00:44 / 16.04.2020
49942
Dunyodagi vaziyat: Ikki milliondan ortiq holat, kutilmagan joyda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan alomatlar

Dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni ikki milliondan oshib ketgan. Bu vaqtda Daniya Yevropada maktablar ochilgan ilk davlat bo‘ldi, Ispaniyada o‘limlar soni bo‘yicha kunlik ko‘rsatkich kamayishda davom etmoqda, tibbiyotchilar esa koronavirusning yangi alomati haqida xabar berishdi - tovon terisidagi lat.

Foto: Reuters

BBC rus xizmati koronavirus pandemiyasi bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlarni jamladi. 15 aprel kuni butun dunyo bo‘ylab Covid-19’dan zararlanish holatlari 2 millionlik nuqtadan o‘tdi, o‘limlar soni - 131 mingdan oshgan. Shuningdek, yarim milliondan ortiq kishi sog‘aygan.

Zararlanish holatlarining 622 mingdan oshig‘i AQShda qayd etilgan. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. Dunyoda pandemiyadan zararlanish holatlari yarim millionlik nuqtadan 2 aprel kuniyoq o‘tgandi.

BBC nashrining statistika bo‘limi rahbari Robert Kaff esa virusdan zararlanganlarning haqiqiy soni ko‘proq degan fikrda.

Ikki millionlik raqam nimani anglatadi?

Aslida virus ikki millionlik nuqtadan avvalroq o‘tib bo‘lgan - tasdiqlangan tashxislar asosidagi rasmiy raqamlar - bu haqiqiy zararlanishlarning bir qismi.

Statistikada qayd etilishi uchun bemorga tashxis qo‘yilishi kerak, buning uchun esa u shifokorga murojaat qilishi talab etiladi.

Ko‘plab bemorlarda kasallik alomatlari bo‘lmaydi yoki yengil simptomlar kuzatiladi. Bunday bemorlar esa qoidaga ko‘ra shunchaki o‘z uyida ihotalanadi va uyida qoladi, ular statistikaga kiritilmaydi.

Britaniyadagi statistik ma'lumotlar yaqin vaqtlargacha shifoxonalardagi faqat eng og‘ir ahvoldagi bemorlar bo‘yicha yuritib kelinardi.

Tasdiqlangan holatlar o‘sishi dinamikasi qaysi davlatda epidemiya qay holatda ekanini ko‘rsatishi kerak: virus tarqalishi tezlashayotgani, barqaror qolayotgani yoki pasayayotganini.

Ammo raqamlar haqiqiy ko‘lamni ifodalay olmaydi - na bir alohida davlatda va na butun dunyoda.

Yevrokommissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen chorshanba kuni Yevropada karantin choralarini muvofiqlashgan holda bekor qilish bo‘yicha rejani taqdim etdi. Hujjatda hukumatlar karantin choralarini yumshatishdan oldin hisobga olishi kerak bo‘lgan mezonlar hamda qat'iy karantin choralari bekor qilinganidan keyin amal qilinishi kerak bo‘lgan tamoyillar ifodasini topgan.

Loyihada jumladan quyidagilar o‘rin olgan: karantin rejimidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida boshqa a'zo davlatlarni xabardor qilish, karantinni bosqichma-bosqich yengillashtirish, xatar guruhidagi fuqarolar – keksalar va surunkali kasalligi bo‘lganlarni koronavirus yuqtirishdan himoya qilish. 

Harakatlar rejasi Yevrokomissiya saytida batafsil bayon etilgan. Undagi asosiy jihatlar - barchasini bosqichma-bosqich amalga oshirish va karantin choralarini bekor qilish haqidagi qarorni faqatgina Covid-19 holatlari jiddiy kamayganida qabul qilish hamda virus mamlakatda tarqalishini diqqat bilan kuzatib borish.

Germaniya va Daniya cheklovlarni yumshatmoqda
Germaniya kansleri Angela Merkel keyingi haftadan karantin choralari yumshatilishini ma'lum qilgan, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat «muvaqqat muvaffaqiyatga erishgani»ni ma'lum qilgan.

Merkelning matbuot anjumani ijtimoiy masofa saqlagan holda o‘tkazildi / REUTERS

Germaniyadagi 16ta federal yerlar rahbarlari bilan muloqotdan keyin Merkel xonim ijtimoiy masofalanish 3 mayga qadar amalda qolishi, ammo ayrim kichik do‘konlar keyingi haftadan ishlay boshlashini ma'lum qilgan. Mamlakatdagi maktablar va sartaroshxonalar 4 maydan ochila boshlaydi.

Kansler shuningdek, fuqarolarni jamoat transportida va do‘konlarda niqob taqqan holda harakatlanishga chaqirgan.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Germaniyada ayni vaqtgacha zararlanish holatlari 133 mingdan oshgan, ammo o‘lim darajasi Yevropaning istalgan davlati bilan solishtirganda ham sezilarli darajada past. Pandemiya davrida mamlakatda bemorlarning 3,5 mingdan ortiq vafot etgan. Taqqoslash uchun, Italiyada hozirga kelib o‘limlar soni 21,6 mingdan (165,1 ming zararlanish holati), Ispaniyada 18,5 mingdan (177,6 ming zararlanish holati), Buyuk Britaniyada - 12,8 mingdan (98,4 mingdan ortiq zararlanish holati) ortiqni tashkil etmoqda.

Daniyada chorshanba kuni maktablar ochildi. Hozircha faqat 11 yoshdan kichik bo‘lganlar uchun boshlang‘ich maktablar ishlamoqda. Daniya bosh vaziri Mette Fredriksen Kopengagendagi maktablardan birida o‘quvchilarni qarshi olgan.

«Biz barchamiz juda hayajonlandik, gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilishimiz kerak. Biz har kuni tez-tez qo‘limizni yuvmoqdamiz. Niqob taqmayapmiz, ammo masofa saqlashga jiddiy e'tibor qaratyapmiz, bular ham murakkab vazifa», - deydi boshlang‘ich maktablar ochilishi bo‘yicha izoh bergan Daniya boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari kasaba-uyushmasi vakili Eliza Rimpler.

Daniya Yevropada kasallik eng kam tarqalgan davlatlardan biri - 6681 tashxis va 299 o‘lim. Qo‘shni Shvetsiyadan farqli ravishda, Daniyada zudlik bilan qat'iy choralar qo‘llangan, ko‘chada odamlar harakatlanishi cheklangandi.

Ispaniyada qatorasiga ikkinchi kun o‘lim holatlari pasayishi davom etmoqda. Chorshanba kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi 523 o‘lim holati to‘g‘risida xabar berdi - bu avvalgi kundagidan 44taga kamroq.

Madrid, ko‘chadagi graffiti GETTY IMAGES

Ispaniya kasallanish holatlari bo‘yicha dunyoda Italiya va AQShdan keyingi uchinchi o‘rinda joylashgan. Lekin bu mamlakatda seshanba kuni ayrim kompaniyalarda xodimlar ishga qaytdi. Hafta boshida hukumat quruvchi tashkilotlar, zavodlar va masofadan turib ishlay olmaydigan bir necha toifadagi xodimlarga ishga chiqishga ruxsat berdi.

Yaponiya hukumati minglab uysizlarga boshpana berish choralar ko‘rmoqda. Mamlakatda yirik shaharlarda favqulodda holat joriy etilgach, ko‘plab binolar, shu jumladan internet kafelar ham yopildi va minglab kishilar ochiq osmon ostida tunashga majbur bo‘lmoqda.

Internet-kafelar yopilgach minglab uysizlar ko‘chada tunamoqda / CARL COURT

Bunday kafelar arzon hostellar kabi doimiy yashash joyi yo‘qlar uchun tunashga asosiy joylarga aylangandi - bunday joylar haftada 7 kun, kunda 24 soat davomida ochiq bo‘ladi va arzon narxlarda alohida xonalar taklif etadi.

Britaniyadagi statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, qariyalar uylaridagi o‘lim darajasi juda yuqori. Shu kunlarda hukumat qariyalar uylarida yashayotganlarning har sakkizinchisi Covid-19dan zararlangani haqida e'lon qildi. Ammo keyinroq mamlakatda ko‘plab qariyalar uylariga egalik qiladigan HC-One holdingi direktorlar kengashi raisi haqiqiy raqamlar yuqoriroq ekanini ma'lum qildi. Shuningdek, qariyalar uylarida ro‘y berayotgan o‘limlar Milliy sog‘liqni saqlash departamenti statistikasida qayd etilmayapti, bu statistikaga faqat shifoxonadagi o‘limlar kiritiladi.

«Bu haftada ro‘y bergan o‘limlarning uchdan bir qismi Covid-19 bilan bog‘liq», degan holding vakili nashr bilan suhbatda.

Chorshanba kuni Britaniyada koronavirus tufayli yana 761 kishi olamdan o‘tdi.

Bugun Britaniya hukumati qariyalar uylarida yashovchilar va xodimlarda test o‘tkazish va ularni himoyalash bo‘yicha dastur ishga tushganini e'lon qildi.

Tovondagi simptom
Italiyalik va ispaniyalik shifokorlarning hisoblashicha, oyoq kafti va tovon qismi terisida shish va lat paydo bo‘lishi koronavirusdan zararlanishning alomatidir.

Ispaniya ortopedlar kengashi kasallikning ehtimoliy alomati suratlarini namoyish etishdi / CGCOP.ES

Ispaniya ortopedlar kengashi ham shunday talqinni ilgari surgan.

Fransiya, Ispaniya va Italiyada shifokorlar ushbu kasallikka chalinganlarda ko‘p holatlarda bemorlar oyoq qichishidan shikoyat qilgani, koronavirusdagi toshmalar suvchechak yoki qizamiq bilan kechadigan toshmalarga o‘xshashini qayd etishgan.

Qayd etilishicha, bunday belgilar aksar hollarda bolalarda paydo bo‘ladi.

«Bunday alomatlar hammada ham bo‘lmaydi, ammo shunday belgilar paydo bo‘lganida koronavirusni aniqlash uchun test o‘tkazish kerak bo‘ladi», deya yozmoqda ispaniyalik ortopedlar.

Shunga o‘xshash fikr Italiyadagi bolalar dermatologi tomonidan ham bildirilgan. Bari shahridan bo‘lgan shifokor Matssotta Trokkolining aytishicha,  u ko‘rgan bemorlarning har beshinchisida shunday simptomlar mavjud bo‘lgan.

«Agar kuzatuvlar orqali bu Covid-19dan zararlanishning klinik belgisi ekani tasdiqlansa, bundan boshqalarni zararlashi mumkin bo‘lgan shunday bolalarni aniqlashda foydalanish mumkin», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Metro nashri.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top