13:30 / 15.04.2020
14165
Mamarizo Nurmuratov: Pensiya plastik kartalaridan komission to‘lovlar olmaslik yoki kam miqdorda olish masalasi ko‘rilyapti

Onlayn brifingda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov karantin holatida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha savollarga javob qaytardi. U pensiyalar plastik kartalarga o‘tkazilishi masalasida izoh berdi.

«Bu masala 10 kun oldin muhokama qilina boshlangan. Ma'lumki, maxsus komissiya qaroriga binoan Toshkent shahri, viloyatlar markazlari va Nukus shahrida pensiyalar 1 maydan boshlab plastik kartalarga o‘tkazib berilishi belgilandi. Zarur hollarda naqd pul olish muammo bo‘lmaydi. 5,5 mingta bankomatdan qariyb mingtasi «Xalq banki»nikidir.

Boshqa banklarda ham pensiya plastik kartalaridan komission to‘lovlar olmaslik yoki yarim foiz miqdorida olish masalasi ko‘rilyapti. «Humo» kartalari uchun yana 35 mingta to‘lov terminallarini olib keldik. Demak, to‘lovlardagi muammolar ham yechim topadi», dedi u. 

Mamarizo Nurmuratov mavjud kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha bo‘yicha ham oydinlik kiritdi.

«Hozir cho‘zib berilgan kreditlar bo‘yicha bir narsaga aniqlik kiritmoqchiman – 1 oktyabrdan keyin yig‘ilib qolgan foizlar birdan to‘lanmaydi. Oldin qanday to‘langan bo‘lsa shunday to‘lanaveradi. Shunchaki 6 oy imtiyozli muddat qo‘shiladi va kredit muddati uzaytiriladi.

Qayta moliyalash stavkasi oldingi kreditlar foiziga ta'sir qiladimi, degan savolga kelsak, ha, agar kredit shartnomasida shu stavkaga bog‘langan bo‘lsa, ta'sir qiladi. Ya'ni bir foizga pasayadi. Bizdagi ko‘pchilik ipoteka kreditlari qayta moliyalash stavkasiga bog‘langan. Demak, ularning foizlari ham bir foizga pasayadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top