20:17 / 18.04.2020
4994
Braziliya prezidenti mamlakat chegaralarini ochishni taklif qildi

Kecha Braziliya prezidenti sog‘liqni saqlash vaziri Luis Mandettani mamlakatda koronavirusga qarshi kurash borasidagi yondashuvlari turlicha bo‘lgani uchun iste'foga chiqardi.

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru koronavirus pandemiyasiga qaramasdan mamlakatning qo‘shni davlatlar bilan chegaralarini ochishni taklif qildi. U yangi sog‘liqni saqlash vazirini lavozimiga tayinlash marosimida ana shunday tashabbusni ilgari surdi.

"Men chegaralarni ochish zarur deb o‘ylayman, buni albatta, vazirlar bilan muhokama qilamiz. Paragvay bilan chegara nega yopiq? U yerdagi quruqlik orqali chegarani nazorat qilishning imkoni yo‘q. Urugvay bilan ham xuddi shunday", - dedi u. 

Uning fikricha, bajarish imkonsiz bo‘lgan qarorni qabul qilishdan ma'no yo‘q.

Mart oyi o‘rtalarida koronavirus epidemiyasi sababli Braziliya qo‘shni davlatlar bilan chegaralarini yopishini e'lon qilgandi. Oy oxirida xorijliklarning mamlakatga kirishi butunlay taqiqlandi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha Braziliya prezidenti sog‘liqni saqlash vaziri Luis Mandettani mamlakatda koronavirusga qarshi kurash borasidagi yondashuvlari turlicha bo‘lgani uchun iste'foga chiqardi.  

Avvalroq Jair Bolsonaru epidemiyani «kichikroq gripp» deb atagan va shtatlar gubernatorlarini cheklov choralari kiritgani uchun tanqid qilgandi. 

Mandetta esa boshqacha fikrda edi — Braziliya sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy muloqotlarni maksimal darajada cheklashni tavsiya qilayotgandi. Bolsonaru o‘z navbatida bunday choralar iqtisodiyotga zarba berishi va ishsizlikning o‘sib ketishini ta'kidlagandi.  

Bolsonaru Mandettaning o‘rniga onkolog Nelson Taishni sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinladi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Braziliyada koronavirusga chalinganlar soni 34 mingdan oshgan, 2171 kishi vafot etgan.

Top