08:03 / 18.04.2020
139264
Ikkinchi to‘lqin. Nega Osiyoda koronavirus yangidan avj olmoqda?

Sharqiy Osiyo davlatlari infeksiya tarqalishining avj nuqtasini qishdayoq o‘tab bo‘lishgan, lekin endi Rossiya va Yevropadan kirib kelayotgan odamlarda virus aniqlanishi hollari ko‘paymoqda, deb yozmoqda Republic.

Foto: Frayer/Getty Images

Rossiya, Yevropa va AQShda pandemiya avj nuqtasiga yetgan bir chog‘da, Xitoy va Osiyoning boshqa davlatlari hukumatlari karantin choralari yumshatilganidan so‘ng virus tarqalishining ikkinchi to‘lqiniga duch kelmaslik uchun nimalar qilish borasida bosh qotirishmoqda.

Janubiy Koreya, Tayvan va Singapur infeksiyani qishdayoq jilovlab bo‘lgan, ular sekin-asta normal hayotga qaytayotgan edi — endi ma'lum bo‘lishicha, bunga hali juda erta ekan.

Endi bu mamlakatlarda xorijdan kirib kelgan odamlar hisobiga kasallanganlar soni keskin ko‘tarilmoqda va barcha cheklovlarni yangidan joriy etishga to‘g‘ri kelmoqda.

Osiyo davlatlari immunitet ishlab chiqmagan

Xitoyga yaqin joylashgan ko‘plab davlatlar darhol tahdidning miqyosini to‘g‘ri anglab, qisqa muddatlarda qat'iy choralar ko‘ra boshlashdi. Kasallanganlar bilan aloqaga kirishganlarni kuzatish, keng qamrovli testdan o‘tkazish va chegaralarni nazoratga olish Janubiy Koreya, Singapur va Tayvanga zararlanish avj nuqtasini tez o‘tash, Yevropadagidek qurbonlar bermaslik imkonini berdi.

Masalan, Tayvanda bir sutkada rekord darajada yuqtirganlar 5 yanvarda qayd etilgan va bor-yo‘g‘i 5 kishini tashkil etgan. Xitoy ichidagi qat'iy karantin choralari ham birinchi to‘lqinni jilovlashga yordam bergan.

Rossiya, Yevropa va AQSh hamon pandemiya avj nuqtasida turgan bir paytda Osiyo davlatlari karantin choralarini yumshatib, normal hayotga qaytmoqda.

Kasallikning avj olishini boshlang‘ich bosqichda karantin choralari bilan bostirishga muvaffaq bo‘lingani sababli, mintaqada virus bilan og‘riganlar soni nisbatan kam bo‘lib turibdi. Shunday qilib, aholining katta qismida virusga nisbatan immunitet hanuz ishlab chiqilmagan, bu esa chegaralar ochilishi hamono pandemiyaning ikkinchi to‘lqin xavfi yuzaga kelishini anglatadi.

Bumerang effekti

Bu ssenariy allaqachon Janubiy Koreya, Singapur va Tayvanda qisman bo‘y ko‘rsatmoqda. Yanvar oyida, hali jahonning boshqa davlatlari falokatning ko‘lami haqida tushunchaga ega bo‘lmagan paytda, bu mamlakatlar tarqalish avj nuqtasini muvaffaqiyatli silliqlab yuborishdi. Shundan so‘ng hukumatlar karantin choralarini yumshata boshlashdi: masalan, Tayvanda maktab ta'tillarini cho‘zishdi, ko‘plab oilalar uni Yevropada o‘tkazishga qaror qilishdi va mamlakatga virus yuqtirib qaytishdi, deb hikoya qiladi Stenford universiteti professori Jyeyson Vang.

Bu «bumerang effekti» natijasida mart oyining o‘rtalaridan boshlab Osiyoda infeksiya yangidan avj ola boshladi va u avvalgisidan ham ko‘proq insonlarni qamrab oldi. Raqamlar baribir AQSh va Yevropadagidan kamtarroq, lekin fakt shuki, odatiy hayotga muddatidan avval qaytish infeksiyaning qaytishiga olib keladi. Endi mamlakatlar ijtimoiy masofalanish va immigratsion nazorat bo‘yicha yanada qat'iy choralar kiritmoqda.

Rossiyadan koronavirus bilan

Koronavirus avj olishini birinchilardan bo‘lib jilovlagan Xitoy ham uning ikkinchi to‘lqiniga duch kelishi mumkin. Mamlakatda koronavirus tarqalishini to‘liq bostirib, Xitoy hukumati mamlakat fuqarolarining ichkarida harakatlanishini ham, xorijdan kirib kelishni ham yumshatdi. Natijada Xitoyga Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugidan xitoylik fuqarolar ommaviy tarzda qayta boshladi.

12 aprel kuni Xitoyda 108 ta yangi holat aniqlandi, ularning 98 tasi xorijdan kelganlarda (ularning ham yarmi Rossiyadan kelgan). Natijada har kunlik aniqlanayotgan holatlar olti hafta ilgariga natijani qayd etdi.

Kasallikning yangidan avj olishiga qarshi kurashish uchun Xitoy hukumati Rossiya bilan chegarada nazoratni kuchaytirdi, shimoliy provinsiyalarda — koronavirusning yangi o‘chog‘ida karantin choralarini ko‘rishmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi bayonotiga ko‘ra, 20 ming odam yorqin ko‘zga tashlanuvchi alomatlarsiz kasallikning ehtimolli tashuvchisi sifatida kuzatuv ostiga olingan.

Nima qilish kerak?

Bugungi kunda Yevropa pandemiyaning birinchi to‘lqinini tutib qolish imkoniyatini qo‘ldan boy bergan, lekin ikkinchisini hamon cheklay olishi mumkin. Shu sababli JSST Osiyo tajribasiga tayangan holda karantin yumshatilganidan so‘ng yana kamida ikki hafta kasallanish dinamikasini kuzatishni tavsiya etmoqda.

Hongkong universiteti epidemologi Ben Koulingning fikricha, ikkinchi to‘lqindan qochib qutulib bo‘lmaydi, lekin infeksiya tarqalish sur'atlarini sekinlashtirish mumkin:

«Koronavirus hech qayoqqa g‘oyib bo‘lmaydi. Biz uning mavjudligiga tan beramiz, biroq uni samarali davolash usuli yoki vaksina ixtiro qilmagunimizcha yuqtirganlar soni past bo‘lib turishi uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak».

«Yangi vaksina ixtiro qilingunicha yoki hukumatlar tomonidan yangi virusga qarshi aholining ancha qismida immunitet shakllangani hisoblab chiqilgunga qadar normal hayotga qaytish haqida gapirib bo‘lmaydi», — deya uning fikrini ma'qullamoqda Manitob universiteti professori Jyeyson Kindrachuk.

Shu bilan birga, virusni to‘liq yengishning yagona yo‘li – ommaviy immunitet deb hisoblayotganlar ham bor.

Ba'zi mamlakatlar, masalan, Buyuk Britaniya koronavirusga qarshi kurashda ommaviy immunitet ishlab chiqishni asosiy strategiya sifatida qabul qilgan edi. Shu sababli hukumat uzoq vaqt yalpi karantin joriy etmasdan, virusning o‘z-o‘zidan tarqalishiga qo‘yib berishdi. Biroq haddan ziyod qurbonlar va jamoatchilik bosimi pirovardida qirollikni Yevropaning boshqa davlatlari singari ish tutishga majbur qildi.

Vaksina ishlab chiqish

Pandemiyaga qarshi kurashish strategiyasidan qat'i nazar, Covid-19’ga qarshi ishonchli vaksina ishlab chiqish bosh vazifa bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda AQSh va Xitoyda uchta ehtimoliy dori ishlab chiqilmoqda.

Xitoy fan va texnologiya vazirligi seshanba kuni CanSino Biologics kompaniyasi o‘z vaksinasini sinovdan o‘tkazishning ikkinchi bosqichini boshlaganini e'lon qildi. Amerikaning Moderna kompaniyasi xitoylik hamkasblaridan qolishmasdan, sinovning yangi va kattaroq bosqichini boshlamoqda.

O‘tgan haftada Amerikaning yana bir kompaniyasi — Inovio Pharmaceuticals ham sinov ishlari boshlanganini e'lon qildi. Birinchi bosqichda vaksinaning umumiy xavfsizligi tekshiriladi, uning samaradorligi shunday keyin baholanadi. Shuning sababli, ikkinchi bosqich imkon qadar tezroq boshlanishi o‘ta muhim.

«Agar virus yozda ham tarqala boshlasa, preparatni rejalashtirilgan muddat 8–12 oydan avvalroq ham tayyorlash mumkin. Ehtimol, vaksina kelgusi mavsumning o‘rtalariga – qish faslining so‘nggi oylariga tayyor bo‘lar», — degan AQSh Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy universiteti direktori Entoni Fauchi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top