13:18 / 17.04.2020
4944
Hisob palatasi yaratilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar haqqoniyligini joylarga chiqib o‘rganmagani aytildi

Hisob palatasi tomonidan 2019 yilda davlat buyurtmasi ijrosi yuzasidan yaratilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning haqqoniyligini joylarga chiqib o‘rganilmaganligi hamda ularning natijasi bo‘yicha har chorakda Oliy Majlisi palatalariga axborot kiritilmaganligi deputatlarning e'tiroziga sabab bo‘ldi

Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisida Hisob palatasining 2019 yilgi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Parlament saytida xabar qilinishicha, hisobot yilida budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan 21 ta tashkilot va korxonalar bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 1074,4 mlrd. so‘mlik moliyaviy kamchiliklar, maqsadsiz va samarasiz xarajatlar aniqlangan. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligida dori vositalarining xaridi qonuniyligi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishda 218 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Bundan tashqari, dori vositalari va tibbiyot jihozlarining qimmat narxlarda sotib olinishi natijasida 104 mlrd. so‘m budjet mablag‘lari ortiqcha sarflanganligi aniqlangan.

Hisob palatasi tomonidan 2019 yilda davlat buyurtmasi ijrosi yuzasidan yaratilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning haqqoniyligini joylarga chiqib o‘rganilmaganligi hamda ularning natijasi bo‘yicha har chorakda Oliy Majlisi palatalariga axborot kiritilmaganligi deputatlarning e'tiroziga sabab bo‘ldi.

Yig‘ilishda hududlarda budjet daromadlarini ko‘paytirish va zaxiralarini izlash hamda mavjud dastaklarni ishga solish o‘rniga Davlat budjetidan berilgan mablag‘larni maqsadsiz va samarasiz sarf qilinishiga yo‘l qo‘yilayotgani, hududiy mutasaddilarning ushbu muhim masalaga e'tiborsizlik qilayotgani va boshqa kamchiliklar deputatlar tomonidan tanqid qilindi.

Qo‘mita a'zolari tomonidan budjet tizimi budjetlariga mablag‘lar va boshqa budjetdan tashqari jamg‘armalarga mablag‘lar tushumining to‘liqligini o‘rganish va nazorat qilishda Hisob palatasi tomonidan aniqlangan zaxira va qo‘shimcha manbalar bo‘yicha hisobotlarning alohida yuritilishi, shuningdek davlat auditini o‘tkazishda strategik yondashuv metodologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, masalan BMTning Barqaror rivojlantirish maqsadlari bo‘yicha O‘zbekistonda qabul qilingan dasturning bajarilishi ustidan davlat auditini tajriba tariqasida o‘tkazilishi tavsiya qilindi, deyiladi ma'lumotda.

Top