18:47 / 18.04.2020
20602

Britaniya koronavirusga qarshi vaksinani tezkor ishlab chiqara boshlaydi

Buyuk Britaniya keyingi haftada koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Foto: Reuters

Sky News xabariga ko‘ra, vaksina klinik tadqiqotlardan to‘liq o‘tmagan bo‘lsa ham, baribir tezkor ravishda ishlab chiqariladi. Bu haqda Oksfordning Jyenner instituti direktori Adrian Hill xabar bergan.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, sentabr oyiga qadar 1 million doza vaksina ishlab chiqarishga ulgurish uchun shunday qarorga kelingan. Agar samaradorligi tasdiqlansa, undan zudlik bilan foydalaniladi. Hill taxminiga ko‘ra, yangi vaksinaning muvaffaqiyatli chiqish ehtimoli 80 foiz atrofida.

Vaksina koronavirus genetik kodining bir qismi qo‘shilgan shimpanze virusi asosida ishlab chiqariladi. Buyuk Britaniya hukumati uni ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish ishlari uchun 2,7 mln dollar ajratgan. Uni ishlab chiqarishga mahalliy korxonalar, shuningdek, Yevropa, Hindiston va Xitoydagi jami 7ta korxona jalb qilingan.

Parallel ravishda olimlar vaksinani odamlarda sinab ko‘rishni ham boshlaydilar. Buning uchun ko‘ngillilar yollanishi e'lon qilingan.

Ayni paytda AQSh ham koronavirusga qarshi vaksinani insonlarda sinashni boshlab yubordi. Shuningdek, Turkiya shunday vaksinani hayvonlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi.

Avvalroq, koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqarish, sinovdan o‘tkazish va odamlarni ommaviy ravishda emlashni yo‘lga qo‘yish uchun 1,5 yil vaqt ketishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top