12:15 / 17.04.2020
223415
Eng yaqinlarim oldida aybsiz aybdor bo‘lib qolgandim – O‘zbekistonda virus birinchi bo‘lib aniqlangan Nigora Muratova bilan suhbat

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus aniqlangan ilk bemor Nigora Muratova o‘tgan vaqt davomida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi, u haqida turli bahsli ma'lumotlar tarqaldi. Kun.uz sayti vaziyat yuzasidan fikrlarini olish uchun u bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi.

– Nigora opa, keling hammasini boshidan boshlaymiz. Fransiyaga nima ish bilan borgandingiz, kimlar bilan edingiz va u yerda necha kun bo‘ldingiz?

– Fransiyaga ikki maqsad bilan borgandim, jiyanim [ijtimoiy tarmoqlar orqali xolasi bilan Fransiyadagi videosini namoyish etgan o‘smir – tahr.] va murabbiyining musobaqadagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash uchun. Ikkinchidan, men Fransiyada faqat bir kun bo‘lib, boshqa davlatga uchib ketganman. Sheriklarim 5 martda Turkiya orqali ortga qaytishgan. Shu jiyanim ham karantinga olinib tekshirildi, Allohga shukr, unda hech qanday kasallik aniqlanmadi. 10 mart kuni boshqa davlatdan Parijga uchib keldim va ertalabdan kech soat 17:00gacha aeroportning tranzit hududida bo‘ldim.

O‘zbekistonga taxminan 40-50 nafar yo‘lovchi uchib keldik. Ertalab, ya'ni 11 mart kuni soat 5:30da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nganmiz. Samolyotga mutaxassislar chiqib, teplovizorlar bilan hammaning tana haroratini o‘lchashdi.

Aeroportda meni turmush o‘rtog‘im kutib oldi va uyimizga olib ketdi. Boshqa davlatdan Fransiyaga 9 soat uchganman, aeroportda kechgacha bo‘lib, yana Toshkentgacha 7 soat uchganmiz. Tabiiyki juda charchaganman va 11 martda kun bo‘yi uyimda uxlaganman. 12 mart, payshanba kuni tushlik paytida 5 kishi mehmonga kelishdi. O‘zimiz, kelinlarim, qizlarim bilan uyda edik. Hammamiz, nari borsa 10 kishi yig‘ilgan edik. 35 kishini mehmon qilgan degan gaplar to‘g‘ri emas – o‘zim ko‘p qavatli uyda turaman va uyimga buncha odam sig‘maydi.

– O‘zingiz shifokorsiz, kasallikning ilk belgilarini qanday his qildingiz va koronavirus degan taxmin dastlab qanday paydo bo‘ldi? Tashxis haqida qayerdan bildingiz?

– O‘zi fevral oyi boshlarida Xitoyga borish uchun chipta ham olgandim. Klinikamizga uskunalar olib kelishim kerak edi. Aynan koronavirusdan qo‘rqqanim uchun safarni bekor qilgandim. Lekin baribir shu kasallikka chalinish peshonamda bor ekan.

Yuqorida aytganimday, uyga kelgunimcha ham, keyingi bir kunda ham kasallikning biror alomati yo‘q edi. 13 mart, ya'ni juma kuni o‘zimda biroz lohaslik his qildim. Haroratim ko‘tarilmagan, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i yo‘q, faqat boshim og‘rib, holsizlik paydo bo‘ldi. Keyin tanish virusolog vrachga qo‘ng‘iroq qildim va o‘zimni tekshirtirmoqchiligimni aytdim. Shifokor 14 mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga kelishimni aytdi, boshqa joyda bu kasallikka test o‘tkazilmasligini bildirdi.

13 mart kuni ishimga bordim, 1,5 soatga yaqin payt faqat kabinetimda, kompyuterimda ishladim. Lekin hech qaysi shifokorning xonasiga kirmadim, kasal qabul qilmadim. Vrach diplomiga ega bo‘lsamda, ayni paytda amaliyotchi shifokor emasman. Asosan klinikani rivojlantirish ishlari bilan shug‘ullanaman. Ishxonadan uyimga qaytdim va yana xonamga kirib yotdim.

14 mart kuni, shanba kuni ertalab xo‘jayinim bilan institutga bordik va tanish shifokorlarim bilan birga soat o‘nlarda tahlil topshirdim. Menga navbatchi vrachning raqamini berishdi va kechga tahlil natijasini so‘rashim mumkinligini aytishdi. 18:00gacha uyda bo‘lganman va hech kimni yonimga kiritmay yana uxlaganman. Keyin telefon qilib so‘raganimda tahlilingiz manfiy [ya'ni virus aniqlanmadi] deyishdi.

