17:30 / 17.04.2020
77686
Koronavirus: Uhanda qurbonlar soni aslida ko‘proqligi ma'lum bo‘ldi, Daniya odatiy hayotga qaytdi

Koronavirus tarqalishi boshlangan Xitoyning Uhan shahri ma'muriyati shaharda Covid-19 oqibatida halok bo‘lganlar soniga aniqlik kiritdi. Yangi ma'lumotlarga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan buyon shaharda jami 3869 kishi halok bo‘lgan va bu avvalgi ma'lumotlardagidan 1290taga ko‘p. Shuningdek, Uhanda zararlanish holatlari bo‘yicha statistikaga ham 325ta holat kirmagani va haqiqiy son 50333taligi ma'lum bo‘ldi.

Foto: Getty Images

O‘z navbatida, Xitoyning umumiy ko‘rsatkichlari ham shunga yarasha o‘zgardi - 2019 yil dekabridan buyon mamlakatda virusdan vafot etganlar soni 4632taga, zararlanish holatlari soni esa 82692taga yetdi.

Uhan rasmiylari bu qasddan faktlarni yashirish bo‘lmaganini aytishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qayta hisoblash ishlari epidemiyaning dastlabki bosqichida tibbiyot muassasalari bemorlar oqimini eplay olmay, tegishli idoralarga o‘z vaqtida hisobot bera olmagani sabab amalga oshirilgan. Xususan, dastlabki statistikaga koronavirus infeksiyasi oqibatida shifoxonaga murojaat qilmagan bemorlar va uy sharoitida vafot etish bo‘yicha ayrim holatlar kiritilmagani ma'lum bo‘lgan.

Qayd etish kerakki, Xitoyning Covid-19 bo‘yicha statistikasi qator davlatlarda ishonchsizlik uyg‘otdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Pekin tomonidan taqdim etilayotgan ma'lumotlarga ishonmasligini bildirgan. 

Markaziy razvedka boshqarmasining bir guruh xodimlariga ko‘ra, AQSh razvedkasi yanvar oyidayoq prezident Trampga Xitoy infeksiya tarqalishi bilan bog‘liq ma'lumotlarni yashirayotgani to‘g‘risida hisobot bergan, ammo Tramp bu ma'lumotga jiddiy e'tibor qaratmagan.

11 million kishi yashaydigan Uhan shahri yanvar oyi oxirida karantinga yopilib, unga kirish va chiqish to‘xtatilgandi. 11 hafta davom etgan qat'iy karantindan keyin mart oyi oxirida karantin choralari yumshatila boshlandi, aprel oyida esa karantin bekor qilindi va shahar yana ochildi.

Xitoy milliy statistika byurosi ma'lumotiga ko‘ra, koronavirus va karantin choralari tufayli mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2020 yilning birinchi choragida 6,8 foizga tushib ketdi, bu 1976 yildan buyon kuzatilgan ilk kamayish hisoblanadi. 

Yevropadagi vaziyat
Britaniyada karantin yana uch hafta davom etadi, tashqi ishlar vaziri, ayni vaqtda bosh vazir Boris Jonson betobligi tufayli uning o‘rniga hukumatni boshqarib turgan Dominik Raabning ma'lum qilishicha, karantin may oyi boshida yana uzaytirilishi ehtimoli yuqori.

Shu kunlarda Britaniyada karantin uch haftaga uzaytirildi / AFP

Britaniyada kasallanish holatlari soni 100 mingdan oshgan, 13 729 kishi vafot etgan. Aslida qurbonlar va bemorlar soni ko‘proqligi aytilmoqda, statistikaga faqat shifoxonalarga murojaat etganlar kiritilgan, ko‘plab bemorlar o‘z uyida yoki keksalar uylarida ham vafot etmoqda.

Buyuk Britaniya G‘aznachiligi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi yirik kompaniyalar uchun hukumatning inqirozga qarshi iqtisodiy paketiga 330 mlrd funt qo‘shilgan. Bungacha gap faqat kichik va o‘rta biznesni qutqarish haqida ketayotgandi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko pandemiya - mamlakatdagi hayotni izdan chiqarish uchun sabab emas deb hisoblashda davom etmoqda. Minskda 9 may kungi bayramga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, hukumat 25 aprel kuni umummilliy shanbalik o‘tkazmoqchi. Rossiyada G‘alaba paradi keyinroqqa qoldirilgan.

Belarus maktablarida bahorgi ta'til bir haftaga uzaytirilgandi va uch hafta davom etgandi, ammo juma kuni Lukashenko dushanba kunidan maktablarda o‘qish boshlanishi uchun farmoyish chiqardi.

Juma kungi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 4779 kishida Covid-19 aniqlangan, so‘nggi bir kunda zararlanish holatlari 575taga o‘sgan, jami qurbonlar soni 42 nafar. Shuningdek, kasallanish tashxisi qo‘yilganlarning 116 nafari bolalar ekani ma'lum.

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan juma kuni mamlakatda koronavirus epidemiyasi nazoratga olingani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallanish holatlari soni jiddiy pasayishda davom etmoqda.

Germaniyada zararlanish holatlari soni sezilarli darajada kamaymoqda / GETTY IMAGES

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Germaniyada epidemiya boshlanganidan buyon 138 mingdan ortiq kishida virus qayd etilgan, 3 868 kishi vafot etgan. Bu Yevropada o‘lim darajasi bo‘yicha nisbatan yaxshi natija.

Xalqaro ekspertlar fikricha, Germaniyaning epidemiya tarqalishi oldini olish borasidagi muvaffaqiyatlari o‘z vaqtida keng ko‘lamli test o‘tkazilishi bilan bog‘liq.

