08:20 / 17.04.2020
26599
«Hammasi ham Tramp o‘ylaganidek emas». AQShda ‘iqtisodiy bum’ bo‘lishi qanchalik haqiqatga yaqin?

Donald Tramp AQShda savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari faoliyatiga, harakatlanishga cheklovlarni tezroq bekor qilmoqchiligini, shundan so‘ng «iqtisodiy bum» bo‘lishini bashorat qildi. Lekin iqtisodchilar buning aksini ta'kidlashmoqda: koronavirus xavfi butkul tugamaguncha iqtisodiy faollik tiklanadi, deb aytish qiyin.

Foto: AP/Alex Brandon

The New York Times’ning yozishicha, virusga qarshi vaksina topilmaguncha iqtisodiyotda o‘nglanish kuzatilishi dargumon.

Biznes egalari iqtisodiy cheklovlar bekor bo‘lgandan so‘ng barchasi yana avvalgidek bo‘lishiga ishonmayapti.

Birgina misol. Denverda restoran va mehmonxona tarmoqlari – Sage Hospitality Group egasi Uolter Izenberg 6000 nafar ishchisining 5000 nafarini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Uning kunlik daromadi 3 mln dollardan 40 ming dollargacha (naq 75 baravar) tushib ketishi uchun atigi 3 hafta kifoya qildi.

Qachonlardir o‘z faoliyatini idish-tovoq yuvishdan boshlagan Uolter Izenberg 5000 kishini ishdan bo‘shatish oson bo‘lmaganini aytadi.

«Xodimlarimga qiyinligini tushunaman. Ularni yana ish o‘rniga qaytarishni istayman. Lekin iqtisodiy muammolar yil yakuniga qadar davom etishi mumkin.

Prezident ham tezroq Amerika iqtisodiyotini oyoqqa qo‘yish haqida o‘ylayapti. Lekin hammasi Tramp bashorat qilayotgandek emas. Koronavirus uchun samarali davo yoki vaksina topilmagunga qadar iqtisodiyot ham «sog‘aya olmaydi». Odamlar avvalgidek sayohat, vaqtichog‘lik qilishga shoshilmayotganini ko‘rib turibman», deydi Izenberg.

Karantindagi Uoll-strit, Nyu-York
Foto: Lucas Jackson / Reuters

Donald Tramp karantin va u bilan bog‘liq cheklovlarni tezroq yumshatish tarafdori. Chunki cheklovlar 11 yillik iqtisodiy taraqqiyotni chippakka chiqardi, millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi.

Ammo hammasi cheklovlarni bekor qilgan bilan hal bo‘lib qolmaydi. Restoran va do‘konlarning yana ochilishi insoniyat xarid uchun tayyor degani emas: odamlarni iqtisodiy ehtiyojlar emas, virusni yuqtirib olish vahimasi boshqarmoqda.

«Yashil chiroq yonishi uchun sariq chiroq davrini ham boshdan kechirish kerak»

AQSh savdo palatasi prezidenti Syuzanna Klark iqtisodiyotning qayta jonlanish jarayonini svetoforga o‘xshatdi.

«Restoran va do‘konlarning eshiklarni ochib qo‘yganimiz bilan ish bitmaydi. Iqtisodiyotning jonlanishi svetoforga o‘xshaydi. Biz hozir qizil chiroqdamiz. Hamma harakatdan to‘xtagan. Yashil chiroq yonishi uchun avval sariq chiroq davrini ham boshdan kechirishimiz kerak.

Sariq chiroq ogohlikni oshirishni talab etadi. Uni to‘g‘ri o‘tkaza olsakkina, yashil chiroq yonadi. Odamlar o‘zini xavfsizlikda his qilyaptimi yoki yo‘q – bizni o‘ylantiruvchi birlamchi masala shu bo‘lishi kerak

Iqtisodiyotni qayta oyoqqa turg‘azish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ishga chiqadigan xodimlarni virusga testdan o‘tkazish, ularning salomatligi haqida ma'lumotlarni maxfiy saqlash kabi masalalar ko‘rib chiqilishi kerak», deydi Klark xonim.

Savdo palatasi rahbarining iqtisodiyot haqida tashvishlanishi ham o‘rinli. O‘tgan uch hafta 16 mln amerikalikning ishsiz qolishi uchun yetarli bo‘ldi. Ishsizlik nafaqasi so‘ralgan murojaatlar tobora ko‘payib bormoqda. Iqtisodiy inqiroz boshlangan – hamma gap uning oqibatlari qanchalik xavfli bo‘lishida.

Chikago, Stenford va Boston universitetlari mutaxassislari joriy yil yakuniga qadar AQSh iqtisodiyoti 11 foizga qisqarishini bashorat qilishmoqda. Bunday iqtisodiy pasayish 1946 yildan beri mamlakatda kuzatilmagan.

