19:05 / 18.04.2020
103491
O‘zbekistonda karantin cheklovlari 10 maygacha uzaytirildi

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020 yil 20 aprelgacha kiritilgan cheklovchi tadbirlari (karantin) hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kiritilgan kuchaytirilgan tartib 2020 yilning 10 mayiga qadar uzaytirildi.

Eslatib o‘tamiz, Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan: 

Respublika chegara hududlaridagi mavjud chegara o‘tkazish punktlari 23 mart kuni soat 00:01dan boshlab barcha shaxslar uchun (O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan boshqa mamlakat fuqarolaridan tashqari) yopildi.

O‘zbekistondagi barcha umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Komissiya qaroriga ko‘ra, joriy yil 6 apreldan e'tiboran «o‘zini yakkalash» hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etildi:

Karantin talablarining ijrosini so‘zsiz ta'minlash hamda maxsus ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalarini huquqbuzarlik davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida istisno tariqasida ichki ishlar organlari yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turiladi.

Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2020 yil 6 aprel soat 06:00 dan e'tiboran mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish karantin davrida vaqtincha cheklandi.

Bunda faqatgina hayotiy zarur ehtiyojlar — oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.

18 aprel soat 19:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1469 nafarni tashkil qilmoqda. 

O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni Toshkentda tasdiqlangandi.

O‘tgan vaqt mobaynida virus butun respublika hududi bo‘ylab tarqaldi. 18 aprel kuni zararlanish holatlari soni 64taga oshdi.

Shu vaqtgacha 194 kishi kasallikdan sog‘aydi, 4 kishi vafot etdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top