Shundan keyin xursand bo‘lib, nevaramni, qizimni quchoqlab o‘pdim. Holatni yo‘lning charchog‘i, deb o‘yladim. Lekin soat 20:30larda menga ustma-ust telefon bo‘la boshladi va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasidan ekanliklarini aytib, hozir tez tibbiy yordam mashinasi meni institutga olib ketishini bildirishdi. Yaxshiyamki o‘sha kuni men tez yordam mashinasida ketmaganim, sababi, u paytda xodimlar hozirgiday maxsus formalarda emasdi, ularga ham virus yuqtirishim tayin edi.

Kichik o‘g‘lim bilan 21:00larda tez yordam mashinasi ortidan virusologiya institutiga yetib bordik. Epidemiolog ayol meni 1,5 soat davomida so‘roqqa tutdi va kimlar bilan uchrashganim, butun oilam haqida ma'lumot oldi. O‘g‘lim ikkimizdan tahlil olib, bitta izolyatorga olib kirishdi. O‘shangacha ham men o‘zimni yaxshi his qilganman, bu kasallikning tashqi alomatlari yo‘q edi.

– Ilk kunlari shifoxonada yolg‘iz bemor edingiz. Dastlabki bemor bo‘lganingiz uchun shifokorlarda sarosima yoki davolash taktikasi bo‘yicha parishonlik sezildimi?

– O‘sha kuni ertalab soat oltigacha o‘g‘lim bilan uxlamay chiqdik. Soat sakkizda shifokorlar kelib, ikkovimizni ham alohida izolyatorga yotqizishdi va menda ham, o‘g‘limda ham tahlil musbat chiqqanini [ya'ni virus aniqlandi] aytishdi.

Shu kunning o‘zidayoq klinikamizdagi 111 kishi, oila a'zolarim, kelgan mehmonlar, onam, opa-singillarim, jiyanlarim, xullas men bilan ko‘rishgan hamma karantinga olindi.

Shu kuni soat 15:00larda Londondan qaytgan er-xotinlar olib kelindi va ularda ham kasallik aniqlandi. Ular yonimdagi boksga joylashtirildi, biz faqat telefon orqali muloqot qilib turdik. Karantin juda jiddiy tus oldi, chetdan kelganlar bittalab tekshirila boshlandi. Shifoxonada ham odam ko‘payib ketdi.

Lekin shifokorlar sarosimani sezdirmay, hammasini joy-joyiga qo‘yib, astoydil davolashga kirishishdi. Dori-darmon, sharoit bo‘yicha ham umuman kamchilik sezilmadi. Butun jarayon shaxsan prezidentimiz nazoratidaligini his qilib turdik. Davolanishimizga sababchi bo‘lgan va hozir ham kasallikka qarshi kurashayotganlarning hammalari sog‘ bo‘lishsin.

– Oilangizdan yana bir necha kishi kasallikka chalingan. Ularning necha nafari sog‘aydi va necha nafari davolanishni davom ettirmoqda?

– O‘sha kunlari oila a'zolarimdan 13-14 kishi shu kasallikka chalingani haqida aytishganida dunyo teskari bo‘lganday tuyilgandi, chuqur shokka tushgandim. Ko‘z oldimga har xil vahimali holatlar kelgan, juda qo‘rqqanman. Kasallikning asosiy alomatlari bo‘lmasa-da, 50 yoshli turmush o‘rtog‘im, 68 yoshli onam, 40 yoshli ukam, 25 yoshli o‘g‘limda ham virus aniqlandi. Bu narsani ko‘tarish ayol kishi uchun, ona uchun juda og‘ir.

Chunki men birinchi navbatda eng yaqin insonlarim oldida beayb aybdor bo‘lib qolgandim. Holbuki safarda, yo‘lda doim niqob, qo‘lqop taqib yurgandim.

Kasallikning birinchi belgilarini o‘zimda 7-8-kunlari his qila boshladim. Haroratim ko‘tarildi va quruq yo‘tal paydo bo‘ldi. O‘g‘limda kasallik yengil, onam, xo‘jayinim va ukamda og‘irroq o‘tdi. Hozirga qadar men o‘zim reabilitatsiyadaman, onam, ukam va o‘g‘lim virusologiya institutida davolanishni davom ettirishmoqda. 

– Koronavirusga chalingan ilk bemor sifatida qayd etildingiz. Bu holatning psixologik ta'sirini his qilyapsizmi?

