19:52 / 17.04.2020
5073
Namanganda yana 7 bemor sog‘aydi. O‘zbekistonda kasallikdan tuzalganlar soni 153 nafarga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda yana 7 kishi koronavirusdan tuzalgani haqida xabar berdi.

Bugun, 17 aprel kuni Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 7 nafar bemor butunlay sog‘aydi. 

Tuzalganlarning barchasi Namangan shahridan bo‘lib, bir  nafari Turkiyadan Namanganga kelgan. Qolganlar esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda, eng yoshi kichigi 25 yoshda.

«Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularning xastalikni to‘liq yengib o‘tganligini ko‘rsatdi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 15 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 22 nafarga yetdi.

Darddan forig‘ bo‘layotgan insonlar quvonchi koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotganlarga kuch-g‘ayrat bag‘ishlamoqda. Bu kabi xushxabarlar esa dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto, g‘olib bo‘lish imkoni borligini ko‘rsatmoqda. Bunda hal qiluvchi zarbani berish, shubhasiz, tibbiyot xodimlarining zimmasida. Qahramon shifokorlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan bajarishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni paytga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar soni 153 nafarni tashkil etmoqda.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida Namangan viloyatida koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq jami 89 holat qayd etilgan, shu vaqtga qadar 22 bemor sog‘aygan, bir bemor vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top