12:18 / 16.04.2020
8140
Reportaj: Andijon viloyatida kuniga 500ga yaqin oilaga homiylik yordamlari yetkazilmoqda

Respublika maxsus komissiyasining 30 martdagi qarori bilan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi tashkil etilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kungi videoselektorda viloyatlar markazlarida ham ana shunday markazlarni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Andijon viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga, 15 aprel holatiga ko‘ra, 6 mingga yaqin murojaat tushgan.

Yoshlar ittifoqining ko‘ngilli yoshlari ish olib borayotgan koll-markaz kuniga 600-800dan ziyod murojaatlarni qabul qilib olyapti.

«Koll-markaz ertalab soat 9dan, kech soat 6gacha ishlayapti, – deydi Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi, koll-markaz yetakchisi Oybek Yuldashev. – Aholi vakillaridan 1197 qisqa raqami orqali qabul qilinayotgan murojaatlar mazmuni asosan oziq-ovqat, dori-darmon va kunlik ehtiyojga kerakli mahsulotlar bo‘yicha bo‘lyapti.

Kunlik murojaatlar soni 500-800tani tashkil etmoqda. Bu murojaatlarni kun yakunida jadval asosida omborga taqdim etamiz. Omborda har bir mahsulot belgilangan tartib asosida jamlanib, tuman bo‘linmalariga jo‘natiladi.

Aholi vakillarining e'tiroziga kelsak, 1197 raqami band bo‘lishining asosiy sababi – fuqarolar bilan gaplashayotgan vaqtda savol-javoblar cho‘zilib ketayotganida. Bu oraliqda qo‘ng‘iroq qilgan fuqaro 3-5 martadan «kutish» rejimiga to‘g‘ri kelyapti.

Guvohi bo‘lganingizdek, fuqarolarimiz savol-javobi qancha cho‘zilsa, shuncha ko‘p kutib qolish holatlari paydo bo‘lmoqda. Ba'zi fuqarolar manzilini to‘g‘ri tushuntira olmasa, ko‘p murojaatchilar kamchilikni tushuntirgach, muloqot so‘ngida ismi-familiyasini aytgisi kelmay qoladi».

Homiylardan kelib tushgan oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, taqsimlash va joylarga jo‘natish ishlari maxsus omborda olib borilmoqda. Maxsus kiyimdagi ko‘ngilli yoshlar ehtiyojmand oilalarga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan aholi ehtiyoji uchun zarur birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari (un, guruch, kartoshka, yog‘, piyoz, makaron, shakar)ni bir xil me'yorda turli idishlarga taqsimlash bilan band.

«Kun davomida homiylar tomonidan olib kelingan mahsulotlarni paketlarga solib qadoqlayapmiz. Kecha 250 kg shakarni qadoqladik. Og‘ir kunlarda xalqimizga foydamiz tegayotganidan xursandmiz», deydi ko‘ngillilardan aka-uka Hasan va Husan Mamadaliyevlar.

Birgina Andijon shahridan murojaatlar soni shu kungacha 1850tani tashkil etgan bo‘lsa, shundan mingta xonadon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlangan.

Viloyat miqyosida esa kuniga 500ga yaqin xonadonga homiylik yordamlari yetkazib berilmoqda.

«Ayni paytda GRANDPHARM kompaniyasi tomonidan Andijon viloyatidagi 1000ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari va pul mablag‘lari yetkazib berilyapti. Bundan tashqari, «Uz-Karam Ko» korxonasi 26 million so‘m miqdorida 3 tonnadan ortiq guruchni homiylik xayriya omboriga olib kelishdi. Bu mahsulotlarni ham tumanlardagi koll-markaz orqali murojaat qilgan xonadonlarga va muhtoj oilalarga yetkazib berishda davom etyapmiz», – deydi Andijon shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mohinur Qosimova.

U viloyat bo‘yicha tashkil etilgan tizim haqida ham to‘xtaldi.

«Omborga homiylar tomonidan keltirilgan 11 turdagi mahsulotlar me'yor bo‘yicha qadoqlanib, kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha shahar va tumanlardagi omborlarga jo‘natiladi. Mutasaddilar bu mahsulotlarni ehtiyojmand oilalarga yetkazib beradi», – dedi Mohinur Qosimova.

Markazda ikki kun davomida GRANDPHARM farmatsevtika korxonasi o‘zining «Ming oilaga xayriya» homiylik xayriya aksiyasini tashkil qilgan. Korxona markaz orqali ming oilaga 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy niqoblar va 250 ming so‘mdan pul tarqatmoqda.   

«Xalqimizni karantin davrida qo‘llab-quvvatlash va ehtiyojmand oilalarga mahsulotlar yetkazib berish uchun GRANDPHARM korxonasi xayriya tashkil qildi. Andijon viloyati uchun 1000ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon uchun mablag‘ ajratdik. Bu xayriya aksiyasini Toshkent viloyatidan boshlagan edik. Ayni paytda Andijonda davom etyapti», – deydi «GRAND PHARM TRADE» MChJ vodiy hududiy rahbari Qahramonjon Otaxonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya xayriya aksiyasini 16 apreldan Namangan viloyatida davom ettiradi, uchta viloyatda mingtadan 3 mingta oilaga homiylik yordami ko‘rsatiladi.

«Ayni paytda Andijondagi homiylik mahsulotlarini qadoqlash ishlari yakunlandi. Kechadan tarqatishni boshladik. To‘plamda 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bor, ularning har biri 5 kg.dan qilib qadoqlangan.

Bundan tashqari, har bir xonadon uchun tibbiyot niqoblari va dori-darmon uchun 250 ming so‘m miqdorida pul mablag‘lari ham ajratdik», – deydi «GRAND PHARM TRADE» MChJ vakili.

Markazda tarqatish uchun tayyor holga kelgan mahsulotlar LABO avtomashinalarida tuman va shaharlarga yo‘l olmoqda.

Biz Andijon shahridagi oilalarga xayriya mahsulotlarini tarqatish jarayonida qatnashdik. Shundan so‘ng viloyatning Oltinko‘l tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limining homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazida ham bo‘ldik. Batafsil yuqoridagi videoreportaj tomosha qilishingiz mumkin.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top