– Shu peshonamda bor ekan-da... Bu sinovdan ham og‘irrog‘i – ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratlar juda ham dilimni og‘ritdi. Hozirgacha kasallikka chalingan 1300dan ortiq, sog‘ayib chiqqan 129 nafar bemor to‘g‘risida omma deyarli hech narsa bilmaydi va ularda psixologik bosim bo‘lmadi. Tibbiyotda ma'lumki, kuchli stress immunitetni tushirib yuboradi. Meni nafaqat koronavirus kasalligi, balki shunday ma'naviyati past odamlarning haqoratlari juda qiynadi, soatlab uzluksiz yig‘lashga majbur qildi. Axir men kasallikni ataylab olib kelmaganman-ku, birinchi navbatda oilamga, jigarlarimga o‘zim yuqtirmayman-ku!

Hozirgi davrda bu kasallikka chalinganlar soni dunyo bo‘yicha 2 mln kishidan oshib ketdi. Pandemiya bu, aybdor qidirishning o‘zi mantiqsizlik.

– Vafot etgan bemorlardan biri siz bilan muloqotda bo‘lgani aytildi. Bunga qanday izoh berasiz?

– O‘sha 39 yoshli LOR vrachni Alloh rahmatiga olsin. Vafot etganini eshitib, shifoxonada turib onam ham, men ham duo qildik. Men u vrachning og‘ir ahvolda reanimatsiyaga kelib tushganini eshitdim, ammo kimligini bilolmadim. Vafot etganining ertasiga «birinchi bemor bilan muloqotda bo‘lgan» degan xabarni eshitib, yana, ikkinchi marta shokka tushdim. Chunki keyin men bu insonning ism-familiyasini aniqladim, aminmanki marhumni umuman tanimayman, hech qachon ko‘rmaganman, qayerdan bunaqa ma'lumot paydo bo‘lganiga ham hayronman.

Men ishlagan klinikaga bog‘liq 111 kishi, 42 bemor va 69 xodim [shifokorlar, hamshiralar, xo‘jalik xodimlari] 19 kun karantinda bo‘lishdi, hammalari sog‘-salomat uylariga qaytishdi, hech kimda kasallik aniqlanmadi. Men yashaydigan ko‘p qavatli uydagi 72 xonadon 15 kun karantinda bo‘ldi va u yerda yashovchilarning hammasi ham sog‘-salomat.

Bu yerda men ikkinchi kuniyoq o‘zim borib test topshirganim juda to‘g‘ri ish bo‘lgan, deb o‘ylayman. Chunki klinika rahbari sifatida o‘zimning ishxonamga borib LOR vrachga, terapevtga yoki boshqa mutaxassisga uchrashishim, birorta palataga kirib davolanishim ham mumkin edi.

Oila a'zolarim, do‘stlarim, yaqinlarim meni qo‘llab-quvvatlashdi va hech kim meni ayblagani yo‘q, lekin meni umrida ko‘rmagan odamlar ayblashdan to‘xtashmayapti. Hozirgacha ham yaqinlarim meni turli bo‘htonlardan himoya qilishga urinishyapti.

– Ijtimoiy tarmoqlarda sizning nomingizdan turli bayonotlar tarqaldi. Ulardan birida ayol kishi sizga tegishli test natijasi aslida manfiy bo‘lganini aytadi. Bunga qanday munosabat bildirasiz? Bu hissiyot natijasida aytilgan so‘zlarmi yoki haqiqatan ham shunday bo‘ldimi?

– Haqiqatan ham o‘sha [tahlil ilk marta topshirilgan] kuni menda kasallik aniqlanmaganini aytishgani uchun men to‘rt kungacha [virusga chalinganimga ishonmay] qarshilik ko‘rsatganman. Kasallik yuqmagan, oila a'zolarimning hammasi shu kasallikka chalinishi mumkin emas deganmanmi, ilk bemor bo‘lishni istamaganmanmi, bilmayman. Ruhiy holatim yaxshi bo‘lmagan paytda chiqishlar qilganman... Bu savolga javob berishim juda ham qiyin, chindan ham hissiyot natijasida aytilgan so‘zlar bular.

Bugun ham, 33 kundirki koronavirusdan davolangan bo‘lsam ham hamon ahvolim yaxshi emas. Yuragimda salbiy o‘zgarishlar aniqlandi. Eng muhimi – boshimdan o‘tkazganlarim men va oilam uchun nihoyatda og‘ir zarba bo‘ldi.

Hech kimning boshiga bu kunlar tushmasin. Himoyalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarga qat'iy amal qilish, kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilan virusolog shifokorga murojaat qilish zarur. Hamma o‘z ehtiyotini qilib yursin va biror kishi bu kasallikka chalinmasin.

 Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top