12:48 / 17.04.2020
25134
No America – no money. AQSh nega JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatdi?

Donald Tramp AQSh tomonidan xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirish to‘xtatilganini ma'lum qildi. Uning fikricha, tashkilot pandemiya vaqtida o‘ziga berilgan vazifani uddalay olmadi va bu uchun jazolanishi kerak. Trampning muxoliflari prezidentning o‘zi pandemiyaga qarshi kech reaksiya bildirgani uchun kimnidir aybdor qilgisi kelib, aynan JSSTni tanlaganini aytishmoqda. Aslida kim haq?

EPA/GETTY IMAGES

Tashkilot faktlarni yashirganmidi?

Tramp xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotini Covid-19 tarqalayotgani haqida «vaqtida bong urmaganlikda» ayblab, ko‘p marta tanqid qildi. Bundan tashqari, Trampning aytishicha, tashkilot yangi koronavirus tarqalishi haqida ma'lumotlarni yashirgan. Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqin?

Pandemiya Uhanda boshlangandi, hozirga kelib bu shahar karantindan chiqqan / AFP

2019 yil 31 dekabr kuni JSSTning Xitoydagi bo‘limiga mamlakatning Uhan shahrida noma'lum yangicha pnevmoniyadan odamlar og‘riy boshlagani xabar qilingan. O‘sha kunning o‘zida bu xabar tashkilotning Jyenevadagi bosh qarorgohiga yetkaziladi. Xabar kelishi bilan JSST tezkor guruh tuzib, tekshiruv boshlaydi. Uch kundan keyin, ya'ni 2020 yil 2 yanvar kuni noma'lum kasallik haqida e'lon qilinadi. 10 yanvar kuni JSST barcha mamlakatlar uchun yangi virusga qarshi kurash uchun tavsiyalar e'lon qiladi.

Ammo o‘sha vaqtda tashkilotda bu virus odamdan odamga o‘tishi haqida hech qanday ma'lumot yo‘q edi. Shuningdek, xalqaro ekspertlarda ham kasallik tashuvchisi odamligi haqida fakt mavjud emasdi. Bir necha kun o‘tib Uhanda shifokorlar ham bu noma'lum virusni yuqtirgani aniq bo‘ldi. Shuningdek, Tailandda ham yangi kasallikka chalingan odam qayd etildi. Bu haqda JSST epidemiologi Mariya Van Kerkxove o‘sha vaqtning o‘zida ma'lum qilgan. Aynan shu vaqtda virus odamdan odamga yuqishi ma'lum bo‘lgandi.

Tramp tanqid qilayotgan JSST bir oy Uhandagi bemorlarni tekshirish imkoniga ega bo‘la olmaydi. 28 yanvar kuni tashkilot rahbari Tedros Adanom Gebreisus Xitoyga borib, mamlakat rahbari Si Tszinpin bilan uchrashadi. U Xitoy yetakchisidan Uhanga xalqaro ekspertlar guruhini kiritishni so‘raydi. Xitoy 16 fevraldagina bunga ruxsat berdi.

JSST rahbari Xitoyga borganida mamlakatning virusga qarshi samarali kurashayotganini ta'kidlab, hukumat rahbarlarini maqtaydi. U Xitoyda virus tarqalishining oldini olish uchun mukammal tizim ishlab chiqilganini pafos bilan gapirgani ko‘pchilikning tanqidida sabab bo‘ladi.

G‘arb ekspertlari va siyosatchilar o‘sha vaqtda Xitoy JSSTga, bu orqali esa dunyoga to‘g‘ri ma'lumot berganiga shubha bildirishmoqda. Ularning tadqiqotlari Xitoy taqdim etgan statistikalarda nomuvofiqlik borligini ko‘rsatadi. Shuningdek, Uhan rahbariyati ma'lumotlarni doimiy yashirib borgani aytiladi.

Xitoy butun mamlakatda 82 mingdan ko‘proq odam virus yuqtirib, vafot etganlar soni 3 342 nafar ekanini aytayotgan bir vaqtda tartib-intizom va tibbiyot juda kuchli bo‘lgan Germaniyada kasallanganlar soni 137 mingdan oshgani, 4 mingdan ortiq germaniyalik olamdan o‘tgani G‘arbdagi ekspertlarni ajablantirmoqda. AQShda esa ko‘rsatkichlar dahshatli ko‘rinish olgan: 678 mingdan ortiq kishi virus yuqtirdi, 35 mingga yaqin kishi halok bo‘ldi.

