10:00 / 16.04.2020
52237
O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1349taga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yana 47 kishiga koronavirus infeksiyasidan zararlanish tashxisi qo‘yilgani haqida xabar berdi.

«2020 yil 16 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1349 nafarni tashkil qilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanishning ilk holati 15 martda aniqlangan edi. Aprel oyida kasallanganlar soni keskin o‘sa boshladi. 11-12 aprel kunlari 98tadan, 13 aprel kuni 133ta yangi holat tasdiqlandi. 14 aprel kuni esa bemorlar sonining kunlik o‘sishi bo‘yicha rekord natija qayd etildi - 167ta yangi holat. 15 aprel kuni bemorlar soni 137 nafarga oshdi.

Shu vaqtgacha 107 kishi kasallikdan sog‘aydi, 4 kishi vafot etdi.

Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov «O‘zbekiston 24» telekanalida chiqishida ma'lum qilishicha, Toshkentda koronavirusdan davolanayotgan 325 bemorning 14 nafari og‘ir ahvolda deb baholanmoqda.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti rahbariyatidan olingan ma'lumotga ko‘ra, institut klinikasida davolanayotgan 100 nafar bemorning to‘rt nafarining ahvoli og‘ir, bir bemorning ahvoli nisbatan og‘ir, yana bir nafarining ahvoli esa o‘ta og‘ir, deb baholanmoqda. Davolanayotgan bemorlarning 26 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilmoqda.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti rahbariyatidan olingan ma'lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 101 nafar bemordan ikki nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 124 nafar bemorning olti nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top