19:42 / 17.04.2020
62397

Tojikistonda prezidentning o‘g‘li Milliy majlis raisiga aylandi

Rustam Imomali bir vaqtda bir necha lavozimni egallaydi – Dushanbe meri, poytaxt majlisi deputati, Tojikiston futbol federatsiyasi rahbari va endilikda parlamentning yuqori palatasi spikeri - prezidentdan keyingi ikkinchi odam hisoblanadi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Imomali mamlakat Milliy majlisi raisi etib saylandi.

Asia-Plus nashri xabar berishicha, Milliy majlisning oltinchi chaqirig‘i birinchi yig‘ilishida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Rustam Imomalini Milliy majlis raisi bo‘lgani bilan tabriklagan.

Sessiya ishini yuqori palata a'zosi Nizom Qosim ochib bergan va aynan u Rustam Imomali nomzodini spiker lavozimiga taklif qilgan. Milliy majlisning barcha a'zolari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashgan.

So‘g‘d viloyati rahbari Axmadzoda Rajabboy raisning birinchi o‘rinbosari, Tog‘li Badaxshon avtonom hududi rahbari Yodgor Fayzov esa rais o‘rinbosari etib saylangan.

Tojikiston parlamentining yuqori palatasi hisoblangan Milliy majlis 33 a'zodan iborat bo‘lib, ulardan 25 nafari viloyatlardagi xalq deputatlari kengashlarining yig‘ilishlarida saylansa, qolgan 8 nafari prezident tomonidan tayinlanadi.

Rustam Imomali Milliy majlis raisi lavozimida 2000 yildan buyon shu lavozimda faoliyat ko‘rsatib kelgan Mahmadsaid Ubaydullloyev o‘rnini egalladi.

Rustam Imomali 1987 yilda tug‘ilgan, Tojikiston milliy universitetini xalqaro iqtisodiy munosabatlar mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan, RF TIV qoshidagi diplomatik akademiya kurslari tinglovchisi hisoblanadi.

U investitsiya va davlat mulklari bo‘yicha qo‘mitada ishlagan, Tojikiston yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. «Istiqlol» futbol klubi ta'sischilaridan biri hisoblanadi, ayni damda Tojikiston futbol federatsiyasiga ham prezidentlik qiladi.

Rustam Imomali 2017 yilning 12 yanvarida Dushanbe shahri meri etib tayinlangandi. O‘shanda ham u 1996 yildan buyon poytaxtga rahbarlik qilib kelgan Mahmadsaid Ubaydullloyev o‘rnini egallagandi.

Undan avvalroq korrupsiya bilan kurash va davlat moliya nazorati agentligini boshqargan. U MDH hududidagi eng yosh general hisoblanadi.

27 mart kuni bo‘lib o‘tgan Milliy majlis uchun saylovlarda Rustam Emomali ham senatorlikka saylangandi.

  • Tojikiston konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident iste'foga chiqsa, layoqatsiz deb topilsa yoki vafot etsa, yangi prezident saylanib, o‘z lavozimini bajarishga kirishguncha prezident vakolatlari oliy palata spikeriga o‘tadi.
Top