Germaniya ham karantin choralarini yumshatishni davom ettirmoqda. Keyingi haftada mamlakatda katta bo‘lmagan do‘konlar ochiladi, maktablardagi mashg‘ulotlar esa may oyidan davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Daniya karantindan chiqishda davom etmoqda. Hukumatning ma'lum qilishicha, 20 aprel kuni sartaroshxonalar va go‘zallik salonlarida ishlaydiganlar ishga qaytishi mumkin, katta sinf o‘quvchilari ham maktabga qatnay boshlashadi, qator sohalardagi kichik va o‘rta biznes vakillari faoliyatini tiklashadi.

Bir necha kun avval mamlakatda 11 yoshgacha bo‘lgan boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari maktablarga qaytishgandi. Shuningdek, hafta boshida ko‘plab do‘konlar ham ish boshlagan.

Karantindan qaytgan daniyalik o‘quvchilar / REUTERS

Restoranlar, barlar va sportzallari yopiqligicha qoladi. Ommaviy tadbirlar uchun taqiq amalda. Daniya chegaralari ham yopiq.

Epidemiya boshlanganidan buyon mamlakatda 7 mingdan ortiq kishi virusdan zararlangan, 321 kishi vafot etgan.

Dunyoda yana nima gaplar?

Ekvadordan bir-biriga zid xabarlar kelmoqda. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 403 kishi koronavirus qurboniga aylangan, ammo Guayas provinsiyasi hukumati aprel boshidan buyon bu yerda 6 700 kishi halok bo‘lganini bildirgan.

Ekvadorda karton tobutlar tarqatilmoqda, dafn marosimlari xizmatlari mamlakatda vafot etganlar soni bu qadar ko‘p bo‘lishiga tayyor emasdi
GETTY IMAGES

Bu hududda vafot etganlar soni Covid-19’dan vafot etgani tasdiqlanmagan, ammo provinsiya hukumati ma'lum qilishicha, bu hududdagi o‘limlar statistikasida ikki haftada vafot etganlar soni hech qachon 1000dan oshmagan.

Guayas provinsiyasi markazi Guayakil shahri Ekvadordagi eng yirik shaharlardan biri hisoblanadi. Tasdiqlangan ma'lumotlarga ko‘ra, shahar aholisi o‘z qarindoshlarining jasadlarini bir necha kun mobaynida uyda saqlashga majbur bo‘lmoqda, maxsus xizmatlar vafot etganlarni olib ketishga ulgurmayapti.

Turkiyada so‘nggi bir kunda kasallanish holatlari soni qariyb 5 mingga oshdi va endilikda mamlakatda qayd etilgan zararlanish holatlari soni 70 mingdan oshgan. 1643 kishi vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘ja statistikadagi keskin o‘sishni tasdiqlagan. Bu Turkiyada ommaviy ravishda test qilish boshlangani bilan izohlanmoqda. Dam olish kunlarida Turkiyadagi yirik shaharlarda to‘liq karantin amal qiladi, odamlar uylaridan chiqishi taqiqlanadi.

AQSh prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Tramp o‘z turmush o‘rtog‘i va uch qizi bilan Vashingtondan otasining Nyu-Jyersidagi golf klubiga borish uchun karantin qoidalarini buzgani tufayli keskin tanqidlarga uchradi.

GETTY IMAGES

Amerikaliklar prezidentning qizi qanday asosga ko‘ra federal hukumatning uyda qolish to‘g‘risidagi farmoyishini buzganini so‘rashmoqda.

Oq uydagilar Ivankani himoya qilib chiqishdi va uning bu safari mamlakatdagi boshqa fuqarolarning ish tufayli bir hududdan boshqasiga borishidan farq qilmasligi, u shunchaki bayram kunlarini odam ko‘p bo‘lgan Vashingtondan uzoqroqda, barchadan ihotalangan holda o‘tkazmoqchi bo‘lgani bildirildi.

AQShda ayni vaqtga kelib virusdan zararlanish holatlari soni 678 mingdan oshgan, 34 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Pokistonda ommaviy tadbirlarga taqiqlarga qaramasdan ko‘plab masjidlarda juma namozlari o‘qildi. Pokistonlik ulamolarning fikricha, xizmatchilar zaruriy profilaktik choralarni ko‘rgan bo‘lsa, masjidlar karantindan xoli bo‘lishi kerak.

Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli mamlakat fuqarolarini kelayotgan dam olish kunlarida birgalikda ibodat qilishga chaqirdi. Mamlakatda epidemiyaga qarshi choralar doirasida maktablar, kollejlar va qator kompaniyalar yopilgan, ammo jamoat bo‘lib ibodat qilishga cheklov o‘rnatilmagan.

Ayni vaqtga kelib Tanzaniyada koronavirusdan zararlanish holatlari soni 94ta, 4 kishi vafot etgan. Ammo Afrikada vaziyat keskin yomonlashishi kutilmoqda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu qit'a pandemiyaning navbatdagi o‘chog‘iga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Hozircha Afrikada jami 18 mingdan ortiq zararlanish holatlari va mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan. Ammo JSST vakili BBC uchun bergan intervyusida Afrikada koronavirus yirik shaharlardan tashqarida ham tarqala boshlaganiga e'tibor qaratgan.

Qit'adagi ko‘plab mamlakatlar uchun tranzit vazifasini bajaruvchi Tanzaniya jiddiy epidemiya bilan to‘qnash xavfi mavjud.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top