08:42 / 17.04.2020
6156
Tramp AQShdagi cheklovlar «bosqichma-bosqich» olib tashlanishini ma'lum qildi

Qaror shtatlar gubernatorlari tomonidan qabul qilinadi. Biroq, cheklovlar olib tashlanishidan oldin, ular yangi kasallanishlar sonining kamayishiga erishishi kerak

Foto: Reuters / Leah Millis

AQSh prezidenti Donald Trampning ma'lum qilishicha, ayrim shtatlar rasmiylari koronavirus tufayli joriy etilgan cheklovlarni, har bir mintaqadagi o‘ziga xos sharoitdan kelib chiqqan holda, olib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Bu haqda Reuters xabar berdi

Agar gubernatorlar u yoki bu shtatda muayyan cheklovlarga rioya qilinishi kerak, deb hisoblasa, aynan shunday bo‘ladi, dedi Qo‘shma Shtatlar prezidenti.

«Biz hamma narsani birdan ochmayapmiz, lekin buni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz», - deya prezidentning so‘zlarini keltirgan agentlik.

Avvalroq, CNN Tramp shtatlar gubernatorlari bilan telefon orqali suhbatlashgani va qarorni ular qabul qilishi to‘g‘risida xabar berganini ma'lum qilgandi. «Barchangiz ko‘p narsaga qodirsiz, ba'zi holatlarda, juda ham qudratlisiz. O‘zingiz qaror qabul qilishingiz kerak», - deya gubernatorlarga murojaat qilgan davlat rahbari.

Bloomberg xabariga ko‘ra, payshanba kuni Tramp jurnalistlarga rasmiylar «mamlakatni qayta ochayotgani» to‘g‘risida xabar bergan. Oq uyning bildirishicha, cheklovlarni olib tashlashdan avval shtatda ikki hafta davomida yangi aniqlangan koronavirus holatlarining pasayishi kuzatilishi lozim. Agar shundan keyin kasallanish holatlarining ko‘payishi yana qayd etilsa, ba'zi cheklovlarni tiklash kerak, deya Vashingtonning takliflari mohiyatini bayon qilgan agentlik.

Dastlab maktablar, barlar va boshqa muassasalar yopiq bo‘lishi kerak, restoran hamda kinoteatrlar, agar ular tashrif buyuruvchilar uchun «ijtimoiy masofa saqlashning aniq choralarini» ta'minlay olsa, ochilishi mumkin.

Payshanba kuni kechqurun S&P agentligi 2020 yilda iqtisodiy rivojlanishning yangi prognozini e'lon qildi. Agentlik bir necha sabablarga ko‘ra, shu jumladan koronavirus epidemiyasi tufayli ham turg‘unlik yuz berishini kutmoqda. Qo‘shma Shtatlarda YaIM minus 5,3 foizga pasayishi mumkin.

Top