21:22 / 17.04.2020
12204
Shavkat Mirziyoyev pandemiyaga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yilda xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan yo‘naltirilgan 2,7 milliard dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari pandemiya bilan kurash uchun sog‘liqni saqlash sohasiga ajratayotgan 277 million dollar miqdoridagi mablag‘larni tez fursatlarda va samarali o‘zlashtirish lozimligi ta'kidlandi.

Islom taraqqiyot banki bilan kelishib, Toshkent viloyati Zangiota tumanida qurilayotgan shifoxona va Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin hududini zamonaviy tibbiy texnikalar bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga birlamchi va tibbiy yordam loyihalari doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablag‘i evaziga o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qiluvchi 2 ming 300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish vazifasi qo‘yildi.

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Jahon bankidan qo‘shimcha mablag‘lar jalb etib, tibbiy va ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Pandemiya sharoitida tadbirkorlik, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 700 million dollar jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston rahbari bu mablag‘larni, birinchi navbatda, meva-sabzavotchilik, oziq-ovqat sanoati va eksportni rag‘batlantirishga yo‘naltirish zarurligini ta'kidladi.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan infratuzilma va kommunal xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha ravishda 3,6 trillion so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda shu masalaga ham alohida e'tibor qaratilib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun donor tashkilotlar bilan qo‘shimcha grant kelishuvlari imzolash muhimligi qayd etildi.

Xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilishni jadallashtirish va o‘z vaqtida o‘zlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top