17:26 / 19.04.2020
7604
Marko hammaga qarshi. Muhabbat va nafrat chegarasidagi Materatssi
Foto: AFP/Getty Images

2002 yil 5 mayda, qandaydir ikki soat ichida A Seriyaning peshqadami uch marta o‘zgardi. «Inter» o‘shanda ikki marta peshqadamga aylangan, ammo ikkinchi bo‘limda Ektor Kuper jamoasi parokanda o‘yin namoyish etadi va uchinchi o‘ringa tushib ketadi. Milanlik yulduzlarni tushunish mumkin edi, hammasi tushkun, Ronaldo yig‘lagan... O‘sha paytda esa, Marko Materatssi Alessandro Nestaga tashlanib, bo‘g‘ayotgandi: «Senga ikki yil oldin Skudettoni yutib bergandim», – deb baqirardi u, - «qo‘yib bersang bo‘lardi-ku!»

Marko o‘shanda ikki yil oldin Perudjada o‘tgan uchrashuvni yodga olgandi. 2000 yilning 14 mayida «Yuventus»ning mahalliy jamoaga mag‘lubiyati «Latsio»ni chempionga aylantirgandi. O‘sha paytlar Materatssi «Perudja» safida o‘ynardi, lekin nima bo‘lganda ham «Biz «Yuventus»ni yutib bergandik, endi, sen qo‘yib berishing mumkin edi», deyish g‘alati mantiq. Lekin Materatssi uchun bu oddiy hol...

France Football jurnali 2016 yilda mushtariylari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgan va «Qaysi futbolchi sizda ko‘proq nafrat uyg‘otadi?» degan savolni qo‘ygandi. Gap butun futbol tarixidagi futbolchilar haqida edi, shunda ham 80-yillarning qo‘pol darvozaboni Toni Shumaxer g‘olib bo‘la olmadi. Osonlik bilan Marko Materatssi shohsupaga chiqdi. Rasman futbol tarixidagi eng ko‘p nafratga duchor bo‘lgan futbolchi – Marko Materatssi.

U 28 yoshida «Inter»ga kelguncha, hech qachon top-klub safida to‘p surmagandi. Futbolni tashlashi ham mumkin edi. O‘n yetti yoshida otasi boshqargan «Messina Parolo» jamoasida o‘ynagan, lekin klub moliyaviy inqiroz tufayli bankrot bo‘lib, Marko havaskor futbolchiga aylandi.

U orada bir muddat basketbol bilan ham shug‘ullanib yuradi. Shu payt, uchinchi diviziondagi «Trapani» jamoasi skautlari yosh himoyachi bilan qiziqib, professional shartnoma taklif qilishadi. To‘g‘ri, atigi C Seriya, ammo haqiqiy klub. U yerdan Marko B Seriya vakili «Perudja»ning nazariga tushadi. 

Havaskor murabbiyning shogirdi

«Perudja» hozir unutilib ketgan, ammo asr boshlarida «Perudja» xabarlar lentasini portlatib turardi. Klub xo‘jayini Luchani Gauchi noodatiy qarorlari bilan nom chiqargan, hatto asosiy jamoa murabbiyi uchun konkurs ham e'lon qilgandi. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan muxlis Serse Kosmi o‘sha konkursda g‘olib chiqib, «Perudja»ni boshqarish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Biroz g‘alati, lekin Marko aynan o‘sha insonlar ichida ulg‘aydi.

«Kosmi doim menga yordam berardi. U o‘yinlarimni qattiq tanqid qilar, ammo «Inter»ga transferim dastlab bekor bo‘lganida, aynan u birinchi bo‘lib meni yupatgandi», – deb eslaydi futbolchi. 

Materatssi «Inter» e'tiboriga ancha avvalroq tushgan bo‘lsa-da, yulduzli jamoaga yarashmagandek tuyulardi va asosiy transfer maqsad bo‘lmagan. U 2001 yilda, 28 yoshida «Inter»ga o‘tdi va birinchi mavsumdayoq Skudettoni yutishga juda yaqin kelgandi. Keyin o‘sha, yuqorida eslangan «Latsio» safari ro‘y beradi. Marko mag‘lub bo‘lishni umuman yoqtirmasdi, «Inter»ga ham aynan shu xislat yetishmas, aynan Marko singari futbolchilar lozim edi.

