12:50 / 19.04.2020
67400
Nobel mukofoti sohibi koronavirus laboratoriya sharoitida yaratilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi

2008 yilda tibbiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan fransuz shifokori Lyuk Montane koronavirusning yangi turi Xitoyning Uhan shahridagi laboratoriyada «ishlab chiqarilgan» degan fikrda.

Olim «Pourquoi docteur» internet saytiga bergan intervyusida Covid-19’ning hayvon bozoridan tarqalganiga ishonmasligini ma'lum qildi. 

Lyuk Montane / STEPHANE DE SAKUTIN / AFP

«Covid-19 Uhandagi laboratoriyadan ishlab chiqarilgan. Men bu masalani sinchiklab tekshirdim. Ushbu laboratoriya 2000-yillarda koronavirusga ixtisoslashgan. Ehtimol, tadqiqotchilar OITSga qarshi vaksinani topmoqchi bo‘lishgandir. Ushbu virus tabiiy ravishda yuzaga kelmagan, bu professional ish. Mening vazifam – faktlarni taqdim etish, hech kimni ayblamayman, buni kim va nima uchun amalga oshirganini bilmayman», degan Montane.

Montane fransiyalik matematik Jan-Klod Perezning ilmiy tadqiqot natijalaridagi virus tuzilishiga tayangan holda shunday fikr bildirgan.

Bundan avvalroq virus AQSh Sog‘liqni saqlash institutlari tomonidan moliyalashtirilgan eksperimentlardan so‘ng paydo bo‘lgani iddao qilingandi.

Amerikaning CNN telekanali xabariga ko‘ra, AQSh razvedkasi koronavirusning Uhandagi virusologiya laboratoriyasida ishlab chiqarilgani haqidagi ayblovlarni tekshirmoqda.

Yaqinda Britaniyaning Daily Mail gazetasi, epidemiya vujudga kelgan deb taxmin qilinayotgan laboratoriyada olimlar epidemiyaning manbayi, deb hisoblagan bir g‘orda ko‘rshapalaklar ustida tadqiqot o‘tkazganini yozgandi. Olingan hujjatlardan ma'lum bo‘ldiki, Uhan virusologiya instituti Yunnan provinsiyasidan 1600 kilometr uzoqlikda joylashgan g‘orlarda sutemizuvchilar ustida tajriba o‘tkazgan. Tajribalar esa AQSh hukumati tomonidan 3,7 million AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘i ko‘magida amalga oshirilgan.

Gazetada o‘tgan hafta ushbu ma'lumotlar e'lon qilingach, epidemiya mazkur institutdan sizgan virus orqali kelib chiqqani haqidagi xavotirlar paydo bo‘ldi.

Uzoq vaqtdan beri fitna nazariyalarining mavzusi bo‘lib kelgan ushbu da'vo Washington Post gazetasi tomonidan e'lon qilingan ma'lumot bilan yana kun tartibiga chiqdi. Gazeta Uhan virusologiya instituti laboratoriyasiga tashrif buyurgan elchixonaning ikki xodimi 2018 yil yanvar oyida tashqi ishlar vazirligini laboratoriyaning xavfsizlik choralari yaxshi emasligi va bu yerda olib borilgan ishlar SARS (o‘tkir nafas olish sindromi) tarqalishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ta'kidlanishicha, AQShning texnologik va moliyaviy ko‘magi bilan tashkil etilgan laboratoriya saytidan amerikalik rasmiylarning tashrifi haqidagi yangilik olib tashlangan. Aytish joizki, ushbu laboratoriya epidemiyaning boshlang‘ich nuqtasi deb bilingan yovvoyi hayvonlar bozoridan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan.

CNN Amerika rasmiylari ushbu virus biologik qurol sifatida ishlab chiqilganiga ishonmasligini ma'lum qildi. Ammo Covid-19’ning laboratoriyadan tasodifan tarqagani yoki u yerda ishlaydigan biron odam kasallikni boshqalarga yuqtirgan bo‘lishi mumkinligi tekshirilmoqda.

Foto: EPA

16 aprel kuni AQSh Bosh shtabi boshlig‘i general Mark Milleydan ushbu ayblovlar yuzasidan fikr so‘raldi. General «Razvedka ushbu da'volarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqani, virusning tabiiy ravishda yuzaga kelganiga oid jiddiy dalillar mavjudligiga qaramay, hamon uzil-kesil xulosaga kelinmagani» haqida aytdi. 

CNN virusning Uhandagi laboratoriyadan kelib chiqqani haqidagi nazariya Tramp tarafdorlari va Kongressdagi respublikachilar tomonidan kun tartibida ushlab turilganini ta'kidladi.

Daily Mail esa AQShning yordami bilan tajriba o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan Uhan laboratoriyasi loyiha doirasida ko‘rshapalaklar ustida tajriba o‘tkazganini ma'lum qildi.

Tadqiqot natijalari 2017 yil noyabr oyida «SARS bilan bog‘liq bo‘lgan koronaviruslarning boy genofondini kashf qilish SARS koronavirusining kelib chiqishi to‘g‘risida yangi tushunchalarni ochib beradi» nomi ostida nashr etilgan.

Tadqiqotda quyidagicha xulosa qilinadi: «Yunnan provinsiyasidagi bir g‘orda topilgan ko‘rshapalaklar laboratoriya tajribalari uchun namuna sifatida olindi. Barcha namuna olish protseduralari Uhan Virusologiya institutining hayvonlar etikasi qo‘mitasining roziligi bilan veterinarlar tomonidan amalga oshirildi.

Ko‘rshapalak namunalari 2011 yil apreldan 2015 yil oktyabrigacha Xitoyning Yunnan provinsiyasi Kunming shahrida birgina joyda (g‘orda) tabiiy sharoitlarda har xil fasllarda o‘n marta o‘tkazildi. Ko‘rshapalaklar tuzoqqa tushirildi va axlat pufakchalari namunalari yig‘ildi».

Ma'lumot o‘rnida shuni ham aytish joizki, o‘tgan hafta Uhandagi Jinyintan kasalxonasi shifokori Sao Binning ochiqlamasidan so‘ng, hayvonlar bozori nazariyasiga shubha bilan qaray boshlandi. Uning bayonotga ko‘ra, infeksiya tashxisi qo‘yilgan dastlabki 41 bemorning 13 nafari bozor bilan hech qanday aloqada bo‘lmagan.

«Hayvonlar bozori virusning yagona manbayi emasligi aniq», degan doktor Bin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top