23:03 / 16.04.2020
66743

Tojikistonda rasman koronavirus yo‘q. Ammo bu yerda ham pandemiyani his qilishmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda koronavirus tarqalishi pandemiya bosqichiga o‘tgani haqida e'lon qilganidan buyon bir oy vaqt o‘tdi, virus barcha qit'alarni qamrab olgan, Tojikistonda esa Covid-19 bilan zararlanganlar rasman qayd etilmagan. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi va BMTning Tojikistondagi vakili virusdan zararlanish holatlari yo‘qligini tasdiqlagan.

Rossiyadagi ko‘plab migrantlar karantin sharoitida ishini yo‘qotdi. Bunday vaqtda yangi ish topish oson emas / GETTY IMAGES

BBC muxbiri koronavirus tasdiqlanmagan bo‘lsa-da mamlakat aholisi bundan qanday zarar ko‘rayotgani haqida o‘rgandi.

43 yoshli Shahlo (haqiqiy ismi sir tutilgan) Covid-19 haqida ilk marta televizor orqali Xitoydagi yangiliklardan eshitgan. O‘shanda bu hali juda uzoqda edi va u hayoti qanchalik o‘zgarib ketishini tasavvur qila olmasdi.

U yetti yil muqaddam Dushanbedan Moskvaga kelgan, uning o‘tgan yillardagi hayoti ish va uy orasida o‘tdi. Avvaliga u farrosh bo‘lib ishlagan, keyin sartarosh, atigi bir oy oldin do‘konga sotuvchi sifatida ishga kirgandi. Moskvada Shahlo o‘g‘li bilan yashaydi. Dushanbeda qizi va nabirasi qolgan.

«Men urushda erimni yo‘qotganman va bolalarimni yolg‘iz voyaga yetkazganman, qizim juda erta turmushga chiqqan va tezda ajrashgan. O‘shanda men unga farzandini katta qilishda yordam berish uchun Moskvaga ketishga qaror qilgandim. Shundan buyon to‘xtovsiz ishlab kelaman», deya hikoya qiladi Shahlo.

Ammo bir oy avval u birinchi marta ishsiz qoldi - u ishlagan do‘kon karantin choralari tufayli yopildi. U ishdan bo‘shaganida tezda boshqa ish topishiga umid qilgandi, ammo uning tanishlari ishlaydigan barcha joylar yopilgandi.

Hozirda Shahlo va uning yetti nafar vatandoshi ikki xonali kvartirada yashamoqda. Karantin vaqtida Moskvada ish topish esa juda qiyin. «Menda hozirgacha ro‘yxatdan o‘tib qo‘yish uchun vaqt bo‘lmadi, men bu yerda qolishim uchun patent muddatini uzaytirishim kerak. Buni qanday qilishni bilmayman, ijara haqini qanday qilib to‘lashimni bilmayman, ammo eng qo‘rqinchlisi - birgina menga qarab qolgan qizim va nabiramga qanday yordam berishni bilmayman», - deydi ayol.

Shahloning o‘g‘lining biroz omadi keldi: u oziq-ovqat yetkazib beruvchi kurer sifatida ishga kirdi. Ammo uning topgani Moskva va Dushanbedagi to‘rt kishini boqish uchun yetmaydi. Shahlo va uning o‘g‘li Dushanbega qaytishdan ma'no yo‘q deb hisoblashmoqda, u yerda hozir ham ish yo‘q.

Qaramlik
Shahloning qizi - Tojikistondagi hayoti xorijdagi qarindoshlari pul yuborishiga qisman yoki to‘liq bog‘liq bo‘lgan yuz minglab kishilardan biri. Ayni vaqtda bir millionga yaqin tojikistonlik Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lib ishlaydi. 2019 yilda ular yuborgan mablag‘lar (2,576 milliard dollar) Tojikiston YaIMining uchdan bir qismiga teng.

Siyosatshunos va tadqiqotchi Pavriz Mullajanovning hisoblashicha, Rossiyadan pul o‘tkazmalari qisqargach Tojikiston hukumati kichik va o‘rta biznesga tayana boshladi. Hukumat aynan shunday korxonalardan soliq tushumlari to‘xtamasligi uchun karantin e'lon qilishni ortga surmoqda.

JSST tavsiyalariga qaramasdan, hukumat mamlakatda cheklov choralari joriy etmayapti, barcha muassasalar odatiy rejimda ishlashda davom etmoqda, oliy ta'lim muassasalari va maktablar ham ochiq. Hatto bu yil bahorgi armiyaga chaqiruv ham bekor qilinmadi.

GETTY IMAGES

Hukumat bunday xotirjamlikni mamlakatda koronavirus aniqlanmagani bilan izohlamoqda.

