14:37 / 19.04.2020
14932

Navoiydagi ikki bozor mansabdorlariga oziq-ovqat zaxirasi uchun ajratilgan pulni o‘zlashtirgani uchun jinoiy ish ochildi – Bosh prokuratura

Koronavirusga qarshi shtabda bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov karantin chog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan narx-navo nazorati bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Departament tomonidan narx-navo bilan bog‘liq kelib tushgan murojaatlar zudlik bilan alohida hollarda esa 2 kunlik muddatda joyiga chiqib o‘rganish tartibi joriy etilgan. Natijada, kelib tushgan murojaatlarning 819tasi yoki 98 foizi ko‘rib chiqilishi ta'minlandi.

256ta murojaat bo‘yicha narxlar oshishiga sabab bo‘layotgan omillar o‘rganilib 103ta holatda iste'mol bozorini arzon mahsulotlar bilan to‘ldirish, 71ta holatda mahallalarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etish, narxlarni asossiz oshirgan 28 nafar huquqbuzarning esa ma'muriy javobgarlik ishlari yuritilishi ta'minlandi.

Afsuski, tekshiruvlar natijasiga ko‘ra murojaatlarning 563tasi yoki 67,5 foizi o‘z tasdig‘ini topmagan. Bu esa har bir xodim va uning vaqti hisobda turgan bir sharoitda kuch va vositalardan besamar foydalanishga sabab bo‘layotganini aytish o‘rinli deb hisoblaymiz», deydi u.

Ma'lum qilinishicha, narxlarni asossiz ravishda oshirish va manipulyatsiya qilishga harakat qilgan shaxslarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rilmoqda.

«Xususan, ayrim dehqon bozorlari mansabdor shaxslari zaxira yaratish va hamyonbop narxlarni shakllantirish bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmasdan, mansab vakolatidan g‘arazli va past niyatlarda foydalanib, noqonuniy ravishda boylik orttirishga harakat qilgani aniqlanib, ularga nisbatan keskin choralar ko‘rildi.

Masalan, Navoiy shahridagi «Saxovat dehqon bozori» va «Elga Xizmat» MChJ mansabdor shaxslari 2019-2020 yil qish-bahor mavsumida aholi ehtiyoji uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratish uchun ajratilgan pullardan 448,4 mln so‘mini naqdlashtirib, zaxira yaratmasdan o‘zlashtirganliklari aniqlangan. Bu dehqon bozori mansabdor shaxslari markazlashtirilgan tartibda sotilayotgan import kartoshkadan 77,2 tonnasini yollanma xaridorlar orqali arzon narxlarda, ya'ni 2700-3500 so‘mdan sotib olishib, nazorat qilinmaydigan foyda olishni ko‘zlab, 4500-5000 so‘mdan qimmat narxlarda qayta sotishga uringan paytda jinoyat ustiga qo‘lga olingan. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular tergov oldida javob bermoqda.

Samarqand shahar «Siyob dehqon bozori»ga qarashli Ko‘tara bozor filiali hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida fuqaro Mahmudov davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, qariyb 7 tonna kartoshka mahsulotini bozorda qimmat narxda (4 500 so‘mdan) sotish va narxlarni manipulyatsiya qilishga uringani aniqlanib, unga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi hamda mahsulotlar musodara qilinib, yarmarkalar orqali aholiga arzon narxda sotilishi ta'minlandi.

Tovar xomashyo birjasidagi savdolar ham qat'iy nazorat ostida bo‘lib, «Kogondonmahsulotlari» korxonasi tomonidan savdoga qo‘yilgan un mahsulotlari 2400-2500 so‘mdan sotilayotgan bir vaqtda Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan ayrim brokerlar buyurtmachisiz harakatlanib, narxlarni manipulyatsiya qilish maqsadida unning narxini 2800 so‘mgacha oshirganlik holati aniqlandi.

Narxlarni asossiz oshirish, ajiotaj talabni vujudga keltirish va karantin talablarini buzishga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlarda 1095ta holatda jami 2,33 mlrd so‘mlik mahsulotni qimmat sotish aniqlandi.

Xususan, huquqbuzarliklarning 313tasi kartoshkani, 25tasi sabzi, 49tasi piyoz, 27tasi un, 42tasi yog‘, 34tasi go‘sht va 364tasi boshqa mahsulotlarni qimmat sotish bilan bog‘liq holatlar bo‘lib, har bir huquqbuzarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rildi», dedi Bosh prokuratura vakili.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top