07:52 / 16.04.2020
8478
Lavrov bolalarni AQShdagi ta'lim dasturlariga yubormaslikni maslahat berdi

AQShda bolalarning ta'lim dasturlari orqali o‘qishi xalqaro huquqiy shartnomalar bilan ta'minlanmagan, shuning uchun ota-onalar o‘z farzandlarini bunday dasturlarga yubormasliklari kerak. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Kommersant'» gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Barcha ota-onalarga safarlarni xalqaro huquqiy bitimlar bilan himoya qilmasdan turib, AQShdagi qandaydir ta'lim dasturlariga rozilik bermaslikni qat'iy tarzda maslahat beramiz. Amerikaliklar bilan bizda bunday bitimlar yo‘q», - dedi Lavrov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday dasturlar tufayli «turli voqealar» ro‘y beradi.

Xususan, Lavrov bir kun oldin Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova xabar bergan, rossiyalik maktab o‘quvchilari bilan bog‘liq vaziyatga e'tibor qaratdi.

Foto: Vladimir Solovev / Kommersant'

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 74 nafar rossiyalik maktab o‘quvchisi AQShda «qandaydir qilib» paydo bo‘lib qolgan. Lavrovning ta'kidlashicha, yuqori sinf o‘quvchilari mamlakatda almashuv dasturi doirasida bo‘lishgan, ammo epidemiya tufayli uning harakati to‘xtatildi. Rossiya vazirligi bunday dastur mavjudligi haqida xabardor emas, uni AQSh Davlat departamenti nazorat qiladi, deya aniqlik kiritdi Lavrov. Rossiyalik maktab o‘quvchilari mushkul vaziyatda ekanliklari bir necha kun oldin oshkor bo‘ldi, deya qayd etdi vazir. Hozir diplomatlar ularning manzillarini aniqlamoqda. 

Zaxarovaning ma'lumotiga ko‘ra, gap Secondary School Student Program dasturi haqida bormoqda. Epidemiya sababli dastur to‘xtatildi, lekin uning tashkilotchilari bolalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishmadi va ularning qayerda ekanliklari to‘g‘risidagi ma'lumotni rossiyalik diplomatlarga berishmadi, dedi u.

AQShning Rossiyadagi elchixonasi xabar qilishicha, hozirda mamlakatda xususiy sektor tomonidan moliyalashtiriluvchi almashuv dasturlari bo‘yicha 51 nafar rossiyalik o‘quvchi bor. «Biz bu o‘quvchilarning ba'zilari Rossiyaga qaytish istagini bildirganini tushunamiz, bu borada ularning homiylari orqali ishlayapmiz», - deya xabar qilingan diplomatik vakolatxonada.

Top