23:48 / 15.04.2020
15399
«O‘zbekiston uchun YeOIIga emas, JSTga a'zolik ustuvor bo‘lishi kerak» – deputat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilrabo Xolboyevaning aytishicha, O‘zbekiston, avvalo, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi, so‘ngra Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan aloqalarni ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq.

Foto: REUTERS/Denis Balibouse

“YeOII o‘z ishtirokchilari uchun teng shartlarda faoliyat yuritsa, barchaga foydali tashkilotga aylanadi. YeOII doirasida xizmatlar sohasida tashkil etiladigan yagona transport makoni xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartiblarini soddalashtirish, yo‘lovchilarning yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishini ta'minlaydi.

Qishloq xo‘jaligida bojxona tartiblarini soddalashtirish hisobidan tadbirkor, fermerlarimiz uchun ulkan bozor eshiklari ochilishi, ular o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qila boshlashlari mumkin. YeOII davlatlariga O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha samaradorligi bir yilda qo‘shimcha 350 mln AQSh dollariga oshishi prognoz qilinmoqda.

Ammo eksport hajmining oshishi ichki bozorimizda ushbu mahsulotlar taqchilligini yuzaga keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa bozorlarimizda meva-sabzavot narxlarining oshishiga olib kelishi kutiladi”, deya Dilrabo Xolboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Deputatning ta'kidlashicha, xuddi shunday holatni go‘sht mahsulotlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

“Hozirgi kunda mamlakatimizda chorvachilik mahsuloti eksporti belgilangan tartib bilan amalga oshiriladi. YeOIIga a'zolik esa mazkur tartibni bekor qiladi. Natijada tadbirkorlarimizning xorijga go‘sht eksport qilishga o‘tib ketishi o‘zi shundoq ham taqchil bo‘lib turgan ichki bozorimizda narxning sezilarli oshishiga olib keladi.

Bundan tashqari ichki bozorni to‘yintirish uchun uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan go‘sht mahsulotlari ham biz uchun qimmatga tusha boshlaydi. Amaldagi tartibga ko‘ra, mamlakatimizga tirik hayvonlar olib kirishga shuningdek, ularning go‘shti uchun import boji 0 foizni tashkil etadi. Ya'ni hozirda boj to‘lovlarisiz olib kiryapmiz.

YeOIIda esa tirik hayvonlar olib kirishga 5 foiz, go‘sht olib kirishga esa 15 foiz miqdorida import boji qo‘llaniladi. Ko‘rib turganingizdek, a'zo bo‘lib kirganimizdan keyin uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan tirik hayvonlar narxi 5 foizga, go‘sht mahsulotlari narxi 15 foizga ko‘tarilishi muqarrar”, deydi u.

«Adolat» SDP fraksiyasi a'zosi YeOII faoliyatida ishtirok etish O‘zbekistondan qaysi sohalarda o‘zgarishlarni amalga oshirishni talab etishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Birinchidan, sanitariya nazorati masalalari bo‘yicha O‘zbekistonda amal qiladigan sanitariya-gigiyena qoidalari va normalarini YeOII Yagona sanitariya-epidemologiya va gigiyena talablariga hamda laboratoriyalarni oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha jihozlash talablariga mufoviqlashtirish zarur.

Ikkinchidan, fitosanitariya nazorati masalalari bo‘yicha karantin obektlar va karantin ostidagi mahsulotlarning yagona ro‘yxati, laboratoriya diagnostikasi va chegara fitosanitariya nazorat postlarini jihozlashga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha mavjud tafovutlarni bartaraf etish lozim.

Uchinchidan, veterinariya nazorati masalalari masalalari bo‘yicha tekshirishlarni o‘tkazish mexanizmlarini va veterinariya nazorati obektlari va tovarlari yagona ro‘yxatini, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash yuzasidan infratuzilmaga (laboratoriyalar va chegara punktlariga) qo‘yiladigan talablarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq masalalar mavjud.

Mazkur masalalar, ya'ni infratuzilmani YeOII talablariga muvofiqlashtirish uchun hukumatning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 mlrd. dollar atrofida mablag‘ talab etiladi”, deydi Dilrabo Xolboyeva.

Oliy Majlis deputatining ta'kidlashicha, yuqoridagi sabablar ham O‘zbekistonning YeOIIdan avval JST bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishi kerakligini ko‘rsatmoqda.

“YeOIIga a'zolikning iqtisodiyotimizga foyda deb sanalayotgan yuqoridagi yo‘nalishlari, keltirilayotgan raqamlar, ko‘rsatkichlar mamlakatimiz boshqa bir tuzilma - Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lsa, bir necha barobar yuqoriroq darajaga chiqishi aniq. Afsuski, dunyoning 164 mamlakatini birlashtirgan mazkur tashkilotga a'zo bo‘lib kirmagan sanoqli davlatlar qatoriga kiramiz. Albatta, JST bilan muzokaralar jonlanganini e'tirof etish lozim. Shu boisdan O‘zbekiston avvalo, JSTga a'zo bo‘lishi, so‘ngra YeOIIga a'zo bo‘lishi maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, deydi u.

Top