20:25 / 17.04.2020
7502

Qoraqalpog‘istonda 3 nafar bemor butunlay sog‘aydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda yana 3 kishi koronavirusdan tuzalgani haqida xabar berdi.

Qoraqalpog‘iston yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus infeksiyasiga chalingan 3 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ular respublika sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 1 nafari Toshkent shahridan bo‘lib, Toshkent-Qo‘ng‘irot yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdda Qoraqalpog‘istonga borgan. Ikki nafari esa Nukus shahridan ota-bola bo‘lib, kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan.

«Samarali davolash muolajalari tufayli bugungi kunda laboratoriya tekshiruvlari ularning darddan butunlay forig‘ bo‘lganini ko‘rsatdi.

Bunda, shubhasiz, respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasining fidoyi tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor. Ularning sa'y-harakatlari, xalqaro standartlar asosida davo choralari ko‘rilgani bemorlarning tuzalishiga zamin yaratdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar bugunning o‘zida 27 nafarga oshib, jami sog‘ayganlar soni 156 nafarni tashkil etmoqda. 

Bundan avvalroq Qoraqalpog‘iston hududida shu vaqtgacha 58 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan ma'lum bo‘lgandi.

Top