20:52 / 17.04.2020
16852
Senat bank xodimlari ommaviy ravishda bo‘shatilishi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi

Oliy Majlis Senati ayrim internet nashrlarida banklarning 5 mingdan ortiq sayyor kassirlari ishsiz qolishi haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossizligini ma'lum qildi.

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi internetda tarqalgan shu haqdagi xabarni o‘rganish natijalarini ma'lum qildi.

«Ayrim internet nashrlarida tarqalgan xabarlarda Respublika maxsus komissiyasi hamda koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha maxsus shtabining 2020 yil 14 apreldagi qarori bilan shu yilning may oyidan pensiya va nafaqalar to‘liqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshirilishi tufayli, banklarda sayyor kassir bo‘lib ishlayotgan 5 mingga yaqin xodim ishsiz qolishi va bu haqda hech kim gapirmayotgani qayd etilgan.

Markaziy bank va Xalq banki mutasaddilarining Senat so‘roviga bildirgan axborotlaridan ma'lum bo‘ldiki, avvalo, pensiya va nafaqalar to‘liqligicha bank plastik kartalari orqali amalga oshirilishi – kassirlardan terminallar orqali har bir pensionerga naqd pulni yetkazib berishni, bankomatlarni pul bilan ta'minlab turish kabi qator vazifalarni talab etadi va ularga ish yuki hozirda yetarli bo‘ladi. Shu bois shtatlarni qisqartirish borasidagi gaplar asossiz», deyiladi Senat rasmiy saytida e'lon qilingan axborotda.

Ta'kidlanishicha, banklarga respublikaning barcha chekka hududlarida mijozlarga tezkor xizmat ko‘rsatish uchun ixcham «bank xizmatlari ofislari»ni tashkil qilish vazifasi prezident farmoni bilan yuklatilgan. Shuning uchun banklar tomonidan sayyor kassirlarni quyidagi yo‘nalishlarda ishga jalb etish rejalashtirilgan:

– «bank xizmatlari ofislari» orqali aholiga chakana bank xizmatlarini ko‘rsatish, mikrokredit, mikroqarz, avtokredit, iste'mol kreditlari olishlarida ko‘maklashish;

– barcha hududlarda bankomatlar o‘rnatilib, to‘liq ishga tushgunga qadar pensionerlarga bank kartalaridagi pullarini terminallar orqali naqd shaklda olishini ta'minlash;

– hududlardagi bankomatlarni naqd pul bilan ta'minlab turish kabi xizmatlarni ko‘rsatish.

Senat axborot xizmati xabarida mazkur jarayon parlamentning yuqori palatasi doimiy nazoratida bo‘lishi qayd etilgan.

 

Top