08:17 / 18.04.2020
3334
Pandemiya jahonda qahva tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin

COVID-19 chaqiruvchi koronavirus infeksiyasining tarqalishi Lotin Amerikasidagi qahva plantatsiyalarini terimchilarsiz qoldirishi mumkin. Boz ustiga, AQShdagi qovurilmagan qahva donlari zaxirasi so‘nggi besh yildagi eng past ko‘rsatkichgacha qisqarib ketdi.

Foto: Getty Images

Bloomberg agentligining ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda qahvaga bo‘lgan talab taklifdan ortadi, lekin yetishmovchilik oldingi yillardagi hosillar hisobiga qoplanadi. Biroq, pandemiyaning boshlanishi qahvaning «vahimali xaridlari»ga sabab bo‘lgan (AQShda qovurilmagan qahva donlari zaxirasi so‘nggi besh yildagi minimumgacha tushgan), COVID-19 esa yangi hosilni terib olishni tahdid ostida qoldirgan.

Jahon bozorlariga qahva yetkazib berayotgan Lotin Amerikasi davlatlarida COVID-19’ga chalinish holatlari AQSh va Yevropadagidan kamroq (Braziliyada —31 ming (1952 o‘lim), Peruda — 12,5 ming (274 o‘lim), Kolumbiyada — 3,2 mingdan sal ko‘proq (144 o‘lim), biroq hozirdan bu kasallik qahva plantatsiyalarini terimchilarsiz qoldirish bilan tahdid qilmoqda. Masalan, Kolumbiyada qahva hosilining katta qismi qo‘lda teriladi.

Bloomberg’ning eslatishicha, qahva teruvchilarga Lotin Amerikasida juda kam haq to‘lashadi, ular to‘p-to‘p bo‘lib yashashadi, shu sababli terimchilardan birginasi virus yuqtirib olsa ham koronavirusning tarqalishida katta xavf yuzaga keladi.

Kolumbiya qahva ishlab chiqaruvchilar milliy federatsiyasi (Fedecafe) ijrochi direktori Roberto Velesning bildirishicha, kasallik allaqachon ba'zi muammolarni yaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fedecafe hosilni yig‘ib olish uchun yetarli ishchilarni, jumladan, iqtisodiyotning boshqa jabhalarida ishdan bo‘shatilayotganlarni jalb qilish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda. Biroq vaziyatni qahva plantatsiyalari joylashgan hududlarda harakatlanish cheklangani yanada og‘irlashtirmoqda.

Peruda ham vaziyat og‘ir. Bu yerda hosilni yig‘ish may oyida boshlanishi kerak, biroq qahva yetishtiruvchi xo‘jaliklarni birlashtiruvchi Cecovasa kooperativi bosh direktori Jimmi Lariko ishchilar yetishmasligidan tashvishda. Boz ustiga, fermerlarning o‘zi ham mahsulotlar va zarur tovarlar yetishmayotgani sababli fermalarini tark etishmoqda.

«Ko‘plab odamlar fermalarini tark etishmoqda. Karantin saqlanadigan bo‘lsa, hosil xavf ostida qoladi», — deydi Lariko, insonlar harakati cheklangani sababli piyoda ketishga majbur bo‘layotganini qayd etib.

Bloomberg`ning yozishicha, qahvaga talabning oshishi qahvaxona va restoranlarning yopilishini sekinlashtirishi mumkin, lekin bu Lotin Amerikasidagi ishlab chiqaruvchilarni yanada qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda, ular ishchi kuchi yetishmasligiga mahsulotni o‘tkazish muammolariga ham duch kelishadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top