JSST tashkiloti maslahatchisi Lourens Gostin bu holat haqida shunday deydi: «Doktor Tedros va JSST juda murakkab holatga tushib qolgandi. Bir tomondan fanga quloq tutish kerak, boshqa tomondan esa juda kuchli mamlakat». Kuchli mamlakat deb Xitoy nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Balki AQShdir. Har ikki holatda ham tashkilot murakkab holatda qolishi tabiiy.

AQShning pullarisiz tashkilot nima qiladi?

Trampning aytishicha, AQSh har yili JSST hisob raqamiga 400-500 million dollar berayotgan bir vaqtda Xitoy bu tashkilotga yillik 40 million dollar ajratadi. Tashkilot asosiy homiysidan ayrilgach, pandemiya vaqtida qiynalib qolmaydimi?

JSST rahbari ikki o‘t orasida qolgan / REUTERS

O‘z vaqtida JSST departamentlaridan birini boshqargan Entoni Kostelloning VVS nashriga ma'lum qilishicha, tashkilot hozir hisobida mavjud mablag‘ bilan yana bir necha oy ishlashi mumkin. Uning fikricha, AQSh moliyalashtirishni tiklamasa, tashkilotda iqtisodiy muammolar paydo bo‘ladi va oqibatda mamlakatlarga shaxsiy himoya vositalari, koronavirus testlari yetkazib bera olmay qoladi: «Ko‘p kambag‘al davlatlarda pandemiya endi boshlanmoqda. Agar JSST mablag‘dan qiynalib qolsa, bu mamlakatlarga ahvol yomonlashadi», deydi Kostello.

26 mart kuni «katta yigirmatalik» mamlakatlari koronavirusga qarshi kurash uchun favqulodda onlayn-sammit o‘tkazishdi. Unda davlatlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hujjut qabul qilishgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov JSST faoliyatini yuqori baholab, AQShning tashkilotni tanqid qilishi uning faoliyatiga ta'sir qilmasligini aytgan. Ammo gap AQSh berayotgan juda katta pul haqida ketmoqda, qandaydir ma'naviy qo‘llab-quvvatlash haqida emas.

Fevral oyi boshida JSST ekspertlari koronavirus aniqlangan mamlakatlarda kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida maxsus reja ishlab chiqadi. Buning uchun 675 million dollar kerak bo‘lishi hisoblangandi.

O‘shanda reja haqida e'lon qilar ekan, JSST rahbari doktor Tedros Adanom Gebreisus iqtisodiy jihatdan kuchli bo‘lmagan mamlakatlardagi vaziyat haqida kuyunib gapirgandi: «Meni eng ko‘p xavotirga solayotgan narsa shuki, ba'zi davlatlarda hatto kasallarni aniqlash uchun imkoniyat yo‘q. Bu davlatlarga kasallanganlarni testdan o‘tkazish, virus tarqalishining oldini olish va shifokorlarni himoya qilish uchun yordam berish kerak».

Doktor Entoni Kostelloning aytishicha, bu murojaatdan keyin tashkilot hisob raqamiga atigi 1,2 million dollar pul tushgan va JSST ayni damda iqtisodiy jihatdan og‘ir holatda qolgan.

Lancet tibbiyot jurnali bosh muharriri Richard Hortonning aytishicha, JSST budjetining 20 foizini to‘lab borgan AQShning bu harakati insoniyatga qarshi jinoyatdir: «Har bir tibbiyot xodimi bu dahshatli qarorga qarshi turishi kerak. JSST xalqaro miqiyosda tibbiy choralar ishlab chiqadigan yagona tashkilot. Insonparvarlik har qachongidan dolzarb bo‘lgan bugungi kunda tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatish – jinoyat, insoniyatga qarshi jinoyat».

Tashkilot vaziyatga noto‘g‘ri baho berdimi?

Tramp AQSh JSSTni moliyalashtirishni koronavirus tarqalishida «tashkilotning roli aniqlanganiga» qadar to‘xtatganini ma'lum qildi. Ekspertlarning taxminicha, Tramp JSST chegaralarni yopishga va odamlar harakatlanishi uchun cheklovlar joriy etishga chaqirmagani uchun «g‘azab otiga mingan».