«Hukumatning mantig‘i shunday, ular aholining aksar qismi yoshlardan iboratligi tufayli bu virus keng tarqalishi oldini olishlariga ishonishmoqda, keksa yoshdagilarning kasallanishini esa yashirishmoqchi. Ammo mamlakatning geografik joylashuvi va qo‘shni mamlakatlarda koronavirus tarqalgani hisobga olinsa, bunday o‘ylash juda soddalikdir», degan Mullajanov.

Ekspertlar Tojikiston o‘z chegaralarini mahkam yopib, koronavirusni o‘z hududiga kiritmagan bo‘lsa ham, mamlakat global inqirozdan chetda qololmaydi deb hisoblashmoqda.

Tojikiston pandemiyaga qadar ham MDH hududidagi eng qashshoq davlat edi. Jahon banki tahlillariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti tashqi ta'sirlar qarshisida ojiz qoladi.

Osiyo taraqqiyot banki virus mintaqa iqtisodiyotiga chuqur ta'sir ko‘rsatishini prognoz qilgan. «Covid-19 pandemiyasining Tojikiston iqtisodiyotiga ta'siri keyinroq to‘liq ko‘rib chiqilishi va baholanishi kerak. Chunki hozirgi prognozlar barqaror bo‘lmaydi. Ammo pandemiya hozirdan savdoda uzilishlarni yuzaga keltirdi, investitsiya loyihalarini sekinlashtirdi, daromadlarni qisqartirdi, milliy valutani qadrsizlantirdi, sog‘liqni saqlash tizimi xarajatlarini oshirdi, mehnat migratsiyasini chekladi va turizmdan daromadlarni kamaytirdi», deya qayd etgan OTBning Tojikistondagi doimiy vakili.

Tojikiston moliya vazirligi yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan «ikkinchi darajali xarajatlar qisqartirilishi» ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qilgan, ammo bu reja tafsilotlari va qisqartirish aynan qaysi sohalarga taalluqliligi bo‘yicha izoh berilmagan.

Tojikiston epidemiyaga tayyor bo‘lmagan davlatlar qatorida. Mamlakat sog‘liqni saqlash xavfsizligi reytingida 195 davlat ichida 130-o‘rinda turadi.

Vahimadan qo‘rquv
Iqtisodiy inqiroz mamlakatdagi umumiy vaziyatga ta'sir ko‘rsatishi mumkin, mamlakat 23 yil oldin fuqarolar urushini boshdan kechirgan, shu tufayli Tojikiston hukumati aholi orasida koronavirus bilan bog‘liq vahima yuzaga kelishidan qochishga urinmoqda.

Internetda mamlakatga allaqachon Covid-19 kirib kelganini faol muhokama qilishmoqda. Ammo sog‘liqni saqlash vazirligi ikki marta So‘g‘d viloyatidagi Jabbor-Rasul tumanida ikki kishi koronavirus qurboniga aylangani haqidagi xabarlarni rad qilib, ular aslida surunkali kasalliklardan vafot etgani haqida bayonot bilan chiqdi. Vafot etgan bemorlarga qaragan shifokorlar karantinga olingani esa umumiy ehtiyotkorlik choralari sifatida izohlangan.

Shifoxonaning sobiq bosh shifokori Dilmurod Raxmatulloyev «Aziya-Plyus» nashriga aytishicha, ayni vaqtda mamlakatda 400 kishi karantinga joylashtirilgan. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi BBC nashrining bu xabar bo‘yicha izoh berishni so‘rab qilgan murojaatlarini javobsiz qoldirgan.

Bunday xabarlar Tojikiston aholisini jiddiy tashvishlantirmoqda. 25 yoshli Manija Dushanbeda marosimlar tashkilotchisi sifatida ishlaydi va hamon ofisiga qatnamoqda. Ammo u mart oyi boshiga qadar haftasiga 30 kishiga trening o‘tgan bo‘lsa, JSST pandemiya e'lon qilgach, mashg‘ulotlar onlayn o‘tila boshlandi.

«Biz auditoriyamiz bilan tavakkal qilishni istamaymiz, shuning uchun biz onlayn-formatga o‘tdik. Ammo, o‘zimiz, afsuski avvalgidek ofisdan ishlayapmiz. Men pensioner ota-onam hamda keksa buvam bilan yashayman, ya'ni men kasallansam, ularning hayotini xavf ostida qoldiraman», - deydi Manija.

Manija har kuni odamlar bilan to‘la marshrutkada ishga qatnaydi, yo‘lovchilarning aksar qismi niqob taqmaydi. Qizning aytishicha, tojikistonliklarning aksari ijtimoiy masofalanish haqida hech narsa bilishmaydi.

