00:46 / 18.04.2020
30973
Koronavirusni yengdingizmi? Endi qolganlarga yordam berishingiz mumkin

Dunyoda koronavirus yuqtirganlar soni 2,2 milliondan oshdi, kasallik 152 mingdan ko‘proq odamni hayotdan olib ketgan bo‘lsa, 567 mingdan ko‘proq odam tuzaldi. Kasallikka chalinmaslik uchun nima qilish kerakligi haqida har kuni e'lon qilinmoqda. Tuzalganlarchi, ular nima qilishi kerak?

Foto: Getty Images

«The New York Times» jurnalisti Tim Errera ham koronavirusni yengganlardan. U o‘zi kabi og‘ir dardni yengib o‘tganlar uchun tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.

Barchamiz tushunarsiz va chigal holatda imkonsiz bo‘lib turibmiz. Bu qiyin damda nimadir qilib odamlarga yordam berishni xohlaymiz, ammo hozir bizdan talab qilinadigan yagona yordam – uyda qolish. Koronavirusdan tuzalganlar esa nima qilishi kerak?

Men ham virusdan tuzalganlardanman. Unutmaslik kerakki, koronavirusdan tuzalgan odamda bu kasalikka qarshi immunitet paydo bo‘lib, uni boshqalar kabi oddiy hollarda yuqtirmasa ham, ehtiyotkorlikni davom ettirish kerak. Chunki siz virus bor yuzaga teginib, keyin virus yopishgan qo‘lingiz bilan og‘zingizni ushlash orqali uni yana yuqtirib olishingiz mumkin. Bir marta tuzalgan odamda virusga qarshi immunitet paydo bo‘lishi esa hozircha isbotlanmagan (ma'lumot uchun, Janubiy Koreyada 100ga yaqin odam virusni qaytadan yuqtirib oldi - tarj).

Kasallikni yenggach, qilishingiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi ish gigiyena qoidalariga amal qilishni davom ettirish. Ishoning, siz kasalxonadan chiqqandan keyin ham gigiyenaga instiktiv tarzda amal qilasiz. Shuni unutmaslik kerakki, koronavirus barchaning e'tiborini o‘ziga tortayotgan bir vaqtda boshqa viruslar, masalan gripp ham tarqalishda davom etmoqda. Gigiyena sizni boshqa viruslardan ham asraydi. Koronavirusni yengib o‘tgan bo‘lsangiz, quyidagilarga amal qilib ham o‘zingizga, ham boshqalarga yordam berishingiz mumkin.

Tuzalganingizga ishonch hosil qiling

Avvalo infeksiyadan tuzalganingizga ishonch hosil qiling. Sizda eng so‘nggi alomatlar yo‘qolganidan keyin ham 14 kun kuting. Bu kasallik bo‘y ko‘rsatishi uchun yetarli muddat. Koronavirus odam tanasida hech qanday alomatsiz ham «jon saqlashi» mumkin. Tibbiyotga oid jurnallardan birida keltirilgan tadqiqotda aytilishicha, koronavirusdan tuzalgan bemorlarning deyarli yarmida Covid-19 virusi kasallik alomati o‘tib ketganidan keyin ham sakkiz kungacha saqlanib qolgan. Shifokorlar koronavirusdan tuzalganlarga alomatlar yo‘qolganidan keyin ham 8 kun o‘zini ihotalashda davom etishni va ko‘chaga chiqqanda niqob taqishni tavsiya qilishgan.

Qon «ehson qilish»

Ya'ni, qon berish. Bu eng muhim narsalardan biri. Kasallikdan tuzalgan odam qonida koronavirusni yengishga qodir zarrachalar bo‘ladi. Axir u shuning uchun ham kasallikni yenggan-da. Albatta, koronavirusdan tuzalganlarning qoni qolganlarni ham davolashi isbotlangani yo‘q, lekin shifokorlarning aytishicha, bu tajriba yordam bermoqda.

Bu usuldan avval ham foydalanishgan. 1918 yil dunyoga tarqalgan «ispanka» virusini davolash uchun bu kasallikdan tuzalganlarning qon plazmalari davolashda ishlatilgan. Umuman, bu tajriba boshqa kasalliklarni davolashda ham qo‘llanadi. Siz koronavirusni yenggan bo‘lsangiz, berayotgan qoningiz boshqalarga ham foyda berishi mumkin. Shifokorlar tuzalgan odamlarning qoni quyilgan bemorlar holatida ijobiy o‘zgarish bo‘layotganini, masalan, ular kamroq kislorodga ehtiyoj sezayotganini tasdiqlashgan.

Qon berish uchun avval testdan o‘tish kerak. Kamida 14 kun davomida koronavirus alomatlari aniqlanmagan va manfiy natija chiqqanlardan qon olinishi mumkin. Bu jarayonda ko‘plab tibbiyot tashkilotlari qatnashmoqda. www.ccpp19.org saytida jarayon haqida to‘liq ma'lumot berilgan. Aynan shu saytda va Qizil Hoch jamiyatining rasmiy saytida qayerda qon topshirish mumkinligi haqida ma'lumot berib boriladi.

Koronavirusdan tuzalgan odam o‘z qonini har 28 kunda «ehson qilishi» mumkin. Jarayon 1,5-2,5 soat vaqt oladi. So‘nggi vaqtlarda qon berish kamayib ketdi, chunki odamlar uydan chiqishga, ayniqsa, tibbiyot birlashmalariga borishga qo‘rqib qoldi.

Agar to‘liq tuzalgan bo‘lsangiz, ehtiyotkorlikni saqlagan holda boshqalarga yordam bering. Yoshi kattalar va surunkali kasalligi borlarga, ya'ni virus og‘ir o‘tadigan odamlarga siz hammasini yengib o‘tganingizni bildiring. Ammo yana takrorlaymiz, ehtiyotkorlikni eng yuqori darajada ta'minlang.

Uydan turib xayriya qilishingiz mumkin

Agar siz kasallikdan tuzalgan bo‘lsaniz va odamlarga yordam berishni istasangiz-u, uydan chiqishga imkon bo‘lmasa, buning ham yo‘li bor. Pulingizni qanday ehson qilishni bilmayotgan bo‘lsangiz, hisob raqamingiz orqali turli xayriya tashkilotlariga ehson qiling. Ishidan ayrilganlar, boquvchisini yo‘qotganlar sizning pullaringiz evaziga qiyin kunlardan chiqib ketishi mumkin, deya maqolasini yakunlagan Tim Errera.

Koronavirusdan tuzalganlarga yana bir narsani eslatib o‘tmoqchimiz. Unutmang, siz katta sinovdan o‘tdingiz. Hayotning siz uchun yangi bosqichi boshlandi. Shunchaki hayotdan zavqlaning, bu og‘ir darddan qutulganingiz shukronasi sifatida imkoningiz bo‘lsa, muhtojlarga yordam bering. Odamlarga bu kasallikni yengish mumkinligini ko‘rsating.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top