08:27 / 19.04.2020
28288

6 yoshli bolakay Minskdan qanday qutqarildi? - Isroillik ota hikoyasi

Ayni paytda Isroilda istiqomat qilayotgan fuqarolardan biri o‘z farzandining koronavirusga qarshi kurash o‘z holiga tashlab qo‘yilgan Belarus Respublikasidan olib chiqib ketilishi voqeasini yoritib, bunda davlat organlari va rahbarlar unga qanday yordam berishgani haqida hikoya qilib berdi.

Foto: Facebook/Igor Rubin

«Meni taniganlarning har biri ijtimoiy tarmoqlarda post yozish bo‘yicha mutaxassis emasligim, ayniqsa uzundan-uzoq postlar yozmasligimni yaxshi bilishadi», — deydi hikoya muallifi, Isroilda istiqomat qilayotgan Igor Rubin o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

«Lekin bu hafta boshimdan o‘tkazgan g‘aroyib voqeani barchangiz bilan o‘rtoqlashishni lozim deb topdim…

Ko‘pchiligingiz bilasiz, Belarusda mening o‘g‘lim yashaydi va har 6–7 haftada oldimga kelib turadi.

U 6 yoshda, 5 yoshidan boshlab yolg‘iz o‘zi parvoz qiladi (albatta, samolyotga chiqarib qo‘yish va kutib olishda u kuzatuv ostida bo‘ladi). Lekin koronavirus barchamizning rejalarimizni o‘zgartirib yubordi va mening Danielim Belarusda qolib ketdi.

Muammo shundaki, Belarus koronavirusga qarshi hech qanday chora ko‘rmayotgan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib turibdi. U yerda hayot o‘z o‘zani bo‘ylab oqmoqda, mahalliy futbol chempionati o‘yinlari butun dunyoga olib ko‘rsatilmoqda... Xullas, u yer inson, ayniqsa yosh bola ayni damda bo‘lishi lozim bo‘lgan eng xavfsiz joy hisoblanmaydi.

O‘tgan juma kuni qarasam — Minskdan Ben-Gurionga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys qo‘yilibdi, darhol o‘g‘limga chipta xarid qildim va uyni tayyorlay boshladim.

Chunki shanba kuni Ben-Gurionda Nyu-Yorkdan samolyot kelib qo‘ngan, uchib kelganlarning barchasi Isroil sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hech qanday nazoratlarsiz uy-uylariga tarqatib yuborilgan, shu sababli shanba kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, Isroilga kirib kelgan har qanday fuqaro mehmonxonada izolyatsiyada saqlanishi talab qilinadi.

Yakshanba kuni men 6 yoshli bolaning yakka o‘zi qanday qilib izolyatsiyaga olinishi mumkinligiga qiziqa boshlashni maqsad qilgan edim, shanba kuni kechqurun kuyovim qo‘ng‘iroq qildi va «Facebook’dagi postlardan birining ostidagi izohlarda transport vazirining telefon raqami bor, unga qo‘ng‘iroq qilib, bolani nima qilishni so‘ra», deb qoldi. Men kuyovimga surbetlarcha «Yaxshisi, Bibining telefonini topib bersang bo‘lardi», debman...

Men bir necha soatdan so‘ng, aniqrog‘i shanba kuni soat 22:59da transport vaziri Betsalel Smotrichga yozdim va bir necha daqiqalardan so‘ng u vaziyatni to‘la anglayotgani, mudofaa vazirligini muammom haqida ogohlantirishini aytib, ertasi kuni mudofaa vazirligi bo‘lim boshlig‘i Itay Gershkovits bilan gaplashishimni tavsiya qildi.

Mendek oddiy fuqaroga mamlakat rahbariyatidan bu qadar zudlik bilan javob olish juda g‘ayrioddiy va kutilmagan hol edi. Fikrimcha, har bir odam bunday vaziyatda taajjublanarli holatga tushib qolar edi, lekin bu hali hikoyaning boshlanishi…

Ertasiga, yakshanba kuni men Itayga xat yozdim va bir necha soatdan so‘ng men va frontorti qo‘mondonligi bilan videokonferensiya o‘tkazildi. Ular bolakayning bir o‘zi uchib kelayotganidan ajablanishdi… Lekin bu borada g‘amxo‘rlik qilishlari haqida va'da berishdi. Men o‘zimga kelib, Ben-Gurion aeroportiga bo‘lajak safarga tayyorlana boshladim.

Endi hikoyaning o‘zini eshiting…

Minskdan Isroilga parvoz soat 19:10da boshlanishi kerak edi. Bola bir o‘zi uchayotgani bois, kuzatuvchi uni registratsiya zonasidan samolyotga o‘tkazish boshlangan onda, parvozdan 35-40 daqiqa oldin olib ketadi. Danielning onasi registratsiya ustuniga kelgach, BELAVIA aviakompaniyasi vakilidan bolakayni reysga qo‘ya olmasligi, chunki Isroilda yangi qonun qabul qilingani, unga ko‘ra mamlakatga uchib kelganlarning barchasi mehmonxonada ikki haftalik karantinga olinishi, shu sababli aviakompaniya bolakay bilan bog‘liq ushbu vaziyatda mas'uliyatni o‘z zimmasiga ololmasligini bildiradi. Ona muammo hal etilgani, Isroildagi kerakli odamlar vaziyatdan xabardor ekani, barchasi yuqori davlat idoralari darajasida hal qilinganini aytadi. Ular avvalgidek, bolakayni samolyotga o‘tqazishni rad etish bilan birga, ularga hech kim, hattoki BELAVIA’ning bosh direktori ham yordam bera olmasligini aytishadi.

