22:48 / 15.04.2020
20737

Plastik kartalar uchun hech qanday to‘lov olinmaydi. Pensiya jamg‘armasi karantin davrida pensiya ta'minoti bo‘yicha tushuntirish berdi

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi hamda koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha maxsus shtabining 2020 yil 14 apreldagi qaroriga muvofiq, respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar 2020 yilning may oyidan pensiya va nafaqalar to‘liqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshiriladi. Pensiya jamg‘armasi ushbu qaror bo‘yicha tushuntirish berib, qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad – pensioner va nafaqa oluvchilarning sog‘lig‘ini saqlash va koronavirus infeksiyasining keng tarqalishini oldini olish ekanini ma'lum qildi.

Karantin davrida pensiya to‘lovlari bank plastik kartalari orqali amalga oshiriladi.

Pensioner va nafaqa oluvchilarning salomatligini saqlash maqsadida, pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshirish tartibi quyidagi muddatlarda yo‘lga qo‘yiladi:

  • 2020 yilning may oyidan – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun;
  • 2020 yilning iyun oyidan – respublikaning barcha hududlaridagi fuqarolar uchun.

Birinchi navbatda, Xalq banki tomonidan pensiya va nafaqalarini naqd pulda oluvchi barcha fuqarolar uchun bank plastik kartalari ochiladi.

Bunda fuqarolardan pasport nusxalari va boshqa hujjatlar talab etilmaydi. Pensiya jamg‘armasi hamda Xalq banki o‘rtasida elektron ma'lumot almashinuvi amalga oshiriladi. Plastik kartalar fuqarolarning ovoragarchiligisiz rasmiylashtiriladi, pensiya va nafaqa oluvchilarning bank bo‘limlariga borishi talab qilinmaydi.

Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolarning pensiya va nafaqa mablag‘lari ularning Xalq bankida ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.

Maxsus komissiya tavsiyasiga ko‘ra, qog‘oz shaklidagi hujjatlar orqali koronavirus tarqalishining xavfi yuqori ekanligi inobatga olingan holda fuqarolardan ariza talab etilmaydi.

Shundan so‘ng pensiya va nafaqa oluvchilarga ochilgan bank plastik kartalari mahalla fuqarolar yig‘inlari bo‘yicha belgilangan pensiya va nafaqalarni yetkazish grafiklariga muvofiq, Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan fuqarolarning yashash manzillariga yetkaziladi.

Pensiya va nafaqa oluvchilarga ochilgan bank plastik kartalari uchun fuqarolardan hech qanday to‘lov va haq olinmaydi.

Xalq banki sayyor kassalari tomonidan bank plastik kartalarini yetkazish chog‘ida fuqarolarning xohishiga asosan bank kartasidagi pullar foizsiz naqdlashtirib beriladi.

Xalq banki plastik kartalari orqali pensiyalarni oluvchilar bankning kassalari va bankomatlar orqali pullarini naqdlashtirganda, naqdlashtirilgan summadan xizmat haqi ushlab qolinmaydi.

Bank plastik kartalaridan foydalanish uchun qanday sharoitlar yaratiladi?

Barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari oldida bosqichma-bosqich bankomatlar joylashtiriladi.

Bankomatlar bilan ta'minlanmagan mahalla fuqarolar yig‘inlariga har oyda grafikka muvofiq, Xalq banki sayyor kassalari fuqarolarning yashash manziliga borgan holda ularning xohishiga ko‘ra bank kartasidagi mablag‘larni naqdlashtirib beradi.

Shuningdek, bozorlardagi va mahallalardagi oziq-ovqat do‘konlarida terminallar to‘liq ishlashi ustidan soliq idoralari tomonidan qat'iy nazorat o‘rnatiladi.

Pensiya pullarini boshqa tijorat banklari orqali oladigan fuqarolarga to‘lovlar qanday amalga oshiriladi?

Bugungi kunda pensiya va nafaqalarini boshqa tijorat banklarining plastik kartalari orqali olib turgan jami 370 mingdan ortiq fuqaroning pensiyalari bo‘yicha to‘lovlar kelgusi oylarda ham ularining (mavjud) bank kartalari orqali amalga oshirilishi davom ettiriladi.

Bunda pensiya va nafaqalarni qisman bank plastik kartasi va qolgan qismini naqd pul shaklida oladigan jami 121 mingdan ortiq fuqaroga ham kelgusi oydan to‘lovlar to‘liq o‘zlarining (mavjud) bank plastik kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Fuqarolarga yana qanday qulayliklar yaratildi?

Nogironlik muddati tugaydigan fuqarolarning nogironlik muddatlari ularni qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan Tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyalari tomonidan avtomatik tarzda uzaytiriladi hamda ularga pensiya (nafaqa) to‘lovlari davom ettiriladi.

Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiya to‘lovlari davom ettirilishi uchun nogironligini qayta ko‘rikdan o‘tkazish (muddatini uzaytirish va nogironlikni belgilash) maqsadida Tibbiy-mehnat ekspertizasi komissiyasiga borishi talab etilmaydi. Pensiya pullari karantin cheklovlari davrida davom ettiriladi.

Shuningdek, pensiya va nafaqa, shu jumladan, dafn marosimi va bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqalarga huquqi paydo bo‘lgan fuqarolar karantin tadbirlari tugagandan keyin bir oy davomida Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlariga murojaat etishi mumkin. Bunda ularga pensiya (nafaqa)lar karantin cheklovlari davridagi huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlanadi.

Ma'lumot uchun, fuqarolar pensiya tayinlashni so‘rab tuman (shahar) Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga pensiya olish huquqi paydo bo‘lgandan keyin 60 kun ichida murojaat etsa, ularga pensiya yoshiga to‘lgan kundan e'tiboran pensiya tayinlanadi.

Masalan, fuqaro shu yilning 24 mart kuni 60 yoshga to‘ldi va shu yilning 22 mayiga qadar (60 kun ichida) ariza bilan murojaat qilganda, unga pensiya 2020 yil 24 martdan tayinlanishi lozim bo‘ladi. Biroq karantin davrida u murojaat qila olmadi. Fuqaro 1 iyulga qadar (agar karantin cheklovlari joriy yilning 1 iyuniga qadar davom etgan taqdirda) zarur hujjatlar bilan yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilsa, unga pensiya mazkur huquq paydo bo‘lgan sana, ya'ni 2020 yil 24 martdan tayinlanadi.

Shu bilan birga, pensiya (nafaqa)lar to‘lovi ustidan monitoring ishlari masofadan axborot-kommunikatsiya tizimlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi belgilangan. Pensiya jamg‘armasi tomonidan bu muddat ichida elektron ma'lumotlar bazasidan foydalangan holda pensiyalarning to‘g‘ri tayinlanganligi va to‘lanishi nazorat qilib boriladi.

Bank plastik kartalari va ishonchnoma orqali pensiya (nafaqa) olayotgan hamda tayinlangan pensiya (nafaqa)ga bo‘lgan huquqini tasdiqlash muddati kelgan va pasport muddati tugagan fuqarolardan hujjat talab etilmasdan to‘lov muddatlari 4 oyga uzaytiriladi.

Shuningdek, fuqarolarga bank plastik kartalarini yetkazish, mablag‘larni naqdlashtirish masalalari bo‘yicha Xalq bankining 1106 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

Bundan tashqari, pensiya ta'minotiga oid savollar bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining 1140 ishonch telefoni ham faoliyat yuritmoqda.

Top