Futbolchining xarakterini statistik ko‘rsatkichlar orqali namoyon qilish uncha oson emas, lekin Materatssiga kelganda, qiyinchilik tug‘dirmaydi. 1998 yilning yozida u «Everton»ning nazariga tushgan va Angliyada o‘zini sinab ko‘rishga ham ulgurgan.

«Uning tajovuzkor uslubi APLda moslashish uchun ancha yordam beradi», – deb hisoblagandi «Everton»ning o‘sha vaqtdagi ustozi Uolter Smit.

Smit adashgandi. Materatssi 27 o‘yinda maydonga tushdi va to‘rt marta qizil kartochka oldi. Uning o‘yini hatto Angliya uchun ham haddan tashqari bo‘lib chiqqandi. Yil o‘tib Marko «Perudja»ga qaytdi va A Seriyadagi 12 goli bilan javob berdi, jamoasi esa mavsum startida hech kimni ayamay mag‘lub etardi.

Buffon, Tyuram, Kannavaro, Almeyda, Konsensayu, Amorozo, Miloshevich, Di Vayo kabilar bilan yulduzli «Parma» dastlabki 20 daqiqadayoq uch gol o‘tkazdi. «Milan»dan esa mavsumda 6 ochko olishga muvaffaq bo‘lindi. Materatssi himoyachi bo‘lsa-da, o‘sha jamoaning penaltisti va eng yaxshi to‘purari edi. Mavsum tugagach uning «Inter»ga transferi amalga oshdi.

«Inter»dagi dastlabki yillar

Materatssining o‘ziga xosligi shunda ediki, eng ilojsiz vaziyatlarda ham sovuqqonlikni saqlab qolar, hujumchining zarbasiga xalaqit berish mumkin bo‘lmagan paytlarda ham podkat bilan vaziyatni o‘z foydasiga hal qila olardi. Shuningdek, Marko standart vaziyatlarda ham o‘z jamoasi hududida, ham raqib jarima maydonida juda foydali edi.

Ammo uning riskli uslubi shunga mos sherikni taqozo qilardi. Shuning uchun ham u Italiya terma jamoasida Kannavaro yoki ayniqsa, Nesta bilan tandem bo‘lganida juda samarali bo‘lardi. Ana shunda Markoning temir oyoqlari himoya poydevorini yasashda tayanch bo‘lardi. «Inter»da esa, xuddi o‘ziga o‘xshagan Ivan Kordoba bo‘lar, shuning uchun bu ikki himoyachi sheriklikda, xuddi, tishiga pichoq qistirib, lekin o‘z kemasini tashlab kelgan qaroqchi to‘dasini yodga solib yuborishardi.

Ektor Kuper o‘rniga Manchini keldi va jamoa tarkibi yildan yilga kuchaytira borildi. Bir-ikki yil o‘tib «Inter» shu darajada kuchaydiki, Materatssining ham uncha keragi qolmagandi. Endi himoya markazida Kordobadan tashqari Sinisha Mixaylovich, Karlos Gamarra va Nikolas Burdisso bor edi, buning ustiga 2005 yilning yozida Milanga Madriddan Valter Samuel ham kelib qo‘shildi. Himoyaga bu qadar e'tibor berilishining sababi «Inter» katta o‘yinlarda kuchsiz o‘ynashi edi.

Milan derbisi asr boshlarida nafaqat shaharda yoki Italiyada, balki butun Yevropa uchun ham katta voqea bo‘lardi. 2003 yilda bu ikki klub Chempionlar Ligasi yarim finalida orani ochiq qilishdi, 2005 yilda esa, chorak finalda. O‘sha o‘yinlar «Inter»ga natija olib kelmagan bo‘lsa-da, quyidagi surat tarixda qoldi. 

Har ikki jamoa tarkibidagi yulduz futbolchilar shu qadar ko‘p ediki, asosiy tarkibga sig‘dirishning iloji bo‘lmagan. «Inter» safida Veri, Adriano, Stankovich, Kambyasso, Veron, Dzanetti, «Milan» tarkibida esa, Gattuzo, Pirlo, Zeyedorf, Kaka, Shevchenko, Krespo, Rui Koshta, Kafu...

