki bozorda energiya resurslari narxlari barqaror bo‘lsa, bu boshqa mahsulotlar narxlariga ham katta ijobiy ta'sir qiladi. Energiya resurslari narxiga ko‘ra hisoblangan inflatsiya prognozlarini ham pasaytirdik», dedi Markaziy bank raisi o‘z nutqida.

Top