Ikkinchi to‘lqin xavfi

Oq uyda o‘tkazilgan brifingda Tramp bergan ma'lumotga ko‘ra, mamlakatda cheklovlarni bekor qilish rejasini ishlab chiqish deyarli yakunlangan. Shtat gubernatorlariga ham o‘z hududlarini ochish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilishi aytildi.

«Iqtisodiyot o‘z o‘rniga qaytishi bilan biz yana taraqqiyotda davom etamiz. Amerikaliklar o‘z ish joylariga qaytishni istashyapti», deydi Tramp.

Iqtisodchilar esa odatiy turmush tarziga birdaniga qaytib bo‘lmasligini aytishmoqda. Buning uchun alohida ehtiyot choralari ko‘rilishi kerak. Aks holda, virusning ikkinchi to‘lqini paydo bo‘lishi, bu esa o‘z navbatida, iqtisodiy muammolarni yanada murakkablashtirishi mumkin.

Ikkinchi to‘lqin boshqa davlatlar misolida ham ko‘rindi. Xitoy, Singapur, Honkongda o‘rnatilgan cheklovlar virus tarqalishini jilovlashga yordam bergandi. Ammo choralarni bevaqt yumshatish kasallanish holatlarining yangi to‘lqiniga sabab bo‘ldi.

«Odamlarni cheklovlar emas, virus haqidagi axborotlar boshqaryapti»

Evercore ISI boshqaruv direktori Erni Tedeski cheklovlarning amerikaliklar hayotiga ta'siri haqida qiziq kuzatuvni ma'lum qildi.

«Uyda o‘tirish talabi butun Amerika bo‘yicha bir xilda amalga oshirilgani yo‘q. Ba'zi shtatlar ertaroq, ba'zilari kechroq cheklovlar o‘rnatdi. Haligacha hech qanday cheklov haqida o‘ylamayotgan shtatlar ham yo‘q emas.

Qizig‘i shundaki, ishsizlik darajasi shtatlardagi cheklovlar bilan bog‘liq emas. Barcha shtatlarda ishsizlik nafaqasi so‘rovi bilan murojaat qilayotganlar soni birdek ortib boryapti. Demak, hukumat cheklov o‘rnatish-o‘rnatmasligidan qat'i nazar aholi o‘zining odatiy turmush tarzidan chekina boshlagan edi», deydi tadqiqotchi.

Foto: Stephen Yang/Reuters

Upwork bosh iqtisodchisi Adam Ozimek restoran biznesida ham shunga o‘xshash holat kuzatilganini ta'kidlamoqda. Uning aytishicha, umumiy ovqatlanish joylarida mijozlar oqimi mahalliy hokimiyat tomonidan cheklovlar o‘rnatilishidan ancha avval to‘xtab qolgan edi.

«Gap hukumatning qandaydir byurokratik cheklovlarida emas. Odamlarni davlat emas, virus haqidagi axborotlar boshqaryapti. Ular uchun o‘zlarini xavfsizlikda his qilish muhimroq», deydi Ozimek o‘z intervyusida.

Tadqiqotlar: Aholi odatiy turmushiga qaytishga tayyor emas

Ijtimoiy fikrni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning tadqiqotlari ham aholi odatiy turmush tarziga qaytishga tayyor emasligini ko‘rsatadi.

Civis Analytics informatsion agentligi tadqiqoti natijasiga ko‘ra, har 10 nafar amerikalikning 8tasi restoran va sportzal singari jamoat joylaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Seton-hill universiteti o‘tkazgan so‘rovda har 10 nafar amerikalikning 7tasi jamoat joylari o‘z faoliyatini boshlagan taqdirda ham u yerga bormasligini, chunki bu joylarda o‘zini xavfsiz his qilmasligini ta'kidlagan.

So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, amerikaliklar ikki holatda o‘zlarini erkin his qilishlarini aytishgan: tibbiyot xodimlari vaziyat izga tushganini aytishsa yoki vaksina topilgani e'lon qilinsa.

Odamlar rejalarini jiddiy qayta ko‘rib chiqmoqda

Spors and Leisure tadqiqot guruhi rahbari Jon Lastga ko‘ra, AQSh aholisi hordiq chiqarish, sayohat qilish bilan bog‘liq rejalarini o‘zgartirgan.

«2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi va 2001 yildagi egizak binolar portlashi voqealari ham amerikaliklarning rejalariga bunchalik ta'sir ko‘rsatmagan», deb yozadi u.

Vaziyat og‘irligiga qaramay, biznes egalari, xususan, Uolter Izenberg ham hammasi yaxshi bo‘lishiga umid bog‘lamoqda:

«Menga bir narsa doim tasalli beradi. Har tong uyg‘onganimda vaksina topiladigan o‘sha ajoyib kunga bir qadam yaqinlashganimizni his qilaman....»

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top