16:36 / 15.04.2020
17250
“Oqqonga chalingan bolam bilan shunday kunlarda yolg‘iz qoldim” – ona nolasi

Kun.uz saytida xayriya uyushtirishni so‘raganlar orasida oqqonga chalingan bemorlar salmoqli o‘rinni egallaydi. Bu murakkab kasallik uzoq davom etishi, davolanish xarajatlarining qimmatligi, maxsus shifoxonalarda bo‘lish zarurati tufayli har qanday oilani ham esankiratib qo‘yishi tabiiy. Bugungi qahramonimiz Aziza Norovaning farzandi oqqonga chalinishi bilan birga o‘zining yolg‘izligi, karantin kunlarida poytaxtda ko‘maksiz qolgani bilan ikki karra e'tiborga loyiq.

– Men Aziza Norova Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidanman. O‘g‘lim Zubaydullo Kamoliddinov 3 yoshda. 2019 yil sentabr oyida oqqon kasalligiga chalinib qoldi. Uzoq tekshirishlardan so‘ng Toshkentdagi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutiga davolanishga yotdik.

Ayni paytda shifokorlar davolanishning 3-kursini boshlashdi va o‘g‘lim kimyo terapiyalarini olyapti. Dorilari qimmatligi kamlik qilganday shu kunlarda ayrimlari topilmay ham qoldi. Dori vositasini o‘zgartirishga ham majbur bo‘ldik, shu bois har hafta 2 million so‘m atrofida pul kerak bo‘layapdi. Bundan tashqari yana 9ta davolash bosqichlarini o‘tashimiz kerakligini o‘ylasam qo‘rqib ketaman.

O‘zim yolg‘iz ayolman, bitta-yu bitta farzandim, ko‘zimning oq-u qorasi shu o‘g‘lim. 9 may – tug‘ilgan kunini katta shaharda, ijara uy yoki shifoxona palatasida bir og‘iz shirin so‘z yoki kichik sovg‘a kutib o‘tkazamiz shekilli.

Oilaviy sharoitimiz ancha og‘ir, shu kunda oilamizda menga yordam berishi mumkin bo‘lganlardan hech kim ishlamaydi. Akam Rossiyadan yordam berib turardi, lekin hozir ularning ham ishi to‘xtab qolgan. Moddiy tomondan nihoyatda qiynalyapman va yaxshi insonlar ko‘magiga juda muhtojman. Iltimos, yordam beringlar – deydi Aziza biz bilan suhbatda.

Azizlar, bugungi kunda ko‘pchilikning xayriya imkoniyatlari ham cheklanib qolgani yaxshi ma'lum. Lekin xalqimiz har qancha og‘ir vaziyatda ham muhtojlarni yolg‘iz qoldirmagan. Umid qilamizki, Aziza va Zubaydullo ham Sizning ko‘magingiz bilan bu sinovlarni eson-omon ortda qoldirishadi.

Aziza Norovaga oid ma'lumotlar:

Plastik karta raqami: 8600 0610 7748 2908 (Uzcard, Xalq banki, Azizaxon Norova nomida);

Sberbank: 5336 6903 4600 7661 (akasi Sanjar Ko‘charov nomida)

Abror Zohidov tayyorladi.

 

Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz, darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top