Danielning onasi bosh direktor huzuriga chopadi va xuddi shu rad javobini oladi.

Soat 18:45da barcha yo‘lovchilar samolyotga o‘tirib, parvozni kutishmoqda, Danielning onasi menga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘lidan hech narsa kelmagani, bolamiz ucha olmasligini bildirdi.

Biz hayotda adolatsizlikka juda ko‘p to‘qnash kelamiz va aksariyat hollarda tanlov bo‘lmagani uchun taslim bo‘lamiz. Ko‘pincha «Haq bo‘lma, dono bo‘l», degan iboralarni eshitamiz, ilojsizlikdan tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushadi…

O‘sha onlarda men o‘ta adolatsizlik tuyg‘usini tuydim, o‘z farzandimni esa inson hayoti zig‘ircha ahamiyatga ega bo‘lmagan davlatda qoldirayotganimni angladim.

Qo‘llarim qaltiragancha, telefonni olib Itay Gershkovitsning raqamlarini terdim…

Soat millari 18:46ni ko‘rsatib turardi, men esa farzandim parvozga qo‘yilmaganini unga tushuntirdim. U barcha ruxsatlar olingani, u Isroilga kelsa hech qanday muammo bo‘lmasligini aytdi. Men unga belaruslar uni reysga qo‘ymasligini aytdim. «Agar siz Isroilning Minskdagi elchisiga qo‘ng‘iroq qilganingizda, elchi esa BELAVIA bosh direktoriga qo‘ng‘iroq qilganida va BELAVIA bosh direktori esa registratsiya ustuniga qo‘ng‘iroq qilganidagina, ehtimol, bu bolamga samolyotga o‘tirish imkoniyatini berar edi», deb yubordim.

Bilmadim, bunday deyishga qayerdan o‘zimda bezbetlik va jur'at topdim, lekin go‘shakning narigi tarafidan berilgan javobdan yanada shokka tushdim: «Men hozir bu ish bilan shug‘ullanaman».

Men shunda ham o‘z farzandi salomatligi to‘g‘risida qayg‘uruvchi har qanday ota-ona singari bajarish real bo‘lmagan narsani so‘raganimni angladim, vaziyat achinarli ekanligi, men bu vaziyatga ta'sir o‘tkazish imkonidan mahrumligimni tushunib turgan edim.

Danielning onasi go‘shakka yig‘lar, Daniel esa nimalar bo‘layotganini tushunmas edi.

Soat 18:53da Itaydan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: «Men elchi bilan gaplashdim, elchi esa BELAVIA bosh direktori bilan gaplashdi, bosh direktori registratsiya ustuniga qo‘ng‘iroq qildi. O‘g‘lingiz shu reysda uchib keladi». Men bunga javoban «axir parvozga bor-yo‘g‘i 15 daqiqa qoldi-ku axir?» debman. Bu savolga javob juda qisqa bo‘ldi: «Bu samolyot sening bolangsiz uchmaydi».

Bu vaqtda Minsk aeroportining yarim personali Daniel bilan shug‘ullana boshlagan, reysni to‘xtatib, bolani biznes-klassga o‘tqazib yuborishgan. Bolam Isroilga yetib kelganda undan parvoz qanday bo‘lganini so‘radim. U javob berdi: «Har doimgiday, faqat samolyotda menyuni o‘zgartirishibdi — zo‘r ovqatlar berishdi...»

Nima ham derdim, biznes baribir biznes-da.

Men o‘g‘limni sog‘-salomat qabul qilib oldim, bir soat o‘tgach Itay menga qo‘ng‘iroq qilib, hammasi joyidami, deb so‘radi. Biz mashinaga o‘tirib, uyga yo‘l oldik va mana, ikki haftalik karantindamiz.

Isroillik bolakayning Covid-19’ga qarshi tun-u kun tinim bilmay ishlayotgan, ko‘rinmas dushmanga qarshi kurashda global muammolarni ham unutmayotgan insonlar tomonidan qutqarilgani haqidagi hikoya shunday tugaydi.

Meni, Danelni tanimaydigan odamlar inson hayotining bahosini juda yaxshi bilishadi. Men bu hikoyani yozayotgan chog‘imda butun badanimda chumoli o‘rmalagandek bo‘lyapti. Buni o‘qigan ko‘pchilik bu oddiygina shaxsiy hikoya deb o‘ylar, lekin unday emas. Men shu onlarda Isroil fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman!

Men Isroilga 15 yoshimda Na'ale 16 dasturi asosida immigratsiya qilganman, Isroil Mudofaa armiyasida xizmat qilganman, lekin Isroil uchun hech qachon hozirgidek faxr tuyg‘usini tuymagan edim.

Nima uchun bu hikoyani yozdim, chunki men transport vaziri Betsalel Smotritsa va mudofaa vazirligi bo‘lim boshlig‘i Itay Gershkovitsga ularning yordami va insoniy munosabatlari uchun tashakkur bildirishning boshqa yo‘lini topa olmadim.

«Kimki bir hayotni qutqarsa butun olamni qutqargan bo‘ladi».

Chindan ham.

Janob vazir Naftali Benet, mening tashakkur bildirishimga javoban «bu mening ishim», deb aytgan Itayga mening chuqur minnatdorchiligimni yetkazib qo‘yishni so‘rayman.

Danelning otasi, isroillik ekanligidan faxrlanadigan Igor».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top