08:20 / 18.04.2020
15548
Toshkentda karantin tugagandan keyin ishsiz yoshlar soni uch barobarga ko‘payishi prognoz qilinmoqda

Poytaxt hokimligida karantin davrida ijtimoiy sohadagi muhim vazifalar ko‘rib chiqildi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar hokimligida hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari majmuasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan ishlar muhokama etildi.

Barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta'lim muassasalari, sport va musiqa maktablarida takroriy ya'ni ikkinchi marotaba dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish va to‘liq tugatish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Karantin davrida ta'lim jarayonida uzilish bo‘lmasligi uchun barcha ta'lim muassasalarining pedagoglari o‘quvchilarni onlayn o‘qitmoqda. Shuningdek, darslar televideniyening 3ta kanali orqali muntazam berib borilmoqda va bunga Toshkent shahridan 188 nafar o‘qituvchilar, 50 nafar sportchilar, 100 nafar maktabgacha ta'lim muassasalari pedagoglari jalb etilgan bo‘lib, yig‘ilishda ular Toshkent shahar hokimiyati tomonidan rag‘batlantirilishi ma'lum qilindi. 

Shu bilan birga, karantin tugashi bilan poytaxtda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan to‘liq qamrab olishni 93 foizdan 100 foizga ko‘tarish hamda 6 yoshli bolalarni (100 foiz) maktabga tayyorlash tizimini joriy qilish masalasi ham muhokama qilindi. 

Ma'lum qilinishicha, prezidentning 5 ta muhim tashabbusi ijrosini ta'minlash va shu orqali iste'dodli, izlanuvchan yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida yaqin orada onlayn tanlovlar platformasi ham ishga tushiriladi.
 
Karantin sabab, bu muddat o‘tganidan so‘ng ishsiz yoshlar soni 3 barobarga ko‘payishi prognoz qilinmoqda.

Shu sabab hozirda shahar va tuman hokimliklari mutasaddilari boshqa qator sohalar rahbarlari bilan birgalikda ularni IT yo‘nalishidagi tadbirkorlikka jalb etish, ko‘nikmalarini rivojlantirish, sektorlar bilan yuzaga keluvchi muammolar yechimi ustida ishlayotganliklari ham aytib o‘tildi, deyiladi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top