Yozda Manchini yangidan qayta qurishni boshladi va jamoa xarakterini kuchaytirishga urg‘u bera boshladi. G‘oliblik ruhiyatini paydo qilish yo‘lida «Real»dan Figu va Solari keldi. Yuqorida aytilgan Samuel ham kelgach, Materatssi zaxira variantiga aylanib qoldi. Shundagina Marko ham o‘zgarishlar vaqti kelganini anglagandi.

«Men agentimga boshqa jamoa axtarishni aytdim. Manchini ochiq-oydin jamoada mening kelajagim yo‘qligini bildirgandi. «Milan» darhol qiziqish bildirdi, «Inter»ga sodiq bo‘lsam-da, o‘ynashim kerak edi, axir jahon chempionatini tahlikaga qo‘ya olmasdim.

Kelishuv deyarli hal bo‘lgandi, lekin terma jamoa murabbiyi Marchello Lippi bilan suhbat hammasini o‘zgartirib yubordi. U menga klubdagi holatim qanday bo‘lishidan qat'i nazar, meni mundialga olib ketishini aytdi. Men «Inter»da qoldim, u esa, va'dasida turdi», deya eslaydi u.

Materatssi rostan ham asosiy tarkibdagi o‘rnini boy bergandi. Qishga borib himoya markazida Kordoba – Samuel juftligi aniq edi. Zaxirada qolib ketgan bo‘lsa-da, Materatssi Germaniyaga, jahon chempionatiga yo‘l oldi. To‘g‘ri, u yerda ham Marko zaxira varianti bo‘lgan, asosiy himoyachilar Kannavaro va Nesta juftligidan iborat edi.

JCh-2006

Lippining eng katta xizmati shunda ediki, terma jamoadagi muhitga Kalchopoli ta'sir qilmadi. Tergov harakatlari ayni o‘sha paytlarda o‘tkazilayotgan, tarkibdagi deyarli hamma futbolchilar voqealarga aloqador edi. «Yuventus»ni quyi ligaga tushirib yuborish haqidagi qaror chiqqan kuni Germaniya bilan yarim final o‘yini edi. O‘shanda ham jamoa jips, muhit a'lo bo‘lgan.

Futbolchilar turnirni qay darajada ishtiyoq bilan o‘tkazganini Lippining mana bu so‘zlari ham ifodalab beradi: «Odatda, guruhdagi so‘nggi tur oldidan bosh murabbiy futbolchilarga vaziyatni aniq tushuntirishi va ularda ishtiyoq uyg‘otishi lozim bo‘ladi. G‘alaba nima uchun zarur ekani, durang ham qoniqtirsa-da, keyingi bosqich uchun qanday o‘ynash kerakligini tushuntirishi kerak. Diqqatni jamlanglar, bo‘shashmanglar, kabi so‘zlar bilan. Ammo bizda hammasi boshqacha edi. Kiyim almashtirish xonasiga kirib borar ekanman, futbolchilarning o‘zi g‘alaba shart ekanini bir-birlariga aytishar, hatto turnir setkasi, pley-offlarda qiyinroq raqibga tushmaslik uchun qanday natija lozimligi haqida qayg‘urayotgandilar. Bu juda yaxshi belgi edi».

Guruhdagi so‘nggi o‘yinda, Chexiyaga qarshi bahsda Nesta jarohat oldi va 17-daqiqadayoq uning o‘rniga Materatssi tushirildi. Sakkiz daqiqa o‘tib, Totti burchak zarbasini ijro etdi – hammadan baland sakragan Marko Chex darvozasini ishg‘ol qildi. Sakkiz daqiqada g‘alaba goli, guruhda birinchi o‘rin – ajoyib natija, bundan keyin asosiy tarkibdagi o‘rin kafolatlanadi. Lekin keyingi o‘yindayoq hammasi tugadi.

