14:40 / 15.04.2020
11868

«O‘zbektelekom» internet tezligi pastligi haqidagi murojaatga javob berdi

7 aprel kuni Kun.uz saytida «Videodarslarni o‘zlashtirishga internet tezligi yo‘l bermayapti» sarlavhali maqola e'lon qilingan va unda sayt o‘quvchilaridan birining internet tezligi pastligi onlayn darslarni o‘zlashtirishda imkon bermayotgani borasidagi murojaati keltirilgandi.

«Oilada mendan tashqari yana bir talaba bor: ukam hozir institutning 5-bosqich talabasi. Singlim esa maktabda o‘qiydi. Onam maktabda dars beradi.

Hammamizning ish va o‘qish faoliyatimizga internet juda kerak. Onam o‘quvchilariga onlayn dars o‘tishi, biz esa onlayn ta'lim olishimiz kerak. Hozir universitetlarda masofaviy ta'lim yo‘lga qo‘yilgan.

Tuman markazida yashasak ham, uyimizda mobil internet deyarli ishlamayapti. Uyga Wi-Fi o‘rnatish haqida «Uztelecom» AJning Jomboy tuman filialiga ariza berganmiz. Yaqinda Wi-Fi o‘rnatib berishga va'da berishdi, lekin aytilgan vaqtida ulab berishgani yo‘q», – deyilgandi Muhriddin Bahriddinovning murojaatida.

«O‘zbektelekom» AK ushbu murojaat bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Murojaatchi joriy yilning 9 mart kuni «O‘zbektelekom» AK Samarqand filliali Jomboy tumani telekommunikatsiya bog‘lamasiga internet xizmatiga ulanish uchun ariza topshirgan. Ariza mas'ullar tomonidan o‘rganib chiqilgan hamda murojaatchiga joriy yil 24 mart kuni mazkur hududda mavjud telefon aloqasi magistral liniyasida bo‘sh sig‘im mavjud emasligi, murojaatchining internet xizmatiga bo‘lgan talabi tarmoqni rivojlantirish ishlari doirasida ko‘rib chiqilishi ma'lum qilingan.

Murojaatni o‘rganish vaqtida Muhriddin Bahriddinov istiqomat qiluvchi mazkur hudud «O‘zbektelekom» AK keng polosali ulanish tarmog‘ini rivojlantirish rejasiga kiritilgan bo‘lib, bu yerda hozirgi kunda ilg‘or texnologiyalardan biri bo‘lgan GPON texnologiyasi asosida telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish rejalashtirilgan edi. Loyiha bo‘yicha mazkur hududda rejalashtirilgan ishlar joriy yilning 8 aprel kuni yakuniga yetkazilgan va murojaatchi bilan telekommunikatsiya xizmatlari taqdim etilishi bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shu tariqa Muhriddin Bahriddinovning internetga bo‘lgan talabi qondirilgan.

O‘z navbatida «O‘zbektelekom» AK nashringizga shu kabi murojaatlarni yetkazib berganingiz uchun tashakkur bildiradi», deyiladi «O‘zbektelekom» AK Kun.uz’ga taqdim etgan munosabat matnida.

Mavzuga oid
Top