16:28 / 16.04.2020
32091
Video: Tramp koronavirusga qarshi choralar mavzusida jurnalist bilan bahslashdi

13 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokida Oq uyda koronavirus mavzusida o‘tkazilgan navbatdagi brifingda davlat rahbari va muxbirlardan biri o‘rtasida bahs kelib chiqdi.

Foto: AFP

Jurnalistlar bilan murosa qilishni xush ko‘rmaydigan Tramp bu gal CBS News muxbiri Paula Reydning savoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermay, gapni boshqa yoqqa burdi – OAV va demokratlarni ayblashga o‘tdi.

Muxbir prezidentdan mamlakatni koronavirus pandemiyasidan saqlab qolish uchun qanday choralar ko‘rgani haqida so‘radi. «Now This» media kompaniyasi tarqatgan videodan ko‘rinishicha, bu savolga Tramp tomonidan aniq javob bo‘lmagan.

«Men o‘n minglab, balki yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qoldim», – deydi Donald Tramp.

– Xitoydan qatnovni to‘xtatgandan keyin vaqtni shifoxona qurishga, test o‘tkazishga sarflamadingiz.

– Siz o‘zingizni juda yomon tutyapsiz. Meni eshiting. Men bularning barchasini o‘ylab ko‘rdim.

– Odamlar o‘zlarini xavfsiz his qilishi kerak. Misli ko‘rilmagan inqiroz yuzaga kelyapti.

– Butun AQShda qanday yo‘l tutish kerakligini hech kim bilmasdi. Lekin men buni qildim.

– Aynan nima qildingiz?

– Nima qilganimizni bilmoqchimisiz?

– Siz ko‘rsatgan videoda fevral oyi uchun hech narsa ko‘rsatilmagan. Vaholanki, fevral oyida kasallanish holatlari bor edi.

– Butun AQSh bo‘yicha birorta ham kasallanish qayd etilmagan holatda, siz nima qilgan bo‘lardingiz?

– Fevral oyida kasallanganlar bor edi.

– Uzr, ammo sizlar bu haqida xabar bergansizlar. 17 yanvar holatiga ko‘ra, kasallanish va o‘lim holatlari mutlaqo yo‘q, deb aytgansizlar.

– Bu yanvar holatida. Men fevral haqida so‘radim.

– Men yanvar haqida gapiryapman.

– Aynan kasallik holatlari qayd etila boshlangandan keyin siz va sizning administratsiyangiz nima qilganini bilmoqchiman.

– Biz ko‘p ishlar qildik. Biz qilingan ishlar ro‘yxatini beramiz.

Shundan so‘ng AQSh prezidenti jurnalistlarni soxta axborot tarqatishda ayblaydi.

«Siz soxta ekanligingizni bilasiz. Tahririyatingiz soxta xabar beradi. Hammangiz emas, lekin aksariyatingiz feyk axborot berasiz. Reytinglaringiz tobora pastlab bormoqda, taxminan uch baravarga tushib ketgan.

So‘rashga ijozat bering. Nega Jo Bayden va demokratlar men boshqa davlatlar bilan qatnovni to‘xtatganimni tanqid qilishgandi? Chunki men juda tez kerakli qarorni qabul qildim.

Biz boshqa mamlakatlarni kuzatdik.Ularda ahvol yomonlashib borayotgan edi. Lekin bizda hali poytaxt ochiq edi. AQSh yopilishi mumkinligini hech kim tasavvur qila olmasdi. Biroq men uni yopdim. Bu katta ish bo‘ldi. Agar bunday qilmaganimizda minglab, yuz minglab odam o‘lib ketishi mumkin edi», – dedi Tramp.

Ma'lumot uchun, Qo‘shma Shtatlarda koronavirusga chalingan ilk bemor 20 yanvar kuni tasdiqlangan – besh kun oldin pandemiya markazi Uhandan kelgan 35 yoshli fuqaroda virus aniqlangan.

Yuqoridagi dialogdan oldin prezident AQShda yil boshidan hozirgacha koronavirusga qarshi qo‘llanilgan choralar taymlayni aks etgan videoni taqdim etgan.

Unga ko‘ra:

7 yanvar – Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (CDC) AQShda COVID-19 bilan zararlanish holatlarini kuzatish tizimini ishga tushirdi.

20 yanvar – AQShda koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi.

31 yanvar – Tramp Xitoydan AQShga barcha qatnovlarni bekor qildi.

6 fevral – Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi birinchi test to‘plamini chiqardi.

2 mart – AQSh farmatsevtika kompaniyalari koronavirusga qarshi vaksina ustida ish boshladi.

11 mart – Yevropadan AQShga qatnovlar bekor qilindi.

13 mart – Tramp AQShda favqulodda holat e'lon qildi.

17 mart – Bepul teplovizorlarga buyurtma berildi.

18 mart – Mudofaa vazirligi shifoxonalarga 1 mln dona tibbiy niqob yetkazilishini ma'lum qildi.

Shuningdek, brifingda taqdim etilgan videoda jurnalistlar avvaldanoq koronavirus xavfini kamaytirib ko‘rsatuvchi ma'lumotlar tarqatgani aytilgan, Trampning mamlakatga Xitoydan qatnovlarni bekor qilishini demokratlar ksenofobiya deb baholagani ko‘rsatilgan.

Qayd etish kerak, bu – Donald Tramp shu paytga qadar Oq uyda o‘tkazgan brifinglar ichida eng uzoq davom etgani bo‘ldi: matbuot anjumani 2 soatdan ortiqroq davom etgan.

Ma'lumot uchun, dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 30 foizi – AQSh aholisi. Mamlakatda 3 oy ichida 644 mingdan ortiq kishi virus yuqtirib oldi, qurbonlar soni 28 mingdan oshdi. Tuzalganlar – 48 ming nafar. Bemorlarning 13 mingdan ortig‘i og‘ir ahvolda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top