Dushanbedagi bozorlardan biri 2019 yil yozida shunday ko‘rinishda edi. Tojikiston poytaxti ko‘chalarida hozir ham odam ko‘p
ANADOLU AGENCY

Qat'iy karantin choralari joriy etilgan qo‘shni davlatlardagidan farqli o‘laroq, Dushanbe ko‘chalarida odamlar ko‘p. Shahardagilarning bir qismigina o‘z xohishi bilan ihotalangan va imkon qadar ko‘chaga kamroq chiqishmoqda.

Ayni vaqtda mamlakatda uyga oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetkazib berish xizmatlariga talab ortgan. Shaharda limon va sarimsoq piyoz narxi haddan tashqari ko‘tarilib ketgan. Ko‘pchilik aynan shu mahsulotlar virusdan himoyalaydi deb hisoblashadi. Umuman olganda, Dushanbeda hayot deyarli o‘zgarmagan. Cheklov choralari qo‘llangan birgina joy - poytaxtdagi stadiondir. Bu yerda futbol o‘yinlari tomoshabinlarsiz o‘tkazilmoqda.

Futbol o‘yinlari davom etmoqda, faqat tomoshabinlarsiz / REUTERS

«Men niqob taqishimga faqat bir marta zarurat bo‘ldi. Pasport stolida. Biz 16 yoshga chiqqan o‘g‘limga pasport olish uchun borgandik, u yerdagilar bizdan tibbiy niqob taqishni so‘rashdi, ko‘chada esa niqob taqib yurganlar juda kam uchraydi», deydi 41 yoshli Nasibaxon.

Nasibaxon - katta bo‘lmagan kompaniya rahbari, kompaniya xodimlari masofadan ishlashi bo‘yicha qarorni uning o‘zi qabul qilishi mumkin. Dushanbeda o‘zini yakkalash tartibiga va ijtimoiy masofa saqlashga faqat xalqaro tashkilotlar xodimlarigina amal qilishmoqda, ko‘plab kompaniyalar va korxonalar odatdagi kabi ishlashni davom ettirishmoqda.

Ikki million o‘quvchi va talabalar o‘qishga qatnashda davom etmoqda. Hukumat bahorgi ta'tildan keyin maktablarda ta'lim davom etishi haqida qaror qabul qilganida, ota-onalar va o‘quvchilar esa barcha ta'lim muassasalari yetarlicha dezinfeksiya qilingani tufayli xotirjam edi.

Masjidlar ham ochiq
AQSh xalqaro rivojlanish agentligining (USAID) Markaziy Osiyoda ta'lim va sog‘liqni saqlash ofisi direktori Joshua Karns Covid-19 mavzusidagi brifingda Tojikistonni kasallanish holatlarini yashirishda ayblashga asos yo‘qligini qayd etib o‘tdi.

«Men Tojikistonning ma'lumot berish bo‘yicha shaffofligiga shubha qilmayman. Ehtimol, testlar hozircha koronavirusni aniqlay olmayotgandir. Menimcha, Tojikistonda odamlarni test qilish ko‘lamini kengaytirish kerak», - degan Karns.

Sog‘liqni saqlash vazirligining mamlakatda koronavirus yo‘qligi haqidagi bayonotini JSSTning ushbu mamlakatdagi rasmiy vakili Galina Perfileva ham «Tojikiston» telekanali efirida tasdiqlagan.

Perfileva Tojikiston hukumati va mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligini virus mamlakatga kirib kelishi oldini olishdagi choralar uchun maqtagan. Tojikiston qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni yopib qo‘ygan, mamlakatga xorijliklar kirishini taqiqlagan va xalqaro reyslarni to‘xtatgan.

«So‘nggi oylarda xorijdan kelgan 6 mingdan ortiq kishi karantinda bo‘lgan. Ayni vaqtda 4 mingga yaqin kishi karantin hududlarida qolmoqda», - deydi Perfileva.

Tojikistonda xorijdan keladiganlar uchun yana jami 3 ming kishilik 4ta statsionar tayyorlab qo‘yilgan, bu muassasalar Dushanbe, Xo‘jand va Boxtarda joylashgan.

Shu bilan birgalikda, chegaralar yopilishidan oldinroq mamlakatga har kuni yuzlab kishilar uchib kelganiga (quruqlik orqali kirganlarni hisoblamaganda) e'tibor qaratib, mamlakatga o‘sha vaqtda virus olib kirilganini aytayotganlar ham bor.

Qo‘shni Qirg‘izistonda Saudiya Arabistonida umradan qaytgan odamlarda koronavirus aniqlangandi. Tojikistonda ham hajdan qaytganlar bor va ularning holati ma'lum emas. Mamlakatdagi masjidlar dezinfeksiya qilinib, yana jamoat namozlari uchun ochildi. Bundan tashqari, Tojikiston hukumati JSST tavsiyalariga qaramasdan 21 mart kuni Navro‘z bayramini o‘tkazishga qaror qildi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top