22:10 / 16.04.2020
40079
2020 yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha to‘xtatildi – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi rasmiy murojaatiga asosan “Haj-2020” mavsumining tashkiliy tadbirlari epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha to‘xtatilgan.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 16 aprel kuni e'lon qilingan rasmiy bayonotida ma'lum qilindi.

“Ma'lumki, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq salbiy vaziyat jahonning ko‘plab mamlakatlarida hali-hanuz saqlanib qolmoqda. Bu esa, muhim tadbir va marosimlarni vaqtincha to‘xtatib turishni taqozo etmoqda. Xabaringiz bor, avvalroq, Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayon vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.

Kuni kecha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi tomonidan Haj-2020 mavsumiga tayyorgarlikni kechiktirib turish bo‘yicha rasmiy murojaat kelib tushdi.

Unda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq noxush vaziyat butun dunyoni tashvishga solayotgani, xususan, Saudiya Arabistoni Podshohligida ham mazkur kasallik bilan bog‘liq holat qayd etilgani hukumatni keskin choralar ko‘rishga undagani, shu munosabat bilan dunyoning turli mamlakatlaridan Umra amalini ado etish uchun tashrif buyuradigan ziyoratchilarning mamlakat hududiga kirishi vaqtinchalik to‘xtatilgani, hozircha Haj-2020 tashkiliy ishlarini amalga oshirish bo‘yicha kutib turish maqsadga muvofiq ekani ma'lum qilingan.

Shuningdek, hozirda Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati hamda sog‘liqni saqlash idoralarining tavsiyalariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olish uchun yuqori darajadagi ehtiyotkorlik choralari qo‘llanilayotgani, ikki muqaddas Haramda sog‘liqni saqlash va xavfsizlikni ta'minlash, profilaktika ishlari kuchaytirilgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan, Saudiya Arabistoni Podshohligi rahbariyatining qarori asosida “Haj-2020” mavsumining tashkiliy tadbirlarini vaqtincha to‘xtatib turish va vaziyat barqarorlashishini kutish maqsadga muvofiq deb topilgan”, deyiladi bayonotda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi matbuot kotibi Ilhom Ma'rupovning aytishicha, rasmiy murojaatda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi mazkur jarayon bilan bog‘liq yangilik va o‘zgarishlar yuzasidan O‘zbekiston tomonini xabardor qilishi ma'lum qilingan.

Basharti haj mavsumiga qadar koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarmasa, 2020 yilda hajga boruvchilarning navbatlari keyingi yilga o‘tkaziladi.

“Joriy yil Haj safariga borishni rejalashtirgan va navbati yetib kelgan vatandoshlarimizga shuni ma'lum qilamizki, agar haj mavsumiga qadar Saudiya Arabistonida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashmasa, 2020 yilgi navbatlar to‘liq saqlanib qoladi hamda keyingi yilga o‘tkaziladi.

Ayni vaqtda, fuqarolarimizdan karantin qoidalarini buzgan holda haj safari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tashkilotma-tashkilot yurmasliklarini, o‘zlari va o‘zgalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz. Haj safari bilan bog‘liq barcha yangiliklar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Internet va ijtimoiy tarmoq saytlari orqali tezkor e'lon qilinadi.

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimiz koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq joriy etilgan karantin davrida yuksak fuqarolik madaniyatini namoyon etadilar, deb umid qilamiz va go‘zal sabr tilaymiz”, deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xabarida.

Top