23:03 / 15.04.2020
8425
Putin ishchilar maoshini to‘lash uchun kichik va o‘rta biznesga davlat tomonidan pul ajratishni taklif qildi

Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ishlab chiqilayotgani haqida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 13 aprelda ma'lum qilgandi.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a'zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilish chog‘ida ishchilarga oylik maoshlarni berishi uchun kichik va o‘rta biznes korxonalariga mablag‘ ajratishni taklif qildi.

«Jabr ko‘rgan kichik va o‘rta kompaniyalarga ilgari qabul qilingan qo‘llab-quvvatlov choralariga qo‘shimcha ravishda davlat tomonidan beg‘araz moliyaviy yordam ajratishni taklif qilaman. Korxonalar bu mablag‘larni mavjud zarur vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirishi mumkin. Jumladan, maosh to‘lashga, o‘z xodimlarining aprel va may oylaridagi ish haqlari darajasini saqlab qolishga»,  dedi u.

Putin yordam hajmi kompaniyalar xodimlari sonining 1 aprel holatidan kelib chiqib hisoblanishini aytdi.

«Bir xodim uchun 12 130 rubldan kelib chiqiladi»,  dedi Rossiya prezidenti hamda mazkur yordamni olish uchun murojaat qilish sodda va qulay bo‘lishi shartligini ta'kidladi. Putin hukumat biznes 1 maydan ushbu yordamni olishga ariza berishi uchun sharoit tayyorlashi kerakligini aytdi.

Putin shuningdek, quyidagi topshiriqlarni berdi: 

  • Milliy iqtisodiyot uchun o‘ta muhim bo‘lgan kompaniyalar ro‘yxatini tuzish. 
  • Bu kompaniyalarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etish. 
  • Koronavirus pandemiyasi oqibatida zarar ko‘rgan Rossiya aviakompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 23 mlrd rubldan ortiqroq mablag‘ ajratish. 
  • Regionlar budjetlarining mustahkamligi va muvozanatini ta'minlash uchun 200 mlrd rubl yo‘naltirish. 

Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ishlab chiqilayotgani haqida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 13 aprelda ma'lum qilgandi. Inqirozga qarshi yangi paket qiymati 1 trln rublni tashkil etishi mumkin, deb xabar bergandi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib.

Top