09:42 / 16.04.2020
11922

Yangi haydovchilik guvohnomasini tiklashni DXM orqali amalga oshirish taklif etilmoqda

Yangi shakldagi milliy haydovchilik guvohnomasini tiklashni Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish taklif qilindi

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida yangi shakldagi milliy haydovchilik guvohnomasini tiklashni Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish haqida petitsiya joylashtirildi.

Qayd etilishicha, yangi shakldagi milliy haydovchilik guvohnomasini tiklashni Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish lozim. Elektron hukumatning afzalliklarini fuqarolar amalda bilishi lozimligi aytiladi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrdagi “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4546-sonli qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ijrosini ta'minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 

Haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish va haydovchilik guvohnomasini tiklash bo‘yicha talab etiladigan hujjatlar soni ko‘p. Bunda talab etiladigan hujjatlarni 5 tadan 1 taga (faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga) tushirish lozim. To‘lov masalasida: haydovchilik guvohnomasini tiklashga yagona narxni belgilash lozim. Yo‘qotilganligi yoki shikastlanganligi deb ajratmaslik kerak. Guvohnoma ichidagi ma'lumotlarni saqlovchi tizimga zarar yetganda, ya'ni guvohnomani aslini taqdim etganda bepul tiklab berish yoki Bazaviy hisoblash miqdorning 10 foizidan ortmasligi lozim. 

Muddat masalasida: haydovchiga guvohnoma tiklanishi vaqtida bir oylik muddatga vaqtinchalik guvohnoma berilishini bekor qilish kerak. Davlat xizmatlari markazidan to‘lovni qilib bir soat ichida olib ketaversin. Haydovchilik guvohnomasi yangi shaklga o‘tmoqda, lekin biz qog‘ozbozlikni kamaytirmayapmiz. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-sonli qarorining 2-ilovasi (66-73-bandlari)ni qayta ko‘rib chiqish kerak. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi 116-sonli qarorida eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangi milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtirish soddalashtirilgan, ammo milliy haydovchilik guvohnomasini yo‘qolgani o‘rniga yangisini berish tartibini byurokratik to‘siq desak bo‘ladi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, yangi shakldagi milliy haydovchilik guvohnomasini tiklashni Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish taklif qilingan.

Top