EPA

Chindan shunday bo‘ldi. Masalan, fevral oyi boshida Rossiya Xitoyga borish va kelishni taqiqlaganida JSST bunday cheklovlarni qo‘llamasligini ma'lum qiladi. «Bu choralar foydadan ko‘ra ko‘proq zararga ishlaydi. Mamlakatlarda iqtisodiy muammolar boshlanadi va tibbiyot vositalarini yetkazib berish qiyinlashadi», deyilgandi tashkilot bayonotida.

JSST mamlakatlarga harakatlanishni cheklashni emas, boshqa mamlakatlardan kirganlarni tekshirishga chaqirdi. O‘z navbatida hamma o‘ziga kirishni taqiqlayotganidan g‘azablangan Xitoy mamlakatlarni JSST tavsiyasiga amal qilmaslikda aybladi. Xitoy tashqi ishlar vaziri bu borada shunday degandi: «JSST cheklovlarni tavsiya qilmayotgan bir vaqtda AQSh buning teskarisini qilishda davom etmoqda». Balki JSST Xitoyni qo‘llayotgani Trampga yoqmagandir. AQSh yanvar oyi oxirida Xitoyga parvozlarni to‘xtatgandi.

Entoni Kostello bu borada shunday deydi: «JSST bu vaqtda Xitoyga kirishni cheklashidan mantiq yo‘q edi, chunki 21 yanvar kuni virus 17 mamlakatda tarqalib bo‘lgandi. Axir Tramp 20 yanvar kuni AQShda ilk marta virus aniqlangach, Vashingtonni izolyatsiya qilishi mumkin edi-ku? O‘z navbatida Britaniya ham Italiyada virus aniqlangach, bu mamlakat bilan parvozlarni to‘xtatish haqida o‘ylamadi».

Doktor Kostelloning aytishicha, harakatlanishni cheklashdan ko‘ra yoppasiga odamlarni testdan o‘tkazish foydaliroq bo‘lardi: «Bu ish Janubiy Koreyada foyda berdi. Ular haftasiga 66 ming kishini testdan o‘tkazishdi. Yevropa mamlakatlari, Britaniya va ayniqsa AQSh test bo‘yicha ishlarni kech boshlashdi».

O‘z navbatida Germaniya ham odamlarni yoppasiga testdan o‘tkazib kasallik tarqalishining oldini olishga erishdi. Bu mamlakatda o‘lim darajasi Italiya, Ispaniya, Fransiya va umuman, boshqa o‘n minglab odamlar kasallangan davlatlarga qaraganda ancha past.

Trampning chiqishi qanday kutib olindi?

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish hozirgi vaqtda JSST yoki boshqa gumanitar tashkilotlarni moliyalashtirishni to‘xtatadigan vaqt emasligini aytib o‘tdi.

Ekspertlar pandemiya o‘z cho‘qqisidan o‘tishiga hali bor deb hisoblashmoqda / AFP

Trampni tanqid qilishni yoqtiradigan, unga qarshi amalga oshmay qolgan impichment tashkilotchisi Nensi Pelosi «fursatdan foydalanib» AQSh prezidentining qarorini keskin qoraladi: «Amerikaliklar dushmanlikni bas qilib olimlarni va hurmatli mutaxassislarni eshitishni o‘rganishi kerak». Vakillik palatasi rahbarining fikricha, Trampning o‘zi vaqtida choralar ko‘rmagani sabab mamlakatda vaziyat og‘irlashib ketdi.

AQShning o‘zida ham ko‘pchilik Trampning qarorini qoralamoqda. Masalan, koronavirus statistikasini berib boruvchi Jon Hopkins universiteti xodimi doktor Amesh Adalya shunday dedi: «JSST chindan xato qildi va balki bu tashkilot islohotlarga muhtoj hamdir, ammo tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatish haqida inqirozdan keyin ham o‘ylab ko‘rishi mumkin edi. Bunaqa ishlar pandemiya vaqtida qilinmaydi».

Trampning qarorini qo‘llovchilar ham topiladi. Masalan, Britaniyaning The Telegraph nashrida iqtisodiy tahlilchi Kristofer Snoudenning maqolasi e'lon qilindi. Unda JSST tanqid qilingan: «Britaniya ham AQSh yo‘lidan borishi kerak. Biz 2018 yil bu tashkilotga 200 million dollardan ko‘proq pul berdik va «natijada» ular bizni kasallik yuqtirganlar qatorida uchinchi o‘ringa «ko‘tarishdi».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top