Avstraliyaga qarshi nimchorak final. Italiya o‘yinni nazorat qilar, birinchi bo‘limning o‘zidayoq kamida uchta gol urishi mumkin edi. Keyin esa, hakamga navbat keldi. Mark Breshiano Buffon darvozasi tomon harakatlanar, lekin bu toza yakkama-yakka holat emasdi. Zambrotta uni ta'qib qilayotgandi. Shu payt Marko raqibga nisbatan qoida buzdi. Qoida u qadar qo‘pol ravishda buzilmagan bo‘lsa-da, hakam himoyachini maydondan chetlatdi. Faqatgina so‘nggi daqiqalardagi penalti Italiyani qutqarib qolgandi.

Chorak finaldan boshlab, Italiya 4-3-3 sxemasidan 4-4-2 sxemasiga o‘tdi. Hujumda ijrochilar yetarli bo‘lsa-da. yulduz futbolchilar zaxiraga olinganda to‘g‘ri tushunishdi. Bu hatto murabbiyni ham hayron qoldirgan.

«Men Tottiga endi zaxira futbolchisi bo‘lishini aytdim. U menga, «yaxshi, janob» dedi. Hammasi katta futbolchilar edi, hech kim o‘zini o‘ylamadi, hamma jamoa uchun qayg‘urardi», – deya eslaydi Lippi. 

Materatssi diskvalifikatsiya qilingan o‘yinda Barsali himoyada o‘ynadi va Ukraina ustidan yirik g‘alabaga erishildi. Germaniyaga qarshi yarimfinalda Marko yana tarkibga qaytdi. O‘yin Dortmundga belgilangandi, bu stadionda nemislar tarixda hech qachon mag‘lub bo‘lmagan. Italiya butun o‘yin davomida o‘yin sur'atini pasaytirishga urinib, overtaymda esa, to‘rt hujumchi bilan o‘ynay boshladi. 

«Endi maydon markazida hech narsa sodir bo‘lmayotgandi. O‘yin hujumchilar va himoyachilar bahsiga aylanib ketdi. Himoyamizdan ko‘nglim to‘q edi – markazda Kannavaro va Materatssi, qanotlarda Grosso va Dzambrotta, tayanch zonasida Gattuzo», – deb o‘z qarorini tushuntiradi murabbiy.

Ikkinchi qo‘shimcha bo‘limda Italiya tarkibida bir vaqtda Totti, Del Pero, Yakinta va Jilardino bor edi va xavfli vaziyatlarni faqat Italiya yaratayotgandi. Nihoyat o‘yin oxirlaridagi ikki gol maydon egalarini mag‘lub etdi. Finalda Fransiya libosini kiyib olgan jahon terma jamoasiga qarshi o‘yin kutib turardi.

Final qahramonimiz uchun yomon boshlandi – uning qo‘polligi Italiya darvozasiga penalti bilan yakunlandi. Yettinchi daqiqadayoq Zidan fransuzlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo oradan hech qancha o‘tmay, Markoning o‘zi javob golini urdi. Patrik Viyeyra bilan havo kurashida g‘olib chiqqan himoyachi Pirloning uzatmasi yordamida hisobni tenglashtirdi. Qiziq holat, shu tariqa Marko Materatssi ikki gol bilan o‘sha Italiya terma jamoasining to‘purari bo‘lgandi. Luka Toni ham ikki gol urgan, lekin u 6 o‘yinda qatnashgan bo‘lsa, Markoning ikki goliga atigi 4 o‘yin yetarli bo‘ldi.

Italiya sal kuchliroq ko‘rinayotgandi. Bo‘lim oxirida Pirloning navbatdagi uzatmasidan so‘ng, Tonining bosh bilan zarbasi to‘singa tegdi. Ikkinchi bo‘limda Tonining goli ofsayd tufayli hisoblanmadi. Faqat bo‘lim o‘rtalarida italiyaliklar qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, Zidanni jarima maydonida yolg‘iz qoldirishdi. U boshi bilan gol urishga juda yaqin kelgandi.

109-daqiqada turnirning eng mashhur pallasi keldi. Materatssi Zidanning libosidan tortib qoldi, fransiyalik futbolchi esa Markoga qarata «agar futbolkam yoqib qolgan bo‘lsa, o‘yindan keyin senga beraman», – dedi. Materatssi shu payt nimadir-nimadir dedi. Zidan avval xotirjamlik bilan orqaga qaytayotgandi, lekin birdaniga qarorini o‘zgartirdi.

