14:25 / 18.04.2020
5052

Viza muddati tugayotgan o‘zbekistonliklar masalasi AQSh Davlat departamentida ko‘rilmoqda - TIV

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi shu yilning 17 mart kuni AQSh Davlat departamentiga rasmiy nota yuborgan 

Foto: AFP/Getty Images

Bu haqida bugun, 18 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan onlayn brifingda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Avazbek Hojimetov ma'lum qildi.  

Avazbek Hojimetovning ta'kidlashicha, rasmiy notada AQSh Davlat departamentidan O‘zbekiston fuqarolarining viza muddatlarini uzaytirishda yengillik berish, ularning murojaatlarini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish so‘ralgan. 
 
«AQShda bo‘lib turgan ba'zi O‘zbekiston fuqarolarining viza muddati tugayotganligini va reyslar bekor qilinganini inobatga olib, mazkur nota AQSh Davlat departamenti tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, biroq bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Shuning uchun AQShga kirish vizasi muddati tugayotgan vatandoshlarimizga uni qayta rasmiylashtirish uchun immigratsiya xizmatining eng yaqin idorasiga viza muddati tugashidan oldin murojaat qilish tavsiya etiladi», - dedi Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi. 

Bundan tashqari, Avazbek Hojimetov 20 apreldan keyin boshqa davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarni olib kelish uchun charter reyslar tashkil qilinishi yoki aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi haqidagi savolga ham javob berdi. 

«Respublikadagi aeroportlar ish faoliyati va aviaparvozlarning qayta tiklanishi yoki cheklov choralarining uzaytirilishi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qo‘shimcha ravishda e'lon qilinadi», - deya qayd etdi Avzabek Hojimetov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top