15:48 / 18.04.2020
22061
Karantin tufayli soliq tushumlari qanchaga kamaygani ma'lum bo‘ldi

16 martdan boshlab respublikada amal qilayotgan karantin rejimi mart oyi yakuni bilan budjet tushumlariga ta'sir ko‘rsatmagan 

Foto: KUN.UZ

Respublikadagi mavjud karantin rejimi tufayli jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlaridan tushumlar 3 barobarga, YaTTlarning qat'iy belgilangan solig‘i bo‘yicha tushumlar 84 foizga kamaygan. Bu haqida Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Nazarovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qo‘mita vakili karantin rejimining budjetga keladigan soliq tushumlari hajmiga ta'siri haqida ma'lumot berdi. 

Unga ko‘ra, 16 martdan boshlab respublikada amal qilayotgan karantin rejimi mart oyi yakuni bilan budjet tushumlariga ta'sir ko‘rsatmagan.

“Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha to‘lov muddati 15 oktyabrga ko‘chirilgani, yakka tartibdagi 195 mingga yaqin tadbirkor faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganligi sababli soliq tushumlarida ma'lum o‘zgarishlar bo‘ldi.

Xususan,  jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlaridan tushumlar 3 barobarga pasaygan – 130 mlrd so‘mdan 40 mlrd so‘mga tushgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat'iy belgilangan solig‘i bo‘yicha tushumlar 84 foizga kamaygan, ularning 80 foizdan ortig‘i faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan”, dedi Muzaffar Nazarov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Boshqarma boshlig‘i soliq tushumlarining kamayishi karantin qoidalari yumshatilishiga sabab bo‘lmasligini ta'kidladi.

“Karantin va joriy qilingan cheklovlar sababli ayrim ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishi, ba'zi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi soliq tushumlarining belgilangan prognoz ko‘rsatkichlaridan pastroq bo‘lishiga olib kelishi mumkin. 

Lekin davlat rahbari mablag‘ bilan bog‘liq har qanday yo‘qotishlar fuqarolar sog‘lig‘idan muhim emasligini doim takrorlamoqda. Shundan kelib chiqib, soliq tushumlarining kamayib ketishi karantin qoidalari yumshatilishiga sabab bo‘la olmaydi deb bemalol aytishimiz mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Muzaffar Nazarov.

Top