Materatssi o‘sha zarbani pop-xitga aylantirib yubordi. Tok-shoulardan qatnashdi, kitob yozdi. Parijda Zidan va Materatssining o‘sha holatiga xaykal qo‘yishdi. Keyin esa, to 2017 yilda bor haqiqatni oshkor qilguncha, Zidanga aytilishi mumkin bo‘lgan 250 variant haqida yozdi. Ammo o‘sha o‘yindan keyingi ilk talqin hammasini tasdiqlardi – bu xuddi o‘sha Nestaga aytilgan mantiqsiz e'tiroz kabi Materatssiga xos: «Men Zidanning singlisini haqorat qilmadim. Uning bemor ekanini ham bilmagandim».

Materatssi finaldagi penaltilar seriyasida ham imkoniyatidan foydalandi. O‘yindan keyin Jahon kubogiga Italiya bayrog‘idan tikilgan qalpoqni kiydirib ham qo‘ydi. Undan-da ziddiyatliroq shaxsni futbolda topish mushkul.

O‘n yil o‘tib, u o‘sha final oqshomida ahmoqlik qilganini tan oladi, ammo shu bilan birga, Zidanning javobi ham to‘g‘ri bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi – «ha, men ahmoqona gap aytgandim, lekin maydonda bundan ham badtar haqoratlar yangraydi».

So‘nggi yillar

Jahon chempionatidan keyingi mavsumda Materatssi yana asosiy tarkibga qaytdi va Samuel bilan birga himoya markazini tashkil qildi. Bir mavsumda u 10ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Inter»ning penaltisti Zlatan Ibrahimovich edi, Marko esa, har qanday standart vaziyatni xavfga aylantira olardi.

Mourino kelgach, Marko maydonga kam tusha boshladi, lekin jamoa ichidagi o‘rni baribir kattaligicha qolgandi. Futbolchi Joze bilan tanishuvini ham o‘ziga xos tarzda hikoya qilib berishni yoqtiradi: «Unda mening raqamim yo‘q edi, zero jamoadagi asosiy yulduzlardan emasdim. Lekin yo‘lini topib, menga qo‘ng‘iroq qildi va birga ishlashni sabrsizlik bilan kutayotganini aytdi. Joze insonlar bilan iliq munosabat o‘rnatishda benazir edi».

Joze Mourino mag‘lubiyatga uchrashni bilmaydigan futbolchilarni yaxshi ko‘rardi. Marko ham mos shaklda javob berdi – «Joze uchun o‘lishga ham tayyorman».

«Inter»ning shonli mavsumida Materatssi deyarli o‘ynamagan. Lekin jamoada shu qadar o‘rin tutardiki, finalda bir necha daqiqa maydonga ham tushirishgandi. Keyinchalik, Mourinoning tanaffusdagi ko‘rsatmalarini ham oshkor qilgan.

«Haddan tashqari yaxshi o‘ynab yuboryapsizlar. Himoyaga e'tibor beringlar, xotirjamroq harakat qilinglar. Shunda qarshi hujumda ularni jazolashimiz mumkin», – degan ekan portugaliyalik mutaxassis.

Materatssi Jozedan keyingi murabbiylar bilan chiqishmadi. Benites ham, Leonardo ham Markoning kerakli fazilatlaridan foydalana olishmadi. Qizig‘i, ikkala holatda ham ziddiyatlar rasm tufayli yuzaga kelgan. Benites mashg‘ulot bazasidan Materatssi va Mourinoning birgalikda tushgan rasmini oldirtirib tashlagan bo‘lsa, Leonardo Markoga sovrinlar bilan birga rasmga tushishga ruxsat bermadi.

Keyinchalik Materatssi Benitesni «Formula 1» avtomashinasini minib olgan qo‘rqoq politsiyachiga o‘xshatgan va o‘z soyasidan ham qo‘rqadigan murabbiy sifatida gavdalantirgan. Leonardoni esa sotqinlikda aybladi. Balki shuning uchun jamoa o‘yini birdaniga pasayib bordi. Materatssi kabi futbolchilar bilan o‘ziga xos tarzda munosabat o‘rnatish lozim edi.  

Top