12:05 / 16.04.2020
7328

Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmagan fuqaro 15 sutkaga qamaldi

Fuqaroga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi, 195-moddalariga asosan sud tomonidan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan 

Foto: IIV axborot xizmati

Joriy yilning 15 aprel kuni soat 10:00larda Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek va Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chalari kesishmasida xizmat olib borayotgan Samarqand viloyati IIB YHXB xodimlari hamda sohaviy xizmat vakillari tomonidan "Neksiya" rusumli transport vositasi to‘xtatilgan.

IIV xabariga ko‘ra, haydovchining hujjatlari so‘ralganda, avtomashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchi o‘ziga tegishli bo‘lgan qo‘l telefonida “Men falon joyda direktorman, blogerman” deb YPX xodimining xizmat vazifasini olib borishga xalaqit bergan.

Yo‘lovchi video tasvirga olishni davom ettirib, “hali kerakli joyda javob berasanlar, men senlar bilan sudda gaplashaman” deb xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan karantin qoidalarini buzgan transport vositasi haydovchisiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Xodimlarning xizmat vazifasini bajarishga faol qarshilik ko‘rsatgan, haqorat qilgan yo‘lovchiga nisbatan barcha hujjatlar to‘planib, Samarqand shahar Ma'muriy sudiga jo‘natilgan.

Ushbu shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi, 195-moddalariga asosan sud tomonidan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Top