16:15 / 19.04.2020
25393

O‘zbekistonda yana 20 bemor sog‘aydi. Tuzalganlarning jami soni 214 nafarga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoroda 10 nafar, Toshkent shahrida 10 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayib, shu vaqtgacha tuzalganlarning jami soni 214 nafarga yetgani haqida ma'lum qildi.

«Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan xavotirli vaziyatda odamlarni quvontiradigan, bemorlarga ishonch baxsh etadigan xayrli xabarlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bunda fidoyi tibbiyot xodimlarining mardonavor sa'y-harakati muhim o‘rin tutmoqda.

Buning zamirida esa yurtimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangandan to hozirgi kungacha fidoyilik bilan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining alohida o‘rni bor.

Bugun Buxoro viloyati ixtisoslashgan tibbiyot muassasasidan 10 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Shifo topganlarning barchasi joriy yil 25 mart kuni charter reys bilan Rossiyadan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan. Sog‘ayganlarning 9 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ularning 3 nafari Samarqand viloyatidan, 2 nafari Qashqadaryo viloyatidan, Toshkent shahri, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yoshda.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 47 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 57 nafarga yetdi», deyiladi xabarda.

Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ham navbatdagi 10 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan.

Tuzalganlarning 6 nafari Toshkentdan, 3 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Qashqadaryo viloyatidan. Ulardan 7 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, yuqtirib olishgan. Shuningdek, ularning 2 nafari Rossiyadan kelgan va «Sokol» oromgohida karantinga olingan, yana 1 nafari esa Moskva – Toshkent yo‘nalishida charter reysi orqali kelgach, Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markaziga joylashtirilgan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanishni boshlashgan. Bemorlarning 6 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 61 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 13 yoshda.

«So‘nggi tekshiruv natijalari ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Mazkur klinikada shu paytga qadar 17 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 27 nafarga yetdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

19 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 1495taga yetgan. Ayni paytga qadar koronavirus infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 214 nafari to‘liq sog‘aydi, 5 kishi vafot etdi, 1276 bemor mazkur xastalikdan davolanishda davom etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top