14:48 / 18.04.2020
10507
Ja'far Irismetov: «Jasur Yaxshiboyevga Portugaliya va Yevropaning ikki chempionatidan taklif tushdi»

Koronavirus pandemiyasiga qaramay, Yevropada davom ettirilayotgan yagona chempionatga aylangan Belarus Oliy ligasida mavsumning kashfiyotlaridan biri bo‘lib turgan Jasur Yaxshiboyev o‘z o‘yinlari bilan ko‘pchilikning diqqat e'tiboriga tushdi.

«Paxtakor»dan ijara asosida «Energetik-BGU» klubida to‘p surayotgan 22 yoshli yarimhimoyachiga Yevropaning bir qator chempionatlaridan takliflar kelib tushgan. Bu haqda Toshkent klubi sport direktori Ja'far Irismetov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

- Ja'far aka, «Paxtakor»ga tegishli bo‘lgan Jasur Yaxshiboyev Yevropada to‘xtatilmagan yagona chempionatda legioner sifatida o‘zini ko‘rsatmoqda. Unga takliflar tushdimi?

- Ha, Jasur Yaxshiboyev bo‘yicha bizga takliflar bor. Xususan, Portugaliya, Polsha va Vengriya klublaridan qiziqishlar bo‘ldi.

- Qaysi klublar ekanligini ayta olasizmi?

- Portugaliya chempionatidan o‘rtamiyona klubdan taklif bor, Polsha va Vengriyadan esa yetakchi jamoalaridan chaqiruv bor.

- «Paxtakor» bu borada qanday yo‘l tutmoqchi? Har holda Yaxshiboyevning o‘zi yaqinda «Paxtakor»ga qaytmoqchi emasligini aytib o‘tdi...

- Bundan xabarimiz bor, balki uning «Paxtakor»da o‘ynagisi kelmayotgandir. Agarda bosh murabbiy uning qaytishini istasa, faqat futbolchining xohishiga bog‘liq bo‘lmaydi. Ko‘ramiz, balki uni sotarmiz. Buni murabbiy va rahbariyat hal qiladi.

- Jasur Yaxshiboyevning «Paxtakor» bilan shartnomasi necha yilga tuzilgan?

- Hali yana to‘rt yillik shartnomasi bor. Kelishuv 2023 yilning 31 dekabr kuniga qadar imzolangan. Klub futbolchi bilan aloqada bo‘lib turibdi. Umid qilamizki, futbolchimizning Belarus Oliy ligasidagi faoliyati muvaffaqiyatli davom etadi. 

Usmon Ibodov